Iqtisodiyot | 18:49 / 17.05.2023
38903
6 daqiqa o‘qiladi

Tenderlardagi o‘yinlar: budjetning milliardlarini kim himoya qiladi?

O‘tkazilayotgan tenderlarda bir xil mahsulotni katta farq bilan sotib olish, arzon narx taklif qilgan ishtirokchi qolib, qimmat narx taklif qilgani yutib ketish holatlari ko‘p uchrayapti. Bu kabi o‘yinlar orqali budjetning milliardlari cho‘ntakka urilayotgan bo‘lishi mumkin. Vakolatli organlar esa negadir jim turishni afzal bilishyapti.

Keyingi vaqtlarda tenderlar kimlar uchundir budjetdan “soqqa qilish”ning eng xavfsiz yo‘liga aylanib bormoqda. Ammo bir tomondan shubhali holatlar ayrim tenderlarning shaffof o‘tmaganligiga ishora qilsa, ikkinchi tomondan ularda korrupsiya “isi” yaqqol sezilib qolyapti.

Quyidagi tenderlarda ham shu kabi shubhali holatlarni ko‘rish mumkin.

3 xil narxdagi rubob

Madaniyat va turizm vazirligi 2022 yilning noyabr oyida madaniyat markazlariga 1000 dona rubob sotib olish uchun 1,1 mlrd so‘mlik boshlang‘ich summa bilan tender o‘tkazgan. Unda “World ekonomy” MChJ g‘olib chiqqan va u bilan 614 mln so‘mga shartnoma imzolangan. G‘olib korxona bir dona rubobni 614 ming so‘mdan yetkazib berishni zimmasiga olgan.

O‘tgan yil oktyabr oyida esa vazirlik 1,2 mlrd so‘mga yana 1000 dona dutor sotib olish uchun tender o‘tkazgan va unda “House Yasmina” MChJ g‘olib bo‘lib, u bilan 998 mln so‘mga shartnoma tuzilgan. Ya’ni bir dona dutorni 998 000 so‘mdan olish ko‘zda tutilgan.

Ammo 2022 yilning dekabr oyida Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi ham Bolalar musiqa va san’at maktablari uchun cholg‘u asboblari olish maqsadida tender o‘tkazadi. Yakka tartibdagi tadbirkor g‘olib chiqqan tenderda vazirlikniki bilan bir xil bo‘lgan rubob 3 mln so‘mdan, dutor esa 2 mln so‘mdan xarid qilingan. Shuningdek, viloyat madaniyat boshqarmasi boshqa cholg‘u asboblarini ham ancha qimmat narxda sotib olganligini ko‘rish mumkin.

15 may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’minot xizmati Buxoro, Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridagi maktablarga musiqa asboblari xarid qilish uchun qariyb 10,7 mlrd boshlang‘ich summa bilan tender o‘tkazdi. Tenderda “Pro audio” xususiy korxonasi g‘olib bo‘lgan va u bilan 10 mlrd 235 mln so‘mlik shartnoma imzolangan.

Lotni yutib olgan korxona uchta viloyatdagi maktablar uchun 7 turdagi musiqa asboblari – har biri 2 155 donadan dutor, do‘mbira, doira, tanbur, rubob, g‘ijjak va nay yetkazib beradi.   

Shartnomada ko‘rinishicha, korxona dutorni 560 000 so‘mdan, do‘mbirani 778 400 so‘mdan, doirani 456 400 so‘mdan, tanburni 1 140 300 so‘mdan, rubobni 579 600 so‘mdan, g‘ijjakni 855 400 so‘mdan hamda nayni 379 400 so‘mdan yetkazib berishni zimmasiga olgan.

“Cho‘ntaklarni qizdirayotgan”quyosh paneli

Ayni vaqtda tenderlarga eng ko‘p qo‘yilayotgan mahsulot tashkilot va muassasalarga quyosh paneli sotib olish va o‘rnatishdir. Biroq ushbu mahsulotni korxonalar turlicha narxda sotib olishmoqda.

Ushbu yo‘nalishda keyingi ikki kunda o‘tkazilgan quyidagi tenderlarni taqqoslab ko‘rishning o‘zi fikrimizga asos bo‘la oladi.

Yozyovon tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi 2,5 kVtlik quyosh paneli o‘rnatish uchun 54 mln 340 ming so‘mga tender o‘tkazgan. G‘olib korxona bilan 54,3 mln so‘mga shartnoma tuzilgan.

Buloqboshi tumani Obodonlashtirish boshqarmasi esa 3 kVtlik quyosh paneli uchun 48 mln so‘mga tender o‘tkazib, yutib olgan korxona bilan 47,9 mln so‘mga shartnoma imzolagan.

Yoki 15 may kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan quyosh paneli uchun o‘tkazilgan tenderlar ham biroz shubhali. Negaki, mazkur buyurtmachi tomonidan o‘tkazilgan 6 ta tenderning 2 tasida qimmat narx taklif qilgan firma g‘olib deb topilgan. Buning oqibatida bir xil mahsulot uchun uchta lotda 87 mln 845 ming so‘mlik, to‘rtinchisida 101 mln 200 ming so‘mlik hamda beshinchisida 105 mln 240 ming so‘mlik shartnomalar tuzilgan. 

Keyingi oylarda quyosh paneli uchun milliardlab so‘mlik yuzlab tenderlar o‘tkazilgan. Yuqoridagi kabi holatlardan so‘ng ularning shaffof bo‘lgani haqidagi shubhalar yanada ortadi.

Budjetning milliardlarini kim himoya qiladi?

Kun.uz shubhali tenderlar mavzusida oldin ham bir necha bor material e’lon qilgan.Masalan, oldinroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’minot xizmati korxona o‘quv qurollari xaridi uchun 12 ta tender o‘tkazgani, ularning 4 tasini yog‘och va qurilish materiallari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi firma, bittasini faoliyat turi avtomashinalarni yuvish bo‘lgan firma yutib olgani, hisob-kitoblariga ko‘ra, g‘olib firmalar bilan 13,5 mlrd so‘m qimmat narxlarda shartnoma imzolangani haqida yozgandi.

Yana bir holatda esa vazirlik ta’minot xizmati sport anjomlari xaridi uchun 5 ta tender o‘tkazgani, shundan umumiy summasi 22 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 2 ta lotni non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona yutib olgani ma’lum bo‘lgandi.

Biroq mazkur holatlar yuzasidan hozircha na vazirlik, na boshqa vakolatli organlar rasmiy izoh bergan. Ularning jimligi nimalarni “gapirayotgani” bizga qorong‘i.

Mavzuga oid