Jahon | 19:27 / 01.09.2023
9050
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Erdo‘g‘an 4 sentabr kuni Sochida uchrashadi

Muzokaralarning asosiy mavzusi g‘alla kelishuvini tiklash masalasi bo‘lishi kutilmoqda.

4 sentabr kuni Sochida RF va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokaralar o‘tkaziladi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Avvalroq Bloomberg turklar prezidenti Rossiyada Putin bilan uchrashishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarning asosiy mavzularidan biri g‘alla kelishuvini tiklash masalasi bo‘lishi kerak. 

Erdo‘g‘an kelishuvni «kengaytirilgan» formatda qayta tiklashga ko‘maklashish niyatida ekanini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb mamlakatlari kelishuvni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik bitimlari asosiga aylantirishga yordam berishi lozim.

RF hukumati g‘alla kelishuvidan 17 iyul kuni chiqqan, bunga kelishuvning Rossiyadan o‘g‘it eksportini osonlashtirish bo‘yicha qismi bajarilmayotganini sabab qilib keltirgandi. Shundan so‘ng Rossiya qo‘shinlari Ukraina janubini o‘qqa tutib, g‘alla kelishuvida foydalanilgan port infratuzilmalarini yo‘q qilishga kirishgandi.

Mavzuga oid