Jahon | 13:34 / 27.01.2023
9826
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga Abrams tanklarining zamonaviy versiyasini beradi

Ukraina Abrams M1A2 tanklarining zamonaviy modifikatsiyasini oladi. Pentagon bu tanklar yashirin zirhlarsiz, jumladan, kamaygan uransiz yetkazib berilishini tasdiqlagani yo‘q.

Foto: Getty Images

AQSh hukumati zamonaviy M1A2 modifikatsiyasidagi Abrams tanklarini Ukrainaga topshiradi - bu ma’lumotni 26 yanvar, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Sabrina Singx tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu tanklar Amerika omborlarida yetarli emas va ularni Ukrainaga o‘tkazish uchun bir necha oy kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, Singx ommaviy axborot vositalarining Vashingtonning yashirin zirhlar, jumladan, tugagan uranni o‘z ichiga olganligi sababli tayyor mashinalarni jo‘natishdan bosh tortgani va shuning uchun ishlab chiqaruvchilardan zirhli transport vositalariga buyurtma berishga qaror qilgani haqidagi xabarlarini tasdiqlamadi. «Men aytadigan gapim yo‘q. Men bu xabarlarni tasdiqlay olmayman», dedi Pentagon vakili jurnalistning savoliga javob berar ekan.

Avvalroq Politico axborot manbalariga tayanib, AQSh hukumati Ukrainaga maxfiy zirhi bo‘lmagan 31 ta Abrams tankini topshirishi haqida xabar bergan edi, aslida bunday mashinalarni eksport qilish taqiqlangan. Zirhning aniq tarkibi maxfiylashtirilgan, ammo u zichligi qo‘rg‘oshinnikidan oshib ketadigan kamaygan uranga asoslangan va shuning uchun kuchli zirhni ta’minlaydi. Shu bilan birga, AQShda eksport qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa turdagi zirhlar qo‘llaniladi.

Mutaxassislarning fikricha, Abrams M1A2 oldingi versiyasidan sezilarli darajada ustundir. Analog tizimda ishlaydigan A1 tankidan farqli o‘laroq, Abrams M1A2 raqamli tizimda ishlaydi. «Farq simli telefon va qo‘lingizda ushlab turgan iPhone o‘rtasidagi kabidir», deya 70 tonnalik tankka nomi qo‘yilgan iste’fodagi armiya generali Robert Abramsning so‘zlaridan iqtibos keltiradi CNN.

Harbiyning so‘zlariga ko‘ra, tankning yangi versiyasi A1 modeliga qaraganda ancha xavfliroqdir. Abrams M1A2 qo‘shimcha issiqlik ko‘rsatkichlari va zamonaviy texnologiyalar yordamida ekipajga dushman pozitsiyalarini tezda aniqlash, do‘stona transport vositalarining joylashuvini kuzatish va artilleriya so‘rovlarini qayta ishlash imkonini beradi.

Mavzuga oid