O‘zbekiston | 18:02 / 04.07.2023
18241
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”, UzGasTrade va “Issiqlik elektr stansiyalari” rahbarlari tayinlandi

“O‘zbekneftgaz” AJ raisi Bahodirjon Siddiqov va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi Bahodir Jo‘rayev “vazifasini bajaruvchi” qo‘shimchalaridan xalos bo‘ldi. Sardor Isaqulov “Issiqlik elektr stansiyalari” raisining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. UzGasTrade raisi lavozimiga Alisher A’zamov tayinlandi.

Bahodirjon Siddiqov / Foto: Energetika vazirligi

O‘zbekiston Energetika vazirligi sohadagi yirik davlat kompaniyalarida amalga oshirilgan tayinlovlar haqida ma’lum qildi.

Siddiqov Bahodirjon Bahromovich “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. U shu yil mart oyidan buyon “O‘zbekneftgaz” raisi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgandi.

Bahromov 2017-2018 yillarda mazkur kompaniyada rais o‘rinbosari, 2019 fevralidan 2020 yil yanvarigacha kompaniya raisi sifatida faoliyat yuritgan. “O‘zbekneftgaz”ga qaytishidan oldin Olmalik kon-metallurgiya kombinati Yoshlik konini o‘zlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bahodir Jo‘rayev / Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Jo‘rayev Bahodir Ibrohimovich “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi.

U tayinlovga qadar kompaniya boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, kompaniyaning avvalgi rahbari Farhod Abdurahmonov qishdagi energiya inqirozi fonida, prezident o‘tkazgan yig‘ilishda bir necha boshqa mas’ullar qatorida ishdan olingan edi.

Sardor Isaqulov / Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Isaqulov Sardor Dadajonovich “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

U bungacha Energetika vazirligining Markaziy dispetcherlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Alisher A’zamov / Foto: Energetika vazirligi

O‘tgan yili tashkil etilgan yangi korxona – “UzGasTrade” AJga ham rahbar tayinlandi. Bu lavozimni A’zamov Alisher Tohirovich egalladi.

U bungacha “UzGasTrade” AJ Tabiiy gazni xarid qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, UzGasTrade O‘zbekistonda tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaradi.

Jumladan, kompaniya:

  • tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qiladi;
  • “Hududgazta’minot” AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotadi;
  • prezident qarorlarida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari yagona eksport qiluvchi funksiyalarini bajaradi.
Mo‘min Ibodov / Foto: “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati

4 iyul kuni, shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ bergan rasmiy xabarga ko‘ra, kompaniya matbuot xizmatiga yangi rahbar ham tayinlangan.

Ibodov Mo‘min Mamurjonovich boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Tayinlovga qadar Ibodov Prezident administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida axborot siyosati masalalari bo‘yicha faoliyat olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz”ning bundan avvalgi matbuot kotibi Siyovush Hoshimovga nisbatan «Kompromatuzb ishi» doirasida Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi bilan ayblov e’lon qilingan. Ish bo‘yicha sud jarayonlari boshlanish arafasida.

Mavzuga oid