Jahon | 19:35 / 01.11.2022
25210
9 daqiqa o‘qiladi

Sevastopolga hujumdan keyin Rossiya «g‘alla kelishuvi»dan chiqdi. Lekin don tashish to‘xtab qolmadi

Ukraina o‘z g‘allasini Turkiya va BMT yordamida olib chiqishda davom etmoqda. Rossiyaning «g‘alla kelishuvi»dan chiqishidan keyin nimalar bo‘lmoqda?

Ukraina yuk kemalari Istanbulda. Foto: EPA

29 oktyabr kuni Rossiya mudofaa vazirligi va TIV mamlakat BMT va Turkiya hamkorligida oziq-ovqat eksporti uchun Ukraina janubidagi portlarni blokdan yechish bo‘yicha tuzilgan kelishuvdagi ishtirokini «noma’lum muddat»ga to‘xtatishini ma’lum qildi. Rossiya bunga RF Qora dengiz flotining ushbu «g‘alla yo‘lagi» xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etgan kemalariga «yoppasiga aviatsiya va dengiz kuchlari orqali zarba berilishi»ni sabab qilib keltirgan.

Rossiya tomoniga ko‘ra shanba kuni «ukrain qurolli kuchlari gumanitar yo‘lak niqobi ostida [...] uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan holda Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasida Rossiya Qora dengiz flotining kemalari va infratuzilmasiga aviatsiya zarbalari yo‘lladi». Rossiya Sevastopolni 2014 yilda noqonuniy ravishda annexia qilib olgan.

Shu bilan birga, Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, hujumni «britaniyalik mutaxassislar tomonidan boshqarilgan ukrain qurolli kuchlari» amalga oshirgan.

Moskvadagilar endi RF dengiz yo‘li xavfsizligini ta’minlay olmasligi va shu tufayli uni bir tomonlama yopishini qo‘shimcha qilishdi. Rossiya idoralari bayonotidan bir soat o‘tib RFning BMT qoshidagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy Telegram-kanalida Rossiya BMT Bosh kotibini kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatgani haqida rasman xabardor qilganini ma’lum qildi.

Yakshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi Sevastopolda kemalarga hujum qilingan hududda urib tushirilgan dronlar parchalari suvdan olib chiqilgani haqida ma’lum qildi. Harbiy idoradagilar tasdiqlashicha, dronlar Odessa yaqinidagi sohildan uchirilgan va ularga Kanada navigatsiya modullari o‘rnatilgan bo‘lgan. Vazirlikka ko‘ra, dronlar «g‘alla kelishuvi» doirasida tashkil etilgan xavfsiz yo‘lak bo‘ylab harakatlangan, keyin esa yo‘nalishni o‘zgartirib, Sevastopoldagi Rossiya kemalari tomon uchgan.

Mudofaa vazirligi versiyasiga ko‘ra, dronlarni «Buyuk Britaniya vakillari rahbarligi ostidagi Kiyev rejimi» havoga ko‘targan, rossiyalik harbiylar bu «navigatsiya priyomnigi xotirasidan o‘qilgan ma’lumotlar qayta tiklanishi natijalariga ko‘ra aniqlangani»ni aytishgan.

«Dengiz dronlaridan birining harakat koordinatalari Qora dengizdagi «g‘alla yo‘lagi» xavfsizlik zonasining dengiz hududidagi boshlang‘ich nuqtasini ko‘rsatdi», deyiladi vazirlik xabarida. Vazirlik mutaxassislari taxmin qilishicha, dronlar «Kiyev yoki uning g‘arblik homiylari Ukraina dengiz portlaridan qishloq xo‘jalik mahsulotlari olib chiqish uchun ijaraga olgan» fuqarolik kemalaridan birining sahnidan uchirilgan».

«Epik ko‘lamdagi yolg‘on»

Rossiya mudofaa vazirligi Sevastopolda Qora dengiz floti kemalariga hujum qaytarilgani va faqat birgina dengizni minalardan tozalash bilan shug‘ullanuvchi «Ivan Golubets» kemasi shikastlanganini ma’lum qilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi hujumga tayyorgarlik «Ukrainaning Mikolayiv oblasti Ochakovo shahrida joylashgan britaniyalik harbiylar rahbarligida» amalga oshirilganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, Rossiya hukumati ushbu «britaniyalik mutaxassislar»ni «Shimoliy oqim» gaz quvurlarini portlatishni uyushtirishda ham ayblagan.

London bu ayblovlar yolg‘on ekanini aytib chiqdi. «Ukrainaga noqonuniy bosqin davomida uchralgan muvaffaqiyatsiz harakatlaridan e’tiborni chalg‘itish uchun Rossiya mudofaa vazirligi aql bovar qilmas miqyosdagi yolg‘on bayonotlar tarqatishga kirishdi. Bu to‘qib chiqarilgan hikoya G‘arbdan ko‘ra Rossiya hukumatidagi bahslar haqida ko‘proq gapiradi», deyiladi Britaniya mudofaa vazirligi bayonotida.

G‘alla tashilishi davom etmoqda

Rossiya Ukrainadan g‘alla eksporti xavfsizligini ta’minlashdan bosh tortganidan uch kun o‘tib don ortilgan yuk kemalari Ukraina va Turkiya portlari orasida qatnay boshladi.

Ukrainadan «g‘alla kelishuvi» doirasida kelgan kema ekipaji a’zosi g‘allani Istanbuldagi tekshiruv uchun tayyorlamoqda. 
Yasin Akgul / AFP / Scanpix / LETA

G‘alla kelishuvida vositachilik qilgan tomonlar - Turkiya va BMT uning davom etishiga umid qilmoqda va Moskva bilan muzokaralar rejalashtirmoqda. Kreml o‘z roziligisiz eksport «tavakkalchilik, xavfli va kafolatlanmagan» bo‘lishidan ogohlantirgan, ammo hozircha eshiklarni yopib qo‘yishga shoshilmayapti.

Vladimir Putin fevral oyida armiyani Ukrainani bosib olishga jo‘natgan va yoz o‘rtalariga qadar Rossiya floti ukrain portlarini to‘sib qo‘ygandi. 20 mln tonnaga yaqin g‘alla portlarda qolib ketgan, bu jahon bozoridagi narxlar o‘sishiga olib kelgan, qashshoq mamlakatlar oziq-ovqat yetishmovchiligi xavfi ostida qolgandi. BMT vositachiligida blokada bekor qilindi va 1 avgustdan buyon Ukraina 9 mln tonnadan ortiq g‘allasini eksport qildi.

Ammo o‘tgan vaqt davomida frontdagi o‘zgarishlar tajovuzkor tomon foydasiga bo‘lmadi va Rossiya birin-ketin muvaffaqiyatsizliklarga uchradi. Bunga javoban Putin muhim fuqarolik infratuzilmalarini bombalashga buyruq berdi, asosan elektr stansiyalarga zarba berilmoqda, shanba kuni esa bug‘doy kelishuvidan chiqildi.

Ammo dushanba kuni ukrain portlaridan jami 355 tonna g‘alla ortilgan 12 ta yuk kemasi chiqdi, ulardan biri BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi doirasida Afrikaga yordami sifatida harakatlandi. Qolganlari Misr, Jazoir, Turkiya va G‘arbiy Yevropaga yo‘l olgan.

G‘alla kelishuvi shartlariga ko‘ra, barcha yuk kemalari Istanbulda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Dushanba kuni tekshiruv faqat BMT va Turkiya vakillari tomonidan o‘tkazildi, odatda ularga Ukraina va Rossiyadan ham inspektorlar qo‘shilardi.

Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an kelishuvning o‘ziga taalluqli qismini bajarayotganini aytdi.

«Birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali biz jahon oziq-ovqat inqirozini yumshatishga muvaffaq bo‘ldik. Va agar Rossiya endi kelishuv o‘ziga foyda keltirmagan deb topib, qat’iyatsizlik qilsa ham, biz butun insoniyat manfaatlari yo‘lida qat’iy harakatlarimizni davom ettiramiz», dedi u dushanba kuni.

Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Oqar Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan gaplashgani va Ukraina armiyasi bilan ham doimiy aloqada bo‘lib turganini aytdi.

Barchasi boy berilmagan

Kreml aloqalar davom etayotganini tasdiqladi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya agentliklaridan birining Ukrainadan g‘alla eksporti Rossiya ishtirokisiz davom ettirilishi ehtimoli yuzasidan bergan savoliga javob qaytardi.

«Rossiya bu hududlarda kemachilik xavfsizligini kafolatlashning iloji yo‘qligini aytayotgan sharoitda bunday kelishuvning amalga oshirilishi deyarli imkonsiz va u boshqacha xarakterga ega bo‘ladi: yanada tavakkalli, xavfli va kafolatsiz», deya Peskovning so‘zlarini keltiradi «Interfaks».

G‘alla kelishuvi butunlay yopilishi ehtimoli borasidagi savolga esa u shunday javob bergan: «Turkiya tomoni bilan, shuningdek BMT bilan diplomatik liniya va boshqa idoralar orqali aloqa davom ettirilmoqda».

Ukrainaning yirik hamkori bo‘lmish Yevroittifoq anchadan buyon quruqlikdagi chegaralar orqali savdoni kengaytirishga urinib keladi, ammo dengiz yo‘llari hamon foydaliroq va keng ko‘lamli bo‘lib qolmoqda.

«Rossiya kelishuvga qaytishi va dunyoga oziq-ovqat yetkazib berilishi uchun dengizda gumanitar yo‘laklarni ta’minlashi kerak. Rossiyaning kelishuvdan chiqishi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli yuzaga kelgan jahon oziq-ovqat inqiroziga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan don va o‘g‘it mahsulotlari tashishning asosiy eksport yo‘nalishiga tahdid soladi», deyiladi Yevrokomissiyaning dushanba kungi xabarida.

YeI Ukrainadan eksport uchun daryo, temiryo‘l va avtomobil yo‘nalishlarini kengaytirishga va’da bergan. Yevrokomissiyaning xabar qilishicha, may oyidan buyon bunday yo‘nalishlar orqali kamida 14 mln tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashilgan.

Mavzuga oid