AQSh Xitoyni Rossiyaga qurol berishda aybladi. Pekin tinchlik shartnomasi rejasi tuzib, Moskvaga delegatsiya yubormoqchi
AQSh rasmiylari Xitoyni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qurol va o‘q-dorilar bilan ta’minlash niyatida ekanlikda ayblamoqda. Bunga javoban Pekin Rossiya-Xitoy hamkorligi uchinchi davlatlarga zarar yetkazmaslik tamoyiliga asoslanganini ma’lum qildi va ayni paytda Vashingtonni ikki davlat munosabatlariga aralashmaslikka chaqirdi. Xitoyning eng yuqori martabali diplomati Van I yaqin orada Moskvaga tashrif buyuradi.

Foto: Getty Images
18-19 fevral kunlari AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken CBC telekanaliga bergan intervyusida Vashingtonda Xitoyning Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun halokatli bo‘lmagan qurollar yetkazib berayotgani haqida ma’lumotlar borligini aytdi. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda Pekin halokatli vositalar, ya’ni qurollar va o‘q-dorilar yetkazib berishi mumkinligi bo‘yicha ham taxminlar mavjud.
«Biz buni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Hozircha biz Xitoy kompaniyalarini ko‘rdik. Xitoyda esa xususiy va davlat kompaniyalari o‘rtasida haqiqiy farq yo‘q. Va bu kompaniyalar, bizning ko‘rishimizcha, Rossiyaga Ukrainada ishlatish uchun halokatli bo‘lmagan vositalar yetkazib bermoqda. Va bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, xitoyliklar Rossiyaga halokatli qurollar yetkazib berish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Biz bu qadam biz uchun va aloqalarimiz uchun jiddiy muammo keltirib chiqarishi haqida ularga aniq tushuncha berdik», degan Blinken.
20 fevral kuni Xitoy hukumati Blinkenning bu da’volarini yolg‘on deb atadi.
«Biz Qo‘shma Shtatlar Xitoy-Rossiya munosabatlarini tanqid qilishiga yoki hatto bosim o‘tkazishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz», degan Van I Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Blinken bilan o‘tgan uchrashuvda.
Xitoyning «Sinxua» agentligi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakilining Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar «qo‘shilmaslik, qarama-qarshilikka bormaslik va uchinchi tomonga yo‘naltirmaslik tamoyillariga asoslanadi» degan gaplarini keltirgan.
Xitoy yetakchisi Si Jinping Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi deb ko‘riladi va u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralamagan. Biroq rasmiy Pekin bu mojaroda betaraf qolishni ma’qul ko‘rdi, ammo ochiqchasiga Rossiyani yadroviy tahdidlardan tiyilishga chaqirdi.
Myunxen konferensiyasi chog‘ida Blinken Xitoyning Rossiyaga aynan qanday yordam ko‘rsatishini nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi. Biroq, Pekin Moskvaga aynan nimani yetkazib berishi mumkinligi haqidagi savolga javoban, Blinken bu qurol va o‘q-dorilar bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Titanikka chipta
Avvalroq AQSh Baxmut hududida shiddatli janglar olib borayotgan Rossiyaning «Vagner» kompaniyasiga sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etgan Xitoy kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar kiritgandi.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi oylarda juda yomonlashdi. Ikki mamlakat Tayvan masalasi bo‘yicha bir necha bor keskin bayonotlar berdi va fevral oyi boshida AQSh o‘z havo hududida Xitoyning razvedka qilishda gumonlangan havo sharini urib tushirdi.
Biroq, agar Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berishga rostdan ham rozilik bildirsa, unda AQSh-Xitoy munosabatlari yanada yomonlashishi mumkin.
Respublikachi senator Lindsi Gremning aytishicha, voqealarning bunday rivojlanishi ikki davlat munosabatlari uchun haqiqiy falokat bo‘ladi. «Bu xuddi «Titanik» haqidagi filmni ko‘rganingizdan so‘ng kemaga chipta sotib olishga o‘xshaydi. Bunday qilish mumkin emas», degan siyosatchi ABC News telekanaliga.
Blinken jurnalistlarga bergan intervyusida, shuningdek, AQSh Xitoy Rossiyaga G‘arb davlatlari tomonidan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalaridan qochishga yordam berayotganidan xavotirda ekanini ham aytgan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlangandan beri rus-xitoy savdosi hajmi o‘sishda davom etmoqda va Pekin Rossiya neft, gaz va ko‘mirining asosiy xaridorlaridan biriga aylandi.
Moskvaga tashrif va Pekinning tinchlik shartnomasi rejasi
Ayni paytda, 20 fevral kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Xitoy Kommunistik partiyasi Tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari Van I tez orada Moskvaga tashrif buyurishi va Putin bilan uchrashishi mumkinligini tasdiqladi.
Anonim diplomatik manbaning Reuters agentligiga aytishicha, Van I Putin bilan Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Xitoy takliflarini muhokama qiladi.
Myunxen konferensiyasida Van I Xitoyning tinchlik rejasi tez orada e’lon qilinishi va unda barcha mamlakatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurati belgilab qo‘yilishini aytgan.
Reuters agentligining yozishicha, Myunxenda Van I Xitoy Ukrainadagi urushga nisbatan «befarq bo‘lmagani, ammo olovga moy quymagani»ni ta’kidlagan.
«Menimcha, bu urushni qanday to‘xtata olishimiz haqida hamma, ayniqsa, Yevropadagi do‘stlarimiz xotirjamlik bilan o‘ylashni boshlashi kerak», degan Xitoy diplomatiyasi rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, «ayrim kuchlar borki, ular muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishi yoki urush tezda tugashini yaqqol xohlamayapti».
Bu vaqtda Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani jurnalistlarga 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining bir yilligi munosabati bilan Xitoy yetakchisi Si Jinping mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha nutq so‘zlashini aytgan.
Tavsiya etamiz
Qaysi toifadagi talabalardan o‘qishni tugatguncha granti olib qo‘yilmaydi?
O‘zbekiston | 11:26 / 07.06.2025
Milliy jamoa a’zolariga BYD avtomobillari topshiriladi
Sport | 16:14 / 06.06.2025
Tramp va Mask ochiqchasiga urishib ketdi
Jahon | 12:05 / 06.06.2025
Yangi Toshkent qanaqa bo‘ladi? Bosh arxitektor va mas’ul shaharsoz bilan suhbat
O‘zbekiston | 17:07 / 05.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiya Xarkiv bo‘ylab urush davridagi eng yirik zarbani yo‘lladi
Jahon | 12:54
-
Toshkentdagi mahalla ichida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Aholi bunga qarshi chiqmoqda
Jamiyat | 12:30
-
JCh saralashi: Angliyada yuz foizlik ko‘rsatkich, Albaniya va Serbiya bahsida yana mojaro
Sport | 11:55
-
Orzudagi mundial yo‘llanmasi va qonun ustuvorligida pasayish - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 10:21
Mavzuga oid

18:53 / 07.06.2025
«Vagner» tarkibiga yollangan o‘zbekistonlik sudlandi

13:16 / 07.06.2025
Zelenskiy: «Kim Rossiyaga bosim o‘tkazmasa, u sherikdir»

12:02 / 07.06.2025
Toshkentda O‘zbekiston-Xitoy transport fakulteti ochildi

10:22 / 07.06.2025