Jahon | 19:20 / 04.05.2023
18967
6 daqiqa o‘qiladi

«Albatta, barchamiz bu yerda boshqa Vladimirni ko‘rishni xohlaymiz» – Zelenskiy Haaga sudida nutq so‘zladi

U bu urush dunyodagi so‘nggi urush bo‘lib qolishi uchun harakat qilish lozimligini aytdi.

Foto: Yves Herman / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Niderlandiyaning Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoyat sudida nutq so‘zladi. Bu sud mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergandi.

Zelenskiy Haaga shahriga Finlandiyaga amalga oshirgan tashrifini yakunlaganidan keyin yetib bordi. Sudning anjumanlar zaliga kiraverishda Ukraina yetakchisini olqishlar bilan kutib olishdi. Zelenskiy Haagada Kremlga dron hujumi amalga oshirilishi, Rossiya bu ishda Kiyevni ayblab Zaporijjya, Odessa va Kiyevga davomli zarbalar bergani fonida nutq so‘zladi.

«Albatta, barchamiz bu yerda qilgan jinoyatlari uchun jazolanishga munosib bo‘lgan boshqa Vladimirni ko‘rishni istaymiz. Ishonchim komilki, biz g‘alaba qozonganimizdan keyin bu ish sodir bo‘ladi», dedi Zelenskiy so‘zining boshida «boshqa Vladimir» deganda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ishora qilib.

Mart oyida Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidentini va Rossiya bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order chiqargan, bunga sabab sifatida ular ukrainalik bolalarni noqonuniy tarzda Rossiyaga deportatsiya qilishda ishtirok etishda gumonlanayotgani keltirilgandi.

Haagada chiqish qilgan Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar tomonidan Ukrainada aprel oyining o‘zida 6139 ta harbiy jinoyat sodir etilgan, ularning oqibatida 207 nafar tinch aholi vakillari, jumladan, 11 nafar bola halok bo‘lgan. Zelenskiy 3 may kuni Rossiyaning Xersonga amalga oshirgan raketa zarbasiga ham urg‘u berib, zarbalar oqibatida 23 kishi halok bo‘lgani, 49 kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Zelenskiy bu urushda dovga faqat bitta davlatning taqdiri tikilmaganini ta’kidladi: «Biz tajovuzkor urushni to‘xtata olmasmiz, ammo tajovuzning o‘zini qonunsizlikka o‘rgangan insonning shuurida shakllanadigan jinoiy g‘oya sifatida mag‘lub eta olamiz. Har qanday tajovuzkor urushga nazar solsangiz, ularni bog‘laydigan bir jihatni ko‘rasiz: urush aybdorlari qachondir qilgan ishlari uchun javob berishi muqarrarligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti nutqi davomida ko‘p marta tribunal haqida gapirib, faqat tribunal bu agressiv jinoyatlar uchun munosib jazo bera olishini aytdi. «Ukraina sudlari rossiyalik bosqinchilar qilgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishini ta’minlashini kafolatlayman», dedi Zelenskiy.

U nutqi davomida bir necha marta ikkinchi jahon urushidan keyin fashistlar Germaniyasi vakillari Nyurnberg harbiy tribunalida sud qilinganini esladi.

«Jazosizlik agressiyaga yo‘l ochadi. Nyurnberg jarayonini bugun ham reallikka aylantirishimiz kerak. Biz bunday tribunal tuzilishini qo‘llaymiz. Bu ish shu yerda, adolat poytaxtida amalga oshishi lozim. Dunyoni qo‘rqmaslikka chaqiraman, agressor adolat nimaligini to‘laligicha his qilsin. Butun dunyo o‘zini xavfsizlikda his qilishga haqli», dedi Zelenskiy.

Ukraina yetakchisi nutqi davomida adolat uchun kurashayotgan Xalqaro sudga va Ukrainaga qurol yetkazib berayotgan Niderlandiya hukumatiga minnatdorchilik bildirdi. Zelenskiyning nutqi yakunida aytgan mana bu gapi esa olqishlar bilan kutib olindi: «Bu biz boshlanishini istamagan urush. Ammo endi shunday qilishimiz kerakki, bu oxirgi urush bo‘lsin».

Zelenskiy Haagadagi chiqishida barcha urushlarda halok bo‘lganlar xotirasiga sukut saqlashni iltimos qildi: «Keling, bugun ham har yili 4 mayda bo‘lgani kabi barcha urushlarda halok bo‘lganlarni yod etaylik. Iltimos, agar mana shu agressiya bo‘lmasa, bugun tirik qolishi mumkin bo‘lgan ukrainaliklarni ham eslang», dedi Ukraina prezidenti.

«Urush vaqtida mamlakatdan chiqish oson emas»

Ukraina prezidenti urush vaqtida mamlakatni qisqa muddatga bo‘lsa-da tark etish oson bo‘lmagani, bu tashriflari ukrainaliklar va harbiylarning motivatsiyasini kamaytirishidan cho‘chiyotganini ham yashirmadi. «Qisqa muddatga bo‘lsa-da mamlakatdan chiqib ketyapman. Chunki bu juda muhim. Men tayyorgarlik uchun, jang maydonida yanada kuchli bo‘lishimiz, rossiyaliklarga ba’zi sovuq xabarlar yetkazish uchun shunday qilyapman. Kecha Finlandiyada edim, bugun Haagadaman – adolatga juda yaqinman», dedi Zelenskiy.

Qarshi hujum haqida

Zelenskiy Ukrainaning qarshi hujumi haqida ham gapirdi.

«Biz qarshi hujumning muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonamiz va buning uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Nafaqat harbiylarimiz, balki zavodlarimiz, ishlab chiqaruvchilar butun xalqimiz armiya yanada kuchliroq bo‘lishi uchun harakat qilmoqda.

Qarshi hujumga jiddiy tayyorlanyapmiz va unda muvaffaqiyat qozona olmasligimiz haqida o‘ylamayapmiz, biz bunga o‘rganmaganmiz. Men 100 foizlik kafolat bera olmayman, buning imkoni yo‘q. Bundan tashqari, ko‘plab odam yo‘qotayotgan vaqtda qanday muvaffaqiyat haqida gapirish mumkin? Ammo nima bo‘lganda ham biz faqat olg‘a boramiz va hamkorlarimizdan yordam kutib qolamiz», dedi Zelenskiy.

Mavzuga oid