Jahon | 00:05 / 11.02.2023
15007
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Suriyadagi zilzilani siyosiylashtirmaslik kerak - BMT

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish zilziladan jabrlangan Suriya xalqiga yordam berish uchun siyosiy nizolarni unutishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antoniu Guterrish Arab News kanaliga bergan intervyusida, Turkiya va Suriyada yuz bergan fojia haqida «jabrlangan odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barchamiz birlashishimiz kerak bo‘lgan bir lahzadir», dedi va siyosiy kelishmovchiliklarni chetga surib qo‘yishga chaqirdi.

«Turkiya – dunyodagi ko‘plab qochqinlar vatani. U suriyalik qo‘shnilariga misli ko‘rilmagan saxiylik qilgan. Darhaqiqat, 3,6 million suriyalik Turkiyada o‘n yildan ortiq vaqtdan beri istiqomat qiladi. Ularning ko‘pchiligi hozir zilzila qurboniga aylandi», dedi bosh kotib.

Guterrish BMT gumanitar karvoni Suriya shimoli-g‘arbida chegarani kesib o‘tgan kuni nutq so‘zladi va yordam operatsiyasining sekin sur’atidan xavotir bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, karvonda boshpana materiallari va boshqa «muhim zarur narsalarni» olib ketayotgan oltita yuk mashinasi bor, biroq bu isyonchilar nazorati ostidagi hududda zarur bo‘lgan yordamning kichik bir qismi ekanligini qo‘shimcha qildi.

«Yordam yo‘lda, lekin bundan ham ko‘proq narsa kerak», dedi Guterrish.

Suriya hukumati barcha xalqaro yordamlar Damashq orqali «transchegaraviy operatsiyalar» deb nomlanuvchi tizim yordamida o‘tishini istamoqda. Bu degani, insonparvarlik yordami oldin poytaxtdagi rasmiylarga yetkaziladi, so‘ngra ular zarur bo‘lgan joyga, jumladan, mamlakatning isyonchilar nazoratidagi hududlariga ham tarqatiladi. Suriya hukumati Damashqni chetlab o‘tgan holda, zarar ko‘rgan hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilayotgan «transchegaraviy» gumanitar yordamga qarshi chiqmoqda.

Biroq, o‘z navbatida, G‘arb rasmiylari va gumanitar tashkilotlari Suriyaning rasmiy hukumati bilan har qanday aloqadan o‘zini chetga olmoqda. Jumladan, YeI va AQSh Suriya xalqiga yordam jo‘natishga tayyorligini tasdiqladi, ammo Asad rejimi bilan munosabatlarni har qanday shaklda normallashtirishga qarshi ekanligini yana bir bor ma’lum qildi.

Guterrish yordamning har qanday usuli juda muhimligini ta’kidlamoqda.

«Biz qo‘limizdan kelganicha harakat qilishimiz kerak. Biz yordamning barcha shakllarini faollashtirishimiz kerak. Va men bu masalani siyosiylashtirmaslikka chaqiraman», dedi u.

Shuningdek, u Suriyaga qarshi «har qanday turdagi» xalqaro sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.

«Ayni paytda har bir kishi hech qanday sanksiyalar Suriya xalqiga yordam ko‘rsatishga xalaqit bermasligini ochiq aytishi kerak», dedi Guterrish.

Mavzuga oid