O‘zbekiston | 19:24 / 06.01.2023
21240
6 daqiqa o‘qiladi

Manzildan adashtiruvchi poytaxt ko‘chalari

 Biror shaharga, aytaylik, Toshkentga kelyapsiz. Navigator yoki shunga o‘xshash yo‘l ko‘rsatuvchi qurilmalarsiz, yo‘l belgilariga tayanib, manzilni topib kelishingizga ko‘zingiz yetadimi? Texnika istalgan paytda pand berib qo‘yishi mumkin. Qolaversa, gadjetlardan foydalanmaydigan katta yoshli avlod hamon an’anaviy uslublar bilan shahar kezadi. Kun.uz poytaxt manzillarini navigatorlarsiz topib borish mumkin yoki yo‘qligi bo‘yicha tajriba o‘tkazdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Poytaxt ko‘chalarini bir necha daqiqa kezsangiz, bu ham arzirligina muammo ekaniga amin bo‘lasiz. Misol uchun, vohadan Toshkentga yaqinlashaverganingiz sari M-39 magistral yo‘lida  ushbu suratdagidek yashil, oq rangdagi “Yo‘nalishlarning dastlabki ko‘rsatkichi” belgisini tez-tez uchratasiz. 

Shaharga kirayotganingizda ham hammasi risoladagidek ko‘rinadi. Navigator shart emas. Hozircha.

Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab 3 km kirib kelguningizcha hammasi joyidadek. “Olmazor” metro bekati, Sirg‘ali tumaniga olib chiquvchi yana bir asosiy yo‘l haqidagi kerakli ma’lumolar bo‘lmasa ham, hartugul Markaz va Algoritm dahasiga yo‘nalishlar bor. 

Shu bilan Toshkent o‘z holicha sizning intuitsiya va taxminlaringizga tashlab qo‘yiladi.

2 km yursangiz, “Chilonzor” metro bekatiga yetasiz. Bu manzilni o‘zingiz bilmasangiz, telefoningiz bildirmasa, ulovingizdagi sheriklaringiz eslatmasa, bilib bo‘psiz. Mayli, bu shunchaki bir metro bekati bo‘lishi mumkin. Lekin hatto poytaxtning 2-yirik temiryo‘l vokzali – Janubiy vokzal, shaharning 2-asosiy belbog‘i – Kichik halqa yo‘liga yo‘naltiruvchi belgilar yo‘qligini nima deb izohlash mumkin? Axir halqa yo‘li bilan Toshkentning istalgan nuqtasiga oson borish mumkin. Temiryo‘l vokzali esa yurtdoshlarimiz respublika shaharlariga yo‘l oladigan asosiy transport obektlaridan biri. 

Keyingi asosiy ko‘prik. Sirg‘ali tumaniga o‘tkazuvchi yangi qurilgan ko‘prikka olib boradigan eng yaqin yo‘l yoki Kichik halqa yo‘liga olib chiquvchi yana bir yo‘nalish bo‘lishiga qaramasdan, yo‘l o‘tkazgichning atrofida bu haqda hech bir ma’lumotga ko‘zingiz tushmaydi.   

“Novza” bekatidagi ko‘prikdan biroz oldinroqda o‘ngga, Muqimiy ko‘chasiga qayrilib olsangiz, bu yo‘l sizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib chiqadi. Ammo bu haqda ham poytaxtning bizga biror aytari yo‘q. Vaholanki, aeroportga har kuni minglab kutib oluvchilar, mehmonlar va yurtdoshlarimiz kelib ketishadi. Ularning hammasi ham bu manzilni oson topib borishiga amin bo‘la olamizmi?

Poytaxtga kirib kelganimizga 7 km bo‘ldi. O‘ylab qoldik, balki, bunday “Axborot ishora belgilari” yo‘l o‘tkazgichlar oldidan qo‘yilmas, biz adashayotgandirmiz? Boshqa davlatlarda har bir ko‘prikka olib chiquvchi, tushuvchi yo‘llar haqida ma’lumotlar yoziladi-ku? Bizda bunday taomil yo‘qmikin yoki? Yo‘qdir-da, bo‘lmasam allaqachonlar qo‘yishmasmidi? Mana shu o‘y-xayollar bilan keza-keza o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan yangi ko‘prik oldidan chiqdik.  

“Mana, bo‘larkan-ku? Bor ekan-ku!” deb yubordik beixtiyor. Bu yo‘nalishlar yordami bilan Shimoliy va Janubiy vokzal, aeroport, Kichik halqa yo‘li – hammasiga qulaygina chiqish mumkin: yangi yo‘l o‘tkazgichning har ikki tomoniga yo‘l belgilarini qo‘yishibdi.  

“Yo‘nalishlarning dastlabki ko‘rsatkichi” belgisiga ishonib, yo‘nalish bo‘yicha harakatlandik. Bizga Shimoliy vokzal kerak. Qani, qarshimizda uni eslatuvchi biror ma’lumot chiqsa. Yo‘q ekan desak, xato bo‘ladi. Taxminan, avtomobil raqami o‘lchami bilan bir xil va faqat unga yaqin turgan odamgina o‘qiy oladigan yo‘l belgisi o‘rnatilgan ekan.   

Oldinda esa Kichik halqa yo‘lining davomi va yonida Shimoliy vokzalga eltuvchi ikki yo‘l bor. Ammo bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q. 

Nukus ko‘chasi bo‘ylab harakatlansangiz, yo‘l Abdulla Qodiriy ko‘chasiga tutashadi. Ko‘cha bo‘ylab 1 km yursangiz, yo‘l 2 ga bo‘linadi. Oldin o‘ngdagi Movarounnahr ko‘chasiga ham yurilardi. Endi yo‘nalishlar biroz o‘zgargan. Bittagina yo‘l belgisi harakat faqat Abdulla Qodiriy ko‘chasiga ekanini ko‘rsatib turibdi. 

Ungacha esa hech qanday ogohlantiruvchi yoki axborot belgilari mavjud emas. Bu holatda yillarki har 2 yo‘nalishda harakatlangan haydovchilar yo‘l infratuzilmasi, belgilar o‘rnida o‘rnatilmagani uchun xato qilib, chiziq bosib yoki boshqa biror xatoga yo‘l qo‘yishlari mumkin. 

Ko‘zingiz tushdimi-yo‘qmi, yo‘llarning aybi bilan adashib qo‘ysangiz, jarima naqd. 

Kamchiliklar shu misollar bilan yakunlanmaydi. Izlasa muammo bisyor. Lekin izlansa imkon ham bor. Toshkent ko‘chalarida yurmoqchi bo‘lsangiz, yo shaharni to‘kis yodlab qoling, yoki navigatorni qo‘ldan qo‘ymang. Poytaxtning yo‘l infratuzilmasi bu talabingizni qondirishga qodir emas. 

Sardorbek Usmoniy, jurnalist

Tasvirchi, montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid