Jahon | 09:02 / 17.08.2023
6023
3 daqiqa o‘qiladi

Havayida yong‘in qurbonlari soni ortib bormoqda, Bayden Mauiga tashrif buyuradi

Maui orolidagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lgan 110 kishining jasadi topildi. Rasmiylar halok bo‘lganlarning yakuniy soni ikki baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Foto: Kevin Lamarque/Reuters

AQShning Havayi shtatidagi Maui orolida sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari qurbonlari soni 110 kishiga yetdi, deb xabar berdi gubernator Josh Grin 16 avgust, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Yakuniy qurbonlar soni ikki baravar ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki yuzlab odamlar hanuzgacha bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turibdi, dedi Grin. Maxsus o‘qitilgan itlarga ega qidiruv guruhlari hozirgacha tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududning 38 foizini o‘rganib chiqdi. Qidiruv ishlariga jalb etilgan itlar soni ikki barobarga, 40 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bayden va uning rafiqasi 21 avgust kuni Havayiga tashrif buyuradi

Oq uy bayonotida aytilishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden va uning rafiqasi 21 avgust kuni Mauiga favqulodda xizmatlar xodimlari, jarohatlanganlar, shuningdek, federal, shtat va mahalliy rasmiylar bilan uchrashish uchun boradi.

«Men Havayi aholisini ushbu tabiiy ofatdan so‘ng tiklanish uchun zarur bo‘lgan hamma narsa bilan ta’minlashga sodiqman», deb yozdi Bayden X mikrobloglar servisida (sobiq Twitter).

AQShda 100 yil ichidagi eng halokatli yong‘in

Maui orolida 9 avgust kuni sodir bo‘lgan yong‘in AQShda o‘tgan yuz yil ichidagi eng halokatli yong‘in deb atalyapti. Tabiiy ofat tarixiy Laxayna shahrini vayron qildi: 2200 ta inshoot, asosan turar joy binolari butunlay yonib ketgan yoki jiddiy zararlangan, 850 gektar yer yonib kul bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish federal agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, Laxaynani qayta tiklash 5,5 milliard dollarga tushadi. 

AQSh rasmiylari Mauidagi o‘rmon yong‘inlarining halokatli oqibatlariga aloqa tizimidagi uzilishlar va tezligi soatiga 130 kmgacha bo‘lgan bo‘ronli shamol kabi omillar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin deb hisoblayapti.

Mavzuga oid