Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Puch sertifikatlar, sotiladigan esdalik nishoni va pedagoglarning havoga sovurilayotgan pullari. Muammoning ildizi qayerda?
Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazishda ularning o‘quv seminarlaridagi ishtiroki e’tiborga olinadi. Bu nodavlat ilmiy markazlar tomonidan o‘ylab topilayotgan “sertifikat biznesi”ning ildiziga suv quymoqda: attestatsiya va ustama uchun deb aldaydigan ustomonlar ko‘paydi. O‘qituvchilarning bir qismi bunga mehnatlarining rag‘bati sifatida qarayapti.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2022 yilning iyun oyida o‘qituvchilarga vazirlik pulli xizmat ko‘rsatmasligi hamda “Mahoratli pedagog” jurnali bilan hamkorlik qilmasligi haqida ogohlantirish bilan chiqqandi.
“So‘nggi kunlarda ayrim telegram kanallar, jumladan “Mahoratli pedagog” kanali va jurnali Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat yuritishi borasida haqiqatga zid bo‘lgan ma’lumotlarni bergan holda, o‘z jurnalida pulli asosda maqolalar chiqarish hamda pulli seminarlarga qatnashish xizmatlarini targ‘ib qilmoqda.
Buning evaziga esa sertifikat egalariga navbatdagi attestatsiyadan o‘tish, toifa va ustama olishda yordam bo‘lishi iddao qilinmoqda.
Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi “Mahoratli pedagog” telegram kanali va jurnali bilan hech qanday aloqasi yo‘q ekanini, ushbu kanal orqali beriladigan sertifikat esa hech qanday imtiyozlarga ega emasligini va Xalq ta’limi vazirligi pedagoglarga bu kabi pulli xizmatlar ko‘rsatmasligini ma’lum qiladi”, — deyilgandi vazirlik ogohlantirishida o‘shanda.
Biroq mazkur ogohlantirishga qaramasdan, o‘qituvchilar o‘rtasida pul to‘lash evaziga nodavlat ta’lim markazlari tomonidan “xalqaro forum”, “xalqaro o‘quv seminari” niqobi ostida uyushtirayotgan tadbirlarda onlayn ishtirok etish, sertifikat va esdalik nishoni sotib olish, jurnallarda maqolalar chop etish holatlari kamaygani yo‘q. Aksincha, nodavlat ta’lim markazlarining bu boradagi “biznesi” gullab-yashnamoqda.
Nega pedagoglar peshona teri bilan ishlab topgan pulini bu kabi markazlarga qo‘shqo‘llab topshiryapti? Bundan ularning manfaatdorligi nimada?
Mustaqil tadqiqotchi, pedagog Iqboljon Kamolov bunday markazlar faoliyati haqida shunday yozmoqda:
“Jamiyat “yirtqich” jurnallarga qarshi kurashishi va tadqiqotchilar o‘zlari buni boshlab berishlari lozim. Qonun shunga xizmat qilishi kerak.
AQSh Federal savdo komissiyasi Hindistondagi shunday “yirtqich” nashriyotlardan birini sudga berib, 50 million AQSh dollari jarima to‘lashga majbur qilgan. Umuman olganda esa, “yirtqich” jurnallar va ularning o‘rtakashlari bir yilda 393 mln AQSh dollari miqdorida daromad qiladi. Ularning iqtisodiyot va ilm-fanga keltirayotgan zarari esa bundan ancha ko‘p ekani shubhasizdir.
Aslida nodavlat ta’lim yoki ilmiy tashkilotlar ko‘p va xo‘b bo‘lishi kerak. Lekin vijdonga xilof tarzda faoliyat yuritish, akademik vijdonsizlikka yo‘l qo‘yish ilm-fanga nisbatan xiyonatdan boshqa narsa emas”.
Termiz shahridagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Ashurova esa o‘qituvchiga rag‘bat halol bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi:
“Ustamada nishon, medal, davlat mukofotlari e’tiborga olinmaydi. Faqat toifa, magistr, ilmiy darajasi bo‘lsa to‘g‘ridan to‘g‘ri beriladi. Inson fe’li shunday yaralgan, rag‘bat va maqtovga moyilligi tabiiy holdir. Faqat bu rag‘bat kurash tilida aytganda halol bo‘lishi kerak. Nega maqolani o‘qituvchi peshona teri evaziga tayyorlamaydi? Bu ilmiy maqolalarning natijasi qani? Qayerning yoki kimning koriga yaragan? Qaysi vijdon bilan sotib olingan, mehnati singmagan nishonni taqib yuradi? Bu natijasiz, vakolatsiz, imtiyozsiz temir kimga kerak?”
“Bu ko‘krak nishonlar rasmiymi, ustamaga o‘tadimi, deb ko‘p so‘rashmoqda. Bu medalni sotib olishga bir million so‘m sarflashmoqda ekan. Biron magazindan yasatib olsangiz yaxshi emasmi, 50-60 ming so‘mga tushadi shu temircha. Yoki sizlarga shularni sahnada berib, qarsak chalishi shartmi?
Bir nechta viloyatda bunday tadbirlarni qilib, shu “medalni” berishdi. Essiz shuncha pul, essiz ishonch, essiz “Ta’lim fidoyisi” degan so‘z, shu so‘zniyam xarob etishibdi, ming afsus.
Xullas, bu temircha hech qayerga o‘tmaydigan, hech qanday qadr-qiymatsiz, falon pulga sotib olingan temir, ko‘zingizni oching, ustozlar”, — deb yozadi Respublika ta’lim markazi direktor o‘rinbosari Isroil Tillaboyev.
Pedagoglar orasida bu kabi rag‘batni qo‘llovchilar ham topildi. Jumladan, ismini oshkor qilishni istamagan o‘qituvchi mehnatga munosib rag‘bat yo‘qligi pedagoglarni o‘ziga rag‘bat sotib olishga undayotgani haqida gapirdi:
“Ustozga birgina rahmat so‘zi ham rag‘bat. Ammo maktabimiz direktori va o‘quv ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ishlagan kadrlarga oddiygina rahmat so‘zini ham aytib, motivatsiya berishni bilmaydi. Ustoz nima qilsin, mana shu kabi motivatsiya bo‘lganida talpinadi-da.
Buning nimasi yomon? Ustozlarni hech kim, shu medalni ol, deb majbur qilmaydi-ku, ular o‘z xohishlari bilan qatnashmoqdalar. Ustozning sal bo‘lsa ham ko‘nglini ko‘taryapti. Ustama kerak emas, mayli, ammo ozgina hurmat ham kerak-ku ustozga”.
O‘qituvchilar pul evaziga sotib olayotgan bu kabi hurmat va rag‘bat hatto hokimliklar tomonidan ham e’tirof etilyapti.
Masalan, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hokimligi o‘z rasmiy kanalida tumandagi 10-umumta’lim maktabining oliy toifali o‘qituvchisi Gavhar Rustamova o‘zining (!) ilmiy maqolasi bilan Toshkent shahridagi Ilg‘or tadqiqotlar ilmiy markazida o‘tkazilgan “Xalqaro ilmiy forum”da ishtirok etgani haqida ma’lum qilgan.
“Germaniya, Turkiya, Rossiya va Fransiya kabi davlatlarning ilmiy markazlari masofaviy tarzda ishtirok etgan xalqaro ilmiy forumda g‘uzorlik Gavhar Rustamovaning ilmiy maqolasi yuqori baholanib, “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi g‘olibi, deb topildi va “Ilm-fan iftixori” esdalik nishoni bilan taqdirlandi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Toshkent shahar Ilg‘or tadqiqotlar ilmiy markazi xalqaro ilmiy forumda ishtirok etish uchun 50-150 ming so‘m, esdalik nishoni badali (sotilish narxi!) uchun 200 ming so‘m so‘rab turgan bir paytda forum ishtirokchilari ilmiy maqolani o‘zi yozgani ham shubha ostiga olinadi.
Yoki “Research and publications” ilmiy nashrlar markazining “Ta’lim fidoyisi” esdalik nishoni va sertifikatlari ham shu kabi “soqqali”: maqola chiqarish narxi 180-240 ming so‘m. Maqola yozib berish, tarjima qilib berish “xizmatlari” ham mavjud. O‘zlari xizmat haqini olib yozib bergan maqola uchun to‘lov qilsangiz, esdalik nishon ham berishadi.
Bu kabi nodavlat ta’lim markazlari o‘qituvchilarni “Ustamaga, attestatsiya baholashga asos bo‘ladi” kabi reklamalar bilan o‘ziga jalb qilmoqda. Mazkur markazlar tomonidan berilayotgan sertifikatlar va maqolalar rostdan ham kuchga egami yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’kidlaganidek, hech qanday imtiyozlarga ega emasmi?
Aslida chindan ham bu “soqqachi” markazlar va o‘qituvchilarni bog‘lab turgan “rishta” bor. Bu pedagoglarning attestatsiyadan o‘tishi bilan bog‘liq.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentabrdagi tegishli qarori bilan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomga ilova sifatida berilgan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining pedagogik mahoratini baholash mezonlariga ko‘ra, o‘quv seminarlari yoki metodik birlashmalarda metodik ishlanmalar bilan ishtirok etgani uchun agar u xalqaro yoki respublika miqyosida bo‘lsa, 3 ballgacha taqdim qilinadi.
Ayrim maktablarda o‘qituvchilarning attestatsiya hujjatlaridagi mazkur turdagi sertifikatlar yoki ilmiy maqolalar uchun ball berilmoqda. Ayni shu nuqta pedagoglarni nodavlat ta’lim markazlariga murojaat qilishga, 1 million to‘lab bo‘lsa ham puch sertifikat va esdalik nishoni olishga majbur qilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, boshqa mas’ul tashkilotlar o‘qituvchilar hamda nodavlat ta’lim markazlarini bog‘lab turgan mazkur “ip”ni uzishi kerak. Chunki avvalo bu o‘qituvchilarni nohalol tarzda toifa olishga undaydi. Qolaversa, ularning cho‘ntagiga yaxshigina zarar yetkazmoqda. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan yuqoridagi Nizom va uning baholash mezonlarida keltirilgan “o‘quv seminarlari yoki metodik birlashmalar” jumlasiga ham aniqlik kiritilishi lozim: bu o‘rinda nodavlat ta’lim markazlarining puch sertifikatlari, o‘qituvchining o‘zi yozmagan ilmiy maqolasi va sotib olingan esdalik nishonlari hisobga olinadimi yoki yo‘q?
Charos Mannonova, jurnalist
Tavsiya etamiz
Koreya: Gapirilmaydigan haqiqatlar (2-qism) | SUBYEKTIV
Jamiyat | 18:07 / 09.08.2025
Urush nima bo‘lyapti?
Jahon | 19:26 / 07.08.2025
O‘zbekistonda tonirovka uchun yozda arzonlashtirilgan narx joriy etilishi mumkin
O‘zbekiston | 15:45 / 07.08.2025
Toshkentda o‘zini DXX xodimi sifatida tanishtirgan shaxs ushlandi
Jamiyat | 14:43 / 05.08.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Neft – dunyo iqtisodiyotining yuragi
Moliya | 23:17 / 09.08.2025
-
Ukraina va Yevropa o‘z tinchlik rejasini taqdim etdi – WSJ
Jahon | 22:29 / 09.08.2025
-
Rossiya harbiy brigadalardan birini migrantlar bilan to‘ldirdi – DeepState
Jahon | 21:33 / 09.08.2025
-
Mehnat huquqiga oid farmon: nimalar o‘zgarmoqda?
Iqtisodiyot | 21:11 / 09.08.2025
Mavzuga oid

08:02 / 19.07.2025
Maktab bitiruvchilariga kasb-hunar ta’limi to‘g‘risida sertifikat beriladi

10:21 / 24.06.2025
50 nafar pedagogni attestatsiyasidan o‘tkazib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi

11:01 / 22.05.2025
Tibbiyot menejerligi bo‘yicha sertifikatga ega ayrim rahbarlarga ustamalar to‘lanadi

15:41 / 28.04.2025