Jahon | 11:03 / 12.06.2023
5476
2 daqiqa o‘qiladi

Ruminiya Keniyadagi elchisini afrikaliklar haqidagi gapi uchun chaqirib olyapti

Ruminiya hukumati Keniyadagi elchisining afrikaliklar haqidagi bayonoti uchun uzr so‘radi va diplomatni chaqirib olish jarayonini boshlaganini ma’lum qildi.

Nayrobidagi BMT konferensiya zali. Foto: SCANPIX / EPA / DANIEL IRUNGU

Ruminiya Keniyadagi elchisi Dragosh Tigauni chaqirib olayotganini e’lon qildi va diplomat irqchilik kayfiyatidagi gaplari uchun ayblanganidan keyin uzr so‘radi. 26 aprel kuni Nayrobidagi BMT binosida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish chog‘ida Tigau derazadan tashqarida maymunni ko‘rib: “Afrikalik guruh bizga qo‘shildi”, deb aytdi, deya yozadi AFP axborot agentligi.

Hodisa haqida Keniya Tashqi ishlar vazirligi vakili Kamau Macharia ma’lum qildi. 8 iyun kuni u Ruminiya elchisining bayonotidan hayratda ekani va g‘azablangani to‘g‘risida Twitter'da yozdi. Keniya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysiga ko‘ra, Tigauning xatti-harakatlarini yashirishga urinishgan.

Ruminiya rasmiylari voqeaga faqat 10 iyun, shanba kuni munosabat bildirishdi va bu haqda yaqinda xabar topilganini aytishdi. “Biz bu vaziyatdan chuqur afsusdamiz va jabrlanganlarning barchasidan uzr so‘raymiz”, — deyiladi Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Ular irqchilik xarakteridagi har qanday xatti-harakatlar yoki izohlar "mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas"ligini ta’kidladi. TIV qo‘shimcha qilishicha, voqeadan so‘ng Tigau uzr so‘ragan, jumladan yozma ravishda.

Mavzuga oid