O‘zbekiston | 00:28 / 15.01.2023
16260
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik O‘zbekistonda ish haqi natura shaklida berilishi haqidagi xabarlarni rad etdi

Foto: Kun.uz

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi izohiga ko‘ra, faqat 2 ta holatda ish haqini natura shaklida berishni ko‘zda tutuvchi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

10 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining «Ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish va ish haqi oyiga bir marta to‘lanadigan xodimlarning ayrim toifalarini belgilash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi «Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali»ga joylashtirildi. Loyiha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tayyorlangan.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ish haqining bir qismini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘lash rejalashtirilmoqda degan mazmundagi xabarlar tarqaldi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bunga munosabat bildirib, qarorda keltirilgan bandlar bo‘yicha tushuntirish berdi.

«Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 256-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra, mehnatga natura shaklida haq to‘lash taqiqlangan, bundan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan holatlar mustasno ekanligi belgilangan», deyiladi munosabatda.

«Qaror loyihasida ushbu mustasno holatlar ham belgilanmoqda, ya’ni:

- Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini;

- Uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlash uchun mehnatga natura shaklida haq to‘lashga ruxsat etilishi mumkin.

Bunda, quyidagi talablar mavjud bo‘lishi belgilanmoqda:

- Xodim rozi bo‘lishi, ya’ni ish haqini natura shaklida to‘lash mehnat sharnomada ko‘rsatilishi;

- Xodimning oylik ish haqining 30 foizidan ortiq bo‘lmasligi;

- Xodimning shaxsiy iste’moli va oilasi uchun mos va foydali bo‘lishi;

- Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan tovar narxi uning tannarxidan yuqori bo‘lmasligi;

- Uy ishchisining ish beruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan tovar haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda taqdim etilmasligi lozim.

«Loyiha bo‘yicha ish haqini natura shaklida to‘lash mumkin bo‘ladigan holatlar faqatgina yuqorida ko‘rsatilgan 2 ta holatda ruxsat etilishi mumkin. Boshqa sohalarda va boshqa xodimlar toifalariga ish haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi», deyiladi bayonotda.

Loyihaning muhokamasi 25 yanvargacha davom etadi.

Mavzuga oid