Jahon | 11:30 / 08.06.2023
40531
17 daqiqa o‘qiladi

Kaxovka GESda o‘zi nima bo‘ldi? Va bularning barchasi qanday oqibatlarga olib keladi?

6 iyun kuni ertalab Xerson oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan qismidagi Kaxovka GESning to‘g‘oni vayron bo‘ldi. Natijada suv Dnipro daryosiga nazoratsiz ravishda oqib chiqa boshladi. Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, to‘g‘onni Rossiya harbiylari portlatgan. Moskva esa to‘g‘on «Ukraina qurolli tuzilmalarining jinoiy harakatlari natijasida» yo‘q qilinganini aytgan. Shu bilan birga, ochiq ma’lumotlarni o‘rganuvchi tahlilchilar to‘g‘on suv omboridagi «misli ko‘rilmagan darajadagi yuqori» suv sathi tufayli ham o‘z-o‘zidan qulashi mumkin bo‘lganini qayd etishgan.

Foto: Getty Images

«Meduza» nashri ushbu versiyalar, shuningdek, sodir bo‘lgan voqeaning ehtimoliy oqibatlarini geograf, Shveytsariyaning Zoi Environment Network ekologik notijorat tashkiloti asoschilaridan biri Nikolay Denisov bilan muhokama qildi. Denisov harbiy mojarolar va tabiat muammolari o‘rtasidagi bog‘liqliklarni o‘rganadi. U 2014 yildan beri Donbassdagi harbiy harakatlarning ekologik oqibatlarini tahlil qiladi va Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshidan buyon uning Ukraina ekologiyasiga halokatli ta’sirini baholaydi.

— 6 iyun kuni ertalab Rossiyaning TASS axborot agentligi Kaxovka GESdagi 28 to‘g‘on bo‘lagidan 11 tasi vayron bo‘lganini ma’lum qildi. «Ukrgidroenergo»ning xabar berishicha, Kaxovka GES «mashina zali portlashi natijasida ichkaridan butunlay vayron bo‘lgan». GES va to‘g‘on bilan hozir nima bo‘lganini tushunish mumkinmi? U qandaydir tarzda bo‘lsa ham suvni ushlab tura oladimi?

— Agar «Ukrgidroenergo» yozganidek, mashina zalida portlash sodir bo‘lgan bo‘lsa, demak GES vayron bo‘lgan. Savol — qay darajada. Suv omborining qancha «ishlab turishi» ya’ni u yerda qancha suv qolishi aynan shunga bog‘liq. Ammo har qanday holatda ham, katta ehtimol bilan, omborda unchalik ko‘p suv qolmagan.

To‘g‘onning qolgan (potensial saqlanib qolgan) qismi suvni ushlab turishga yordam berishi suvning oqib chiqish tezligiga bog‘liq. Tabiiyki, agar butun front buzilgan bo‘lsa, unda suv tezroq oqadi, agar uning bir qismi vayron bo‘lgan bo‘lsa, sekinroq. Biroq baribir suv oqib chiqadi, chunki u yerda biror chora ko‘rishning iloji yo‘q. Ya’ni, suv sathi suvni ushlab qolishi mumkin bo‘lgan tabiiy daryo tubi yoki to‘g‘on qoldiqlari darajasiga tushmaguncha suv oqib chiqaveradi.

Hozir men ko‘rmoqdamanki, (suvning oqib chiqish) tezligi soatiga 15-16 santimetrni tashkil etyapti, bu umuman olganda yetarlicha tez. Ya’ni, ikki-to‘rt kun ichida, kutilganidek, suv omboridagi suv sathi Dnipro daryosining tubi darajasiga tushadi va keyin suv oqib chiqish to‘xtaydi.

— Yaqin kunlarda nima sodir bo‘ladi? Suv oqib chiqishi siz aytgan tezlikda davom etadimi? Bu ancha yuqori tezlikmi?

— Ha, ancha yuqori. Ammo shuni ham hisobga olish kerakki, suv omborida juda ko‘p suv bo‘lgan, chunki hozir suv toshqini — uning ikkinchi to‘lqini Kaxovka suv omboriga yetib keldi. Suv haqiqatan ham juda ko‘p bo‘lgan va shubhasiz, u pastga oqadi.

Suv oqishi ombordagi hamma suv oqib chiqquncha shu tezlikda davom etadi. «Ukrgidroenergo»ning bunday «vilka» (ikki-to‘rt kun) berishi, hatto ular ham vaziyat qanday rivojlanishini aniq bilmasligidan dalolat beradi.

— Siz suv toshqiniga qarab sabab omborda suv ko‘p bo‘lgan dedingiz, ya’ni bu yerda hammasi tabiiy sabablarga bog‘liqmi? Yoki Kaxovka GESga texnik xizmat ko‘rsatish va suvning kerakli tezlikda chiqarilmagani hajmga ta’sir qilganmi?

— Aytish qiyin. Qolaversa, Kaxovka suv ombori Dnipro kaskadidagi bir nechta suv omborlarining oxirgisi ekanini hisobga olish kerak. Ularning barchasi bir tizim sifatida ishlaydi va bir-biriga bog‘liq. Bu bir tomondan. Boshqa tomondan, ha, mening o‘ylashimcha, «Ukrgidroenergo» GESni birmuncha vaqt nazorat qilmadi va u yerda ish qanday ketayotgani ham aniq emas.

Biroz vaqt oldin vaziyat aksincha edi. Nima uchun ruslar suv omboridagi suv sathini oshirishni boshlagani noma’lum. Men bu halokat qanchalik ko‘p miqdordagi suvning oqibati ekani va ular qayerdadir nimanidir xato qilganini ayta olmayman. Menimcha, bularning bari ko‘proq tabiiy holat.

— Bunday vayronagarchilik tashqi ta’sirsiz (portlash yoki raketa hujumisiz) sodir bo‘lishi mumkinmi? Yoki shunchaki to‘g‘on shundoq ham yuqori bosim ostida bo‘lgani va okkupatsiyadan so‘ng ruslar omborni yomon saqlagani uchun halokat ko‘lami katta bo‘ldimi?

— Menga aytishlaricha, to‘g‘onlar, xususan, Dnipro to‘g‘onlari mustahkamlik zaxirasi bilan ishlab chiqilgan va shunchaki qulab tushmaydi. Aytishlaricha, hatto raketa hujumi ham to‘g‘onga teshik hosil qiladigan va u yerdan suv oqib chiqadigan darajada zarar yetkaza olmaydi.

Nihoyat, «Ukrgidroenergo»ning mashina zalidagi portlash versiyasiga ishonmaslik uchun menda hech qanday asos yo‘q. Men harbiy emasman, lekin mening o‘ylashimcha, bu ruslar tomonidan Ukraina qo‘shinlarining oldinga siljishini to‘xtatishga urinish bo‘lgan.

— Qaysi hududlarni suv bosishi mumkinligi bo‘yicha allaqachon bir necha taxminlar bor. Suv sathi qanchalik baland ko‘tarilishi va qancha vaqt bu balandlikni ushlab turishini taxmin qilish mumkinmi?

— Mualliflari bunday vaziyatni modellashtirishga harakat qilgan bir nechta tadqiqot mavjud. Shubhasiz, hukumatning favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z rejalari bor va ular yopiq. Ammo vaziyat reallikda qanday rivojlanishini aniq tasvirlash qiyin.

Hozir birinchi navbatda daryoning o‘zi va unda joylashgan orollar zarar ko‘rishini aytish mumkin. Shuningdek, shundoqqina to‘g‘on yonidan (daryo bo‘ylab) boshlanuvchi Nijnedniprovsk milliy bog‘i va chap, nisbatan past qirg‘oq ham suv to‘lqini ostida qoladi. Balandroqda joylashgan o‘ng qirg‘oqni ham suv bosadi, lekin faqatgina daryoga yaqin joylarni. Chap qirg‘oqda esa suv uzoqqa boradi.

Suv sathi balandligiga kelsak, eng cho‘qqiga chiqqan pallada u ehtimol bir metrgacha yetishi mumkin, biroq aynan qancha bo‘lishi vaziyatga bog‘liq. Aslida, buni modellashtirish juda qiyin va bu bosqichda, afsuski, nima bo‘lishini shunchaki kuzatish kerak. Suv oqib chiqishi qanchalik sekin bo‘lsa, to‘lqin shunchalik kam bo‘ladi, ya’ni suv sathining balandligi cho‘qqisi pastroq bo‘ladi. Va oqib chiqish maydoni qanchalik katta bo‘lsa, suv bosish sathi shunchalik past bo‘ladi. Suv bosgan joylarda uning hajmi aholiga kam ko‘rinmasligi aniq. Nova Kaxovkada hayvonot bog‘ini allaqachon suv bosgan va ko‘plab hayvonlar nobud bo‘lgan.

Ba’zi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra (ularning barchasi turli ssenariylarni ko‘rib chiqadi), to‘lqin hatto ko‘tarilishi mumkin, masalan, Ingulets irmog‘i bo‘ylab. Suv allaqachon u yerga yetib borgan va hozir suv yana oldinga oqadimi, yo‘qmi kuzatish lozim. Janubiy Bug borasida ham xuddi shunday baholar bor edi — hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lqin Mikolayivgacha yetib borishi mumkin. Bu qanchalik real ekanini aytish qiyin, ammo hisob-kitoblar mavjud.

— Dniproning quyi oqimidagi suv sathi qancha vaqt davomida yuqori darajada qoladi? Evakuatsiya qilinganlar uzoq vaqt o‘z uylariga qaytib kelolmaydimi? Va umuman ular qayta oladimi?

— Suv sathi, albatta, tushadi, bu hudud va suvning ketishiga qarab bir necha kundan haftalargacha davom etadi. Yana bir narsa shuki, vayronagarchilik katta bo‘ladi — elektr tarmoqlari, uylar, tomorqalar zarar ko‘radi. Suv yo‘llarni yuvib tashlaydi, harakatlanish qiyin bo‘lgan loygarchilik hosil qiladi va nimanidir ta’mirlash qiyin bo‘ladi. Ya’ni, odamlar qaytishi mumkin, lekin nimaga? Asosiy savol shuki, normal infratuzilmani qayta tiklash uchun qancha vaqt ketadi va u qanday sharoitlarda amalga oshiriladi. Axir, bu yer front chizig‘i va u qanday o‘zgarishini hech kim bilmaydi.

—Kaxovka suv omboriga nima bo‘ladi? «Ukrgidroenergo» ma’lumotlariga ko‘ra, ikki-to‘rt kundan keyin barcha to‘plangan suv oqib ketadi va faqat Dniproning tabiiy tubi qoladi. Bu nimani anglatadi va vayronagarchilik (aniqrog‘i, suv kamayishi) qanday oqibatlarga olib keladi?

— U yerda muammolar, vayronagarchiliklar va suv kamayishi bo‘ladi. Suv ombori o‘zi nima? Bu sun’iy ko‘l. Ya’ni, daryo bor edi, unga to‘g‘on qurildi, natijada ko‘l paydo bo‘ldi va bir necha o‘n yillar davomida butunlay yangi ekologik tizim shakllandi. U yerda o‘simliklar, baliqlar boshqacha, suv boshqacha oqadi — bu butunlay boshqa tizim, daryodagi kabi emas. Va hozir bu ko‘l amalda quritildi va ko‘l bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsa yo‘qoldi.

U yerda yashovchi baliqlarning ba’zilari, ehtimol, daryo o‘zaniga tushib ketgan, ammo qayerdadir ular bunga ulgurmagan va ularda yashash uchun joy bo‘lmaydi. Barcha ko‘l biotsenozlari suvsiz qoldi. Ehtimol, nimadir omon qolar, lekin ko‘p emas, chunki barcha organizmlar suv omborining suvga to‘la holatiga moslashgan.

Aslida vaziyat biroz ziddiyatli. Ekologlar orasida suv omborlari borasida turli qarashlar mavjud. Suv omborlari yomon deb hisoblaydigan yetarlicha katta maktab bor, ularning fikricha, to‘g‘onlarni buzish va daryo rejimini qayta tiklash kerak.

Biroq suv omborining vayron bo‘lishi ham iqtisodiy va ijtimoiy muammodir. Bu suvni to‘g‘ridan to‘g‘ri suv omboridan (masalan, qishloqlardagi kichik sun’iy quduqlar orqali), shuningdek, suv ombori bilan bog‘liq yer osti manbalaridan oladigan ko‘plab aholi punktlarining suv ta’minotini buzib qo‘yadi. Bir necha oblastlarning sug‘orish tizimi Kaxovka suv omboridan yuboriladigan suv ta’minotiga bog‘liq va usiz bu sug‘orish tizimlaridan foydalanib bo‘lmaydi.

Vaziyat Qrimning suv ta’minotiga ham ta’sir qiladi — Shimoliy Qrim kanali suvi Kaxovka suv omboridan keladi. Darhaqiqat, urushning ikkinchi kunida, Rossiya kuchlari Xersonni bosib olishi bilanoq, suv ombori va kanal o‘rtasidagi aloqa tiklangandi, bu aloqa 2014 yildan keyin uzilgan edi.

Biroq kanalga suv kirishi uchun suv ombori kerak, agar u bo‘lmasa, boshqa muhandislik inshootlarini qurish kerak bo‘ladi. Umuman olganda, o‘rta kelajakda Qrimning suv ta’minoti bilan nima sodir bo‘lishi juda aniq emas. Hozir u yerda suv zaxira qilinganga o‘xshaydi, lekin keyin nima bo‘ladi?

— Zaporijjya atom elektr stansiyasining suv ta’minoti ham tahdid ostida, to‘g‘rimi?

— Atom elektr stansiyasining o‘zi emas, u ko‘p suv iste’mol qilmaydi. Uskunalarning haroratini boshqaradigan sovitish hovuziga ko‘proq suv lozim. Suv u yerga Kaxovka suv omboridan keladi. Hozir «Energoatom», prinsipial jihatdan, hamma narsa nazorat ostida ekani, ularda suv ta’minotining zaxira variantlari, jumladan, yer osti suvlari mavjudligini yozmoqda.

— To‘g‘on qayta tiklangunga qadar atrofdagi hududlarni suv bilan ta’minlash uchun qandaydir zaxira variantlarini topish mumkinmi?

— Agar suv to‘g‘ridan to‘g‘ri suv omboridan keladigan bo‘lsa, barcha suv olish joylari (bu suv, suv quvurlariga, uning asosiy binosiga boradigan tizim) ombordagi suv sathiga qarab hisoblab chiqilgan. Agar suv omborida suv bo‘lmasa, unda suv olish tizimi ishlamaydi. Muqobil tizim kerak — yo daryoga nasoslar o‘rnatib, quvurlarga suv olib chiqish yoki yer osti suvlarini intensiv ravishda ishlatish (quduqlarni qayta ochish yoki u yerga nasoslar o‘rnatish) lozim. Bularning barchasini hozir hal qilish kerak, biroq u yerda front chizig‘i joylashgan ekan, bu unchalik ham oson emas.

— Ukraina rasmiylarining xabar berishicha, Kaxovka GESining vayron bo‘lishi natijasida Dniproga 150 tonna mashina moyi oqib ketgan va yana 300 tonnadan ortiqroq moy sizib ketishi xavfi bor. Bu ifloslanish qanchalik jiddiy? Buning oqibatlari qanday bo‘ladi va ularni qanchalik tez bartaraf qilish mumkin?

— Albatta, bu yomon — bu neftli parda. Bu yerda yana boshqa hududlardan ham qanday ifloslantiruvchi moddalar oqib chiqishni hisobga olish kerak. 450 tonna — to‘rt-beshta temiryo‘l sisternasi degani, bu unchalik kam emas. Va agar bunday hajm to‘lqin yordamida bir zarba bilan Dniproga borsa (va u tez harakat qilsa), ularning barchasi darhol tarqaladi.

Ammo boshqa tomondan, suv yo‘lida nimalar borligiga qarash kerak: qancha yonilg‘i quyish shoxobchalari, yonilg‘i-moylash materiallari, neft mahsulotlari va pestitsidlar (xavfli kasalliklar tashuvchilarni yo‘q qilish uchun ishlatiladigan zaharli moddalar) omborlari va boshqalar mavjud. Biz, yuqorida aytganimdek, aynan nimalar va qay darajada suv ostida qolishini aniq bilmaymiz.

— To‘g‘on tiklanmaguncha bunday suv toshqini oqibatlarini qandaydir tarzda bartaraf etish mumkinmi? Nima qilish mumkin? Suv oqimi tezligiga ta’sir qilishning iloji bormi?

— Tezlikka ta’sir qilish mumkin emas — bu tabiiy jarayon. Albatta, nimanidir saqlab qolish mumkin — bu suv bosgan hududlarga kirish, nasoslar va elektr energiyasi mavjudligi masalasi. Ammo agar suv toshqini maydoni katta bo‘lsa, bularning barchasini saqlab qolib bo‘lmaydi. Shunday qilib, faqatgina suv sathi tushishini kutish qoladi.

— «Ukrgidroenergo» to‘g‘onni qayta tiklash mumkin emasligini ma’lum qildi. Demak, uni yangidan qurish kerak bo‘ladimi?

— «Qayta tiklab bo‘lmaydi» — bu uni tezda tuzatib bo‘lmaydi degan ma’noda. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘g‘on o‘rniga biror narsa qurish uchun bir yarim yil kerak bo‘ladi. Qolaversa, bu strategik, siyosiy iroda masalasi — odamlar va davlat u yerda nimani ko‘rishni xohlaydi.

— Siz bu Yevropadagi bir necha o‘n yilliklarda kuzatilgan eng yirik texnogen ekologik ofat degan bahoga qo‘shilasizmi?

— Bu, shubhasiz, ekologik falokat. Yirik yoki yo‘q? Yana, qanday hisoblashmi? Chernobildan ko‘proq zararlimi yoki kamroq? Hududiy qamrov bo‘yicha, ehtimol, kamroq. Boshqa tomondan, oqibatlar butunlay boshqacha, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri solishtirish qiyin. Lekin ha, bu katta falokat.

Mavzuga oid