Sport | 11:43 / 19.05.2023
32249
9 daqiqa o‘qiladi

Sevilyada savdoyi o‘yin va Mourinoning ko‘z yoshlari. Yevropa Ligasida ham finalchilar ma’lum

Payshanba oqshomida «Ramon Sanches Pisxuan»da Yevropa Ligasi yarimfinali doirasida yorqin uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Sovrinsiz qolgan Turin

Sevilya — Yuventus 2:1
Gollar:
Suso (71), Lamela (95) — Vlahovich (65). 
Sevilya – Bunu, Navas (Gomes, 106), Bade, Gudel, Akunya, Rakitich, Fernando, Okampos (Lamela, 70), Torres (Suso 62, Rekik 117), Hil (Montiyel, 100), An-Nosiri.
Yuventus – Shchensni, Danilo, Bremer, Gatti, Kuadrado (Milik, 105), Di Mariya (Kiyeza, 64), Rabio, Lokatelli (Miretti, 86), Fajoli (Paredes, 41), Ken (Vlahovich, 64), Ayling (Kostich, 86).
Ogohlantirishlar: Ken (11), Akunya (57), Danilo (105), Suso (117), Paredes (117). 
Chetlatish: Akunya (115). 
Birinchi o‘yin — 1:1.

«Ramon Sanches Pisxuan» stadionidagi o‘yin debyuti bir hafta oldin Turinda bo‘lib o‘tgan o‘yinni yodga solib yubordi. «Sevilya» bu safar ham ancha kuchliroq ko‘rindi va faolroq o‘ynadi, avvalgi o‘yinda «Yuventus»ni o‘yinga qo‘shib berilgan 7-daqiqada qutqarib qolgan Gatti esa bu safar mehmonlarning birinchi xavfli hujumini golga aylantirishiga bir baxya qoldi. Jarohat tufayli safdan chiqqan Bonuchchi o‘rniga o‘ynagan himoyachi bosh bilan xavfli zarba berdi, ammo Bunu ajoyib seyv namoyish etdi.

Bu epizod o‘yindagi ohangni belgilab berdi va muxlislar tomoshaboplik borasida Chempionlar ligasi yarimfinalidagi Milan derbisini ancha ortda qoldiradigan o‘yinga guvoh bo‘lishdi. Birinchi bo‘limda ikki tomon ham kamida ikkitadan gol urishi mumkin edi, ammo hayratlanarli darajada tabloda nollar saqlanib qoldi. Bunga darvozabonlar, ayniqsa Shchensni qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Polyak darvozabon to‘pni darvoza chizig‘ida to‘xtatib qolgan epizod butun yevrokubok mavsumi hit-paradini bezab beradi.

Birinchi 45 daqiqalikda «Yuve» Lokatellidagi ofsayd holati tufayli Rabioning golidan mahrum bo‘ldi, Moyze Kinning zarbasi ustunga tegdi, Di Mariya qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Argentinalik futbolchi faoliyati davomida «cherpachka» (to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashlash) uslubida ko‘plab gollar urgan, uning shunday gollari Argentinaga olimpiya oltini va Amerika kubogini keltirgan, ammo bu safar u buni to‘g‘ri ijro eta olmadi. Lekin turinliklar klubi uchun bu o‘yindagi eng hal qiluvchi epizod Di Mariyaning xato zarbasi emas, Fajolining jarohati bo‘ldi. Bu mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘lgan yarimhimoyachini Gudel bilan maydon markazidagi to‘qnashuvdan keyin zambilga solib olib ketishdi.

Shu bilan birga, zaxira o‘rindig‘idan shoshilinch chaqirilgan Paredes kartinani buzib qo‘ymadi. Hatto standart vaziyatlarga sifat qo‘shdi, bunday jarima zarbalaridan biri Bremerning goli bilan yakunlanishi ham mumkin edi. Undan oldinroq esa Rabio qulay vaziyatni yo‘qqa chiqargandi. Tanaffusdan keyin katta bosimni his qilgan «Yuve» tom ma’noda o‘ziga qulay tempga ega bo‘lgandek edi. Allegri shunday futbolni yoqtiradi va u to‘g‘ri o‘zgarishlar amalga oshirdi.

Bu murabbiy yaxshigina tajribaga ega — olti skudetto va to‘rt bor Italiya Kubogi g‘olibligi. Bu mavsum zimmasiga «Sevilya»ni jarlikdan olib chiqish vazifasi qo‘yilgan Xose Luis Mendilibar esa 62 yoshga chiqib faqatgina «Valyadolid» boshqaruvida segundada g‘olib chiqqani bilan maqtana olishi mumkin, uning so‘nggi ikki klubi — «Eybar» va «Alaves» — primerani tark etgan. Ammo turinliklar safidagi joker — Vlahovich — maydonga chiqishidan 58 soniya o‘tib hisobni ochgan bo‘lsa, u bilan birga maydonga tushgan Kiyeza «Sevilya»ning javob goliga sababchi bo‘ldi.

Bunday darajadagi o‘yinda o‘z jamoasi jarima maydoni atrofida raqibni aldab o‘tishga kirishish — shunchaki ahmoqlik edi. Ayniqsa hech narsadan qaytmaydigan futbol pitbuli Akunyani. Natijada hujumchining bu harakati to‘p yo‘qotilishi va Suso «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olishi bilan yakunlandi. Mendilibar esa jamoa yetakchilaridan biri Okamposni maydondan olgani to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqdi.

Andalusiyaliklarning birinchi golli hujumida ishtirok etgan Lamela overtaymda bosh bilan zarba berishda An-Nosiriydan qolishmasligini namoyish etdi.

Natija — odatdagidek. Yevropa Ligasi, pley-offning uydagi javob uchrashuvi va «Sevilya» o‘ninchi bor finalga chiqdi. Yettinchi bor sovrinni qo‘lga kiritish uchun. «Keksa sinora» esa mavsumni sovrinsiz yakunlashi aniq bo‘ldi.

«Roma» 99 daqiqa davomida faqat bitta aniq zarba berdi. Ammo Mourino baribir finalga chiqdi

Bayyer — Roma 0:0
Bayyer – Gradetski, Frimpong, Ta (Amiri, 86), Tapsoba, Inkapie, Bakker (Adli, 73), Demirbay, Palasios (Glojyek, 80), Virts, Diabi, Ozmun.
Roma – Patrisiu, Chelik (Smolling, 78), Manchini, Rojyer, Kristante, Spinatssola (Zalevski, 34), Matich, Pellegrini, Bove, Belotti (Veynaldum, 46), Abraham.
Ogohlantirishlar: Inkapie (45+3), Palasios (56), Bakker (70), Rojyer (70), Kristante (89), Diabi (90), Tapsoba (90+7), Abraham (90+9).
Birinchi o‘yin — 0:1.

Bundesligadagi faoliyati bilan ko‘plab klublar, jumladan «Tottenhem» va «Vest Hem»ning diqqatini o‘ziga qaratgan Habi Alonso «Bayyer» muxlislarini keyingi mavsumda ham Leverkuzenda qolish va’dasi bilan quvontirdi. Chindan ham qiziqarli loyiha ustidagi ishni qoldirib, Angliyaning o‘rtamiyona jamoasiga borishdan qanday ma’no bor - agar Germaniyadagi muvaffaqiyatni davom ettirib, kelgusida  «Real»da Karlo Anchelotti o‘rnini egallash ehtimoli turganda? Xabarlarga ko‘ra, Florentino Peres hozirda madridliklarning ikkinchi jamoasida tajriba to‘playotgan Raulga emas, aynan Alonsoga ko‘proq ishonch bildirmoqda.

Bu mavzu qanday davom etishini — vaqt ko‘rsatadi. Hozircha esa aynan shunday o‘yinlar — Joze Mourinoga qarshi yevrokubok yarimfinali — 41 yoshli mutaxassisning grandlar bilan ishlash layoqatini sinovdan o‘tkazadi. Birinchi o‘yinda Alonso kuchli debyut orqali ustozini lol qoldirgandi, bir haftadan keyingi o‘yinda esa yana kuchli boshladi. «Roma»ning omadi keldi, Diabining o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘siniga tegdi — bu mezbonlarning birinchi bo‘limda yo‘llagan 12 zarbasidan biri edi.

Portugaliyalik mutaxassis birinchi bo‘limdayoq doimiy bosim ostida qolgan chap qanotda Spinatssola o‘rniga Zalevskini tushirishiga to‘g‘ri keldi. «Roma» birinchi o‘yinda Edoardo Bovening goli evaziga g‘alaba qozongan va javob o‘yinida gol o‘tkazmasligining o‘zi yetarli edi. Mehmonlar o‘yinda yagona zarbani 2-daqiqada yo‘llashdi, Pellegrinining uzoqdan bergan zarbasi biroz xato ketdi, shundan keyin jamoa faqat o‘yinni quritish bilan shug‘ullandi.

Ortiqcha so‘zlar o‘rniga statistika gapiradi:

  • Jami zarbalar: «Bayyer» foydasiga 23:1
  • Darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar: «Bayyer» foydasiga 6:0
  • Kutilgan gollar: 1,01 – 0,03 xG

Rimliklar vazifani uddalashdi va Konferensiyalar ligasi g‘olibligidan bir yil o‘tib maqomi bo‘yicha ikkinchi darajali bo‘lgan yevrokubok uchun finalga chiqdi.

Mavzuga oid