Jahon | 19:56 / 09.05.2023
26544
5 daqiqa o‘qiladi

Og‘ir texnika va aviatsiyasiz. Moskvada bu yilgi G‘alaba paradi juda kamtarona o‘tdi

2023 yil 9 maydagi «G‘alaba paradi» so‘nggi yillardagi eng kamtaronasi bo‘ldi. Qizil maydondan o‘tgan yagona tank T-34 edi. Piyoda askarlar faqat 26 ta guruhdan iborat bo‘ldi, bir yil oldin ularning soni 34 ta edi.

Paraddagi yagona tank T-34 edi. Foto: Getty Images

Paradni sharhlagan boshlovchi 8 ming jangchi qatnashayotganini aytdi. Garchi mart oyida, mudofaa vazirligi kollegiyasida Sergey Shoygu ularning soni kamida 10 ming kishi bo‘lishini va’da qilgan edi. 2022 yilgi paradda 11 ming kishi qatnashgan.

Odatda paradda Rossiya yangi texnikalarni, shuningdek, 2010-yillardagi Rossiya harbiy-sanoat kompleksining an’anaviy ishlanmalari to‘plamini –«Armata» oilasiga kiruvchi T-14 tanki va T-15 piyoda jangovar mashinasini, «Koalitsiya» o‘ziyurar texnikasini, «Kurganets» jangovar mashinasini, 8 g‘ildirakli «Bumerang» zirhli mashinasini namoyish etardi. 2015 yildan beri ular eski va yangi texnikalar bilan birga barcha paradlarning asosini tashkil etgan.

Bu yil, paraddan oldin Rossiya matbuoti yangi T-72B3M tanki, yangi «Axmat» va VPK-Ural zirhli avtomobili, shuningdek, allaqachon tanish bo‘lgan T-90M, T-72B3 tanklari, «Yars» yadroviy raketalari, tezkor-taktik «Iskander» va S-400 zenit raketalari namoyish etilishi haqida yozdi.

Ammo zirhli transport vositalaridan faqat «Bumerang»lar namoyish etildi. «Armata», «Kurganets» va «Koalitsiya»ning yo‘qligi esa hayratda qoldirdi. Natijada, paradning o‘zida yanada kamroq texnikalar namoyish etildi.

Maydon bo‘ylab faqat g‘ildirakli mashinalar harakatlandi va diktor negadir «Axmat» so‘zini aytmadi. Rasmiy ravishda shunday deb ataladigan zirhli transport vositasini «KamAZ avtomashinasi asosidagi himoyalangan mashina» deb atadi. Vaholanki, Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu zirhli mashina uning shaxsiy iltimosiga binoan ishlab chiqarilgan.

Sergey Shoygu paradda 10 ming kishi bo‘lishini ma’lum qilgandi, amalda esa sakkiz ming kishi chiqdi. Foto: AFP

Paradda aviatsiya namoyish etilmadi. Avvalroq, shunday bo‘lishi mumkinligini Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham aytgan edi. Odatda samolyotlar va vertolyotlarning parvozi yomon ob-havo tufayli bekor qilinadi, ammo bu yil 9 may kuni Moskva osmoni musaffo edi.

Paradning yana bir o‘ziga xos xususiyati – tribunalarda katta ehtimol bilan «Vagner» yollanma jangchilari ham bo‘lgani edi. Boshlovchi ularni «hujum otryadlari jangchilari» deb atadi. Rossiya mudofaa vazirligi hisobotlarida vagnerchilar odatda shunday nomlanadi.

2023 yilda G‘alaba paradini tashkil qilish borasida Rossiya hukumati qiyin ahvolga tushib qolgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, o‘tgan yili «Armata», «Kurganets» va «Koalitsiya»lar ishtirokidagi an’anaviy paraddan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarning rossiyaparast akkauntlarida «nega bu zamonaviy texnikalar frontda emas?» degan savol bilan ko‘plab sharhlar paydo bo‘lgandi.

Suxandon «Axmat» zirhli mashinalari nomini aytmadi. Foto: Getty Images

Bir yil o‘tgach, ushbu transport vositalari 1960-yillardagi eski sovet tanklari va zirhli mashinalari fonida yanada ziddiyatli ko‘rinishga ega bo‘lar edi. Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarga qaraganda, ular ham frontga olib ketilmoqda.

Ikkinchidan, parad oldidan «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin va mudofaa vazirligi o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Prigojin qo‘mondonlikni keskin tanqid qilib, ularni so‘kdi. Katta ehtimol bilan, aynan shu sabab boshlovchi «Vagner» so‘zini tilga olmagan.

Va nihoyat, eng muhimi, paraddan 6 kun oldin, Vladimir Putin paradda turgan joydan yuz metr uzoqlikda, Senat saroyi tomida ikkita dron portladi. Ukraina rahbariyati bu hujumga aloqador emasligini rasman e’lon qilgan bo‘lsa-da, Kreml bu hujum ortida Kiyev va Vashington turganini aytdi.

Dronlar hujumi tahdidi tufayli paradning aviatsiya qismi bekor qilingan bo‘lishi mumkin. Qizil maydon uzra o‘nlab samolyotlar, shu jumladan strategik bombardimonchilar, «Ruslan» og‘ir transport samolyoti va boshqa ko‘plab samolyotlar uchib o‘tishi kerak edi. Ularning yo‘liga bitta dron to‘g‘anoq bo‘lishi safning buzilib ketishi uchun yetarli edi, bunday vaziyatda avariya xavfi juda yuqori bo‘ladi.

Mavzuga oid