O‘zbekiston | 19:08 / 24.04.2023
18567
4 daqiqa o‘qiladi

Pullaringiz qachon yaroqsiz bo‘ladi? – pullar haqida ma’lumotlar

Qog‘oz pullar shikastlangan, yirtilgan, yelimlangan yoki chizilgan bo‘lsa, qanday holatlarda muomalaga yaroqli bo‘lishini bilasizmi? Banklarda shunday banknotlarni almashtirib olsa bo‘ladimi? Kun.uz pullar qachon yaroqli yoki yaroqsiz bo‘lishi haqida videosharh tayyorladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Markaziy bank departamenti direktori Fazliddin Bozorovning aytishicha, banklarda naqd pullarni saralash jarayonida ular “muomalaga yaroqli”, “eskirgan”, “to‘lovga yaroqsiz” pullar toifalariga ajratiladi.

Siyqalanmagan, ya’ni banknot qog‘ozining mustahkamligi, uni yana muomalada aylanishi uchun imkoniyat beradigan darajada mustahkam pullar “muomalaga yaroqli” banknotlar toifasiga kiradi. Bunday banknotlarning shikastlanganlik darajasi quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • banknotning ayrim qismiga yozuvlar yozilgan yoki bo‘yalgan bo‘lishi mumkin;
  • agar bo‘yalgan yoki bo‘yoq to‘kilgan bo‘lsa, bu joy banknot umumiy hajmining 5 foizidan oshmasligi kerak;
  • banknotning yirtilgan, teshilgan joyining diametri yoki yirtilib tushgan qismi bir santimetrdan oshmasligi kerak;
  • bu shikastlanishlar banknotning nominalini yoki uning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermasligi lozim;
  • • banknotning rangi keskin tarzda o‘zgarmagan bo‘lishi ham talab etiladi.

Bu talablarga javob beradigan pullar “muomalaga yaroqli”, javob bermaydiganlari esa “eskirgan pullar” hisoblanadi. E’tiborlisi shundaki, eskirgan pullar ham savdo nuqtalarida qabul qilinishi shart.

Endi “to‘lovga yaroqsiz” pullar toifasiga kelsak. Banknot yuzasining 55 foizidan kam qismi saqlanib qolgan pullar to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi va ular savdo shoxobchalarida qabul qilinmaydi. Shuningdek, pul oldi-berdisida banknotlarning tegishli himoya belgilariga ega bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratish zarur.

Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqsiz to‘lov vositasi hisoblanadi:

  • bo‘laklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan bo‘lsa;
  • dastlabki rangi o‘zgargan yoki rangi o‘chgan bo‘lsa;
  • yongan yoki kuygan holatda bo‘lsa;
  • qonuniy to‘lov vositasi ekanligini ko‘rsatuvchi asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, bo‘yoq yoki siyoh to‘kilgan bo‘lsa;
  • banknotada kimyoviy reaktivlar ta’siri bo‘lsa;
  • muayyan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) o‘zgartirilganda, nominali o‘zgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar bo‘lsa;
  • banknotlar aniq bosma xatoga ega bo‘lgan (suv belgisi yoki himoya ipchalarining yo‘qligi yoki noto‘g‘ri joylashganligi), tasvirlari to‘liq bosilmagan yoki surkalib ketgan bo‘lsa;
  • banknota geometrik o‘lchami 3 mmga teng yoki undan ortiqqa o‘zgargan bo‘lsa;
  • banknota tasvirini (suratini, portretini, shaklini) aniqlash imkonini bermaydigan darajada sezilarli siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
  • o‘zining qattiqlik darajasini sezilarli darajada yo‘qotib, yumshoq holga kelgan banknotlar.

Agar banknot to‘lovga yaroqsiz bo‘lmasa, ularni banklarda almashtirib olish mumkin. Bunda banklar kassalari orqali shikastlangan, eskirgan banknotlar qabul qilinib, ularning umumiy summasiga teng bo‘lgan miqdorda yaroqli banknotlar bilan almashtirib beriladi.

Yelimlangan banknot qismlari bitta banknotga tegishli bo‘lsa, ya’ni seriya, raqamlari bir xil bo‘lganda “yaroqli pul” sifatida to‘lovga qabul qilinishi lozim. Agar ikkita alohida banknotning qismlari bir-biriga yelimlangan bo‘lsa, undagi seriya, raqamlar turlicha bo‘lib qoladi. Bu banknotlarning har ikki qismi alohida olinganda, banknot umumiy yuzasining 55 foizidan kam bo‘lsa, “to‘lovga yaroqsiz” deb topiladi.

To‘lovga yaroqsiz pullar tijorat banklarida almashtirib berilmaydi. Eskirgan pullarni esa almashtirish mumkin, ular banklarda qabul qilingach, qayta muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator va montajchi – Javohir G‘ayratov 

Mavzuga oid