10 kun ichida deyarli 1,5 tonna sifatsiz go‘shtning Toshkentga olib kirilishi to‘xtatib qolindi
Xususan, 10 avgust kuni veterinariya hujjatlari bo‘lmagan 1,1 tonna noma’lum hayvon go‘shti poytaxtga olib kirilayotgani aniqlangan.

Foto: Toshkent shahar IIBB
Avgust oyining 10 kuni davomida Toshkentga 1 497 kg sifatsiz go‘sht mahsulotlari olib kirilishining oldi olindi.
Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, bu boradagi tadbirlarni boshqarmaning Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi va Sanitariya-epidemiologiya xizmati birgalikda olib borgan.
“Misol uchun, joriy yilning 10 avgust kuni Chilonzor tumani TXAY bo‘ylab o‘tkazilgan tungi tadbir paytida Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan 28 yoshli Qodirjon X. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatildi. Tekshiruv jarayonida veterinariya hujjatlariga ega bo‘lmagan, maydalangan va muzlatilgan holdagi jami 1 111 kg noma’lum hayvon go‘shti olib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Go‘sht mahsulotlari laboratoriyaga tekshirish uchun yuborildi”, – deyiladi xabarda.