Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Respublika bo‘ylab issiqxonalarni gazdan uzish boshlandi. Hosilga kirgan ko‘chatlarning taqdiri nima bo‘ladi?
Respublika bo‘ylab issiqxona xo‘jaligi tashkil etgan tadbirkorlar kuz-qish mavsumida gaz yetkazib berish to‘xtatilishi haqida ogohlantirish olgan. Ayrim hududlarda allaqachon issiqxonalarni gazdan uzish boshlab yuborilgani aytilmoqda. Tadbirkorlar gaz ta’minoti korxonalarining bu harakatlaridan norozi bo‘lmoqda.

Foto: KUN.UZ
“Hududgazta’minot” AJ tomonidan joylardagi gaz ta’minoti filiallariga yuborilgan topshiriq xatida issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gazga muqobil bo‘lgan import ko‘mir yoki boshqa turdagi yoqilg‘i bilan ta’minlash, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan ulgurji iste’molchilarni rasman ogohlantirgan holda bosqichma-bosqich tabiiy gaz yetkazib borilishini to‘xtatish haqida so‘z boradi.

Kun.uz’ga murojaat qilgan respublikaning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatuvchi issiqxonachilar allaqachon ogohlantirish olishgani, hosil g‘arq pishib turganiga qaramay ayrim issiqxonalar allaqachon gazdan uzib qo‘yilganini aytishmoqda.
Issiqxona xo‘jaliklari rahbarlariga taqdim etilayotgan ogohlantirish xatida 2022–2023 yilgi kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obektlarini uzluksiz bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida tasdiqlangan jadval-reja asosida 3-5 kun ichida tabiiy gazdan muqobil yoqilg‘iga o‘tish kerakligi haqida so‘z boradi. Gaz ta’minoti korxonalari ushbu ogohlantirish xati bilan issiqxonani isitish uchun gazdan boshqa yoqilg‘iga o‘tilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy oqibatlar uchun javobgarlikni zimmasidan soqit qilib, buning uchun issiqxona egalari javobgar bo‘lishini eslatgan.

“3 gektarga ekilgan pomidor ko‘chatlari g‘arq hosilga kirgan”
Issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bir guruh tadbirkorlar biz bilan suhbatda davlatning va’dalariga ishonib katta pul tikib, qarz va kredit olib bu ishni boshlashgani, agar kelgusida bu kabi muammolar yuzaga kelishini bilishganida issiqxonachilikning yaqiniga ham yo‘lamagan bo‘lishlarini ta’kidlashmoqda.
– 2018 yilda ish boshlaganman. 3 gektar maydonda issiqxona barpo etganman. Hali Osiyo taraqqiyot bankidan olingan kreditni to‘liq qaytarib ulgurmaganmiz. Hozirga qadar bir so‘m ham foyda olganimiz yo‘q, topgan pulimiz qarzimizni qaytarishga ketmoqda.
Gaz uchun har oy oldindan 100 foiz to‘lov qilamiz. Bir oyda 150 million so‘mlik gaz ishlatamiz. Hisobimizda keyingi oyning o‘ninchi sanasigacha yetadigan pulimiz bor. Lekin “Hududgaz Toshkent” korxonasi 3 kun ichida issiqxonamiz gazdan uzilishi haqida ogohlantirdi. Lekin men ogohlantirishni qabul qilishdan bosh tortdim.

Chunki 3 gektarga pomidor ekkanman. Ko‘chatlarim g‘arq hosilga kirgan. Agar hozir gazni o‘chirib qo‘yadigan bo‘lishsa, 300 ming dollar zararga kiraman. Shuni ko‘ra-bila turib, bizni gazdan uzib qo‘yishlari qanchalik to‘g‘ri? Uvol emasmi bu?Davlat rahbari keyingi paytda oziq-ovqat xavfsizligi haqida ko‘p gapirmoqda.
Pandemiya davrida, Ukraina-Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat fonida bu masalaning qanchalik dolzarbligini har bir o‘zbekistonlik his qilganiga shubham yo‘q. Shunday murakkab paytda aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash bilan shug‘ullanayotgan kichik biznes vakillarining mushkulini oson qilish, ko‘maklashish kerak emasmi? Biz esa buning aksini ko‘ryapmiz”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan qibraylik tadbirkor.

“Zamonaviy issiqxonalarni ko‘mir bilan isitib bo‘lmaydi”
Qashqadaryolik tadbirkorning aytishicha, hududiy gaz ta’minoti korxonalari taklif qilayotgani kabi issiqxonalarni ko‘mir bilan isitishning imkoni yo‘q. U bu usul faqatgina kichik maydondagi qo‘lbola issiqxonalarda ish berishi mumkinligini ta’kidladi.
– Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida 2 gektar yer maydonida issiqxona barpo etganmiz. Bizga 5 kun ichida 3 oylik muqobil energiya, ya’ni ko‘mir zaxirasini g‘amlab turishimiz kerakligini aytishdi. Lekin 3 oyga yetadigan ko‘mirni 5 oyda ham g‘amlay olmaymiz. Chunki buning uchun yetarli mablag‘imiz yo‘q.
Qolaversa, ko‘mir yordamida 10-20 sotix yerlarni isitish mumkindir. Ammo katta issiqxonalarni, gektarlab yerlarni ko‘mir yordamida isitib bo‘lmaydi. Masalan, bizning issiqxonamiz balandligi 8 metr, hajmi 2 gektar. Bunday issiqxonalarni ko‘mir bilan isitishning imkoni yo‘q. 20-30 gektar maydonda issiqxona barpo etganlar bor, ular nima qilsin?!

Agar “RayGaz”dagilarning aytganini qilishga majbur bo‘ldik ham deylik. Buning uchun yana xarajat qilishim, taxminan 30 ming dollarga ko‘mirda ishlaydigan ikkita “kotyol” olishim kerak bo‘ladi. Bittasi bilan issiqxonamni isitib bo‘lmaydi. Eng kamida bir vagon ko‘mir olishim kerak, buning uchun 1,5 ming dollar atrofida mablag‘ talab qilinadi. Qishdan chiqishimiz uchun taxminan 10 ming dollarlik ko‘mir sarflashga to‘g‘ri keladi.
Ammo hozirgi holatimizda buncha miqdordagi xarajatga imkoniyatim yo‘q. Chunki faoliyatimizni 2019 yil boshlagan bo‘lsak-da, uch yillik imtiyozli davrdan foydalana olmadik. Qolaversa, gidroponika bo‘yicha mutaxassis topolmadik, keyin ruslar kelib ish o‘rgatishdi, ularga shogird tushib o‘rgandik. Ammo vaqt yo‘qotganimiz uchun kredit to‘lovi bo‘yicha jadvaldan orqada qolib ketdik. Topganimiz bankka ketyapti-yu, endi esa gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda”, deydi ismini ochiqlashni istamagan tadbirkor.

“1 mln dollarlik eksport shartnomamiz borligini aytsak-da, gazdan uzib qo‘yishdi”
Jizzax viloyati Sharaf Rashidov tumanida 5 gektar maydonga issiqxona tashkil etgan Greenhouse Fruits MChJ rahbari O.Ergashev Rossiya bilan 1 mln dollarga eksport shartnomasi borligi, shartnomaviy majburiyatlarini hali bajarmaganiga qaramay issiqxonasi gazdan uzib qo‘yilganini aytmoqda.
“2019 yili Jahon bankining 1,2 mln dollarlik krediti bilan faoliyatimizni boshlaganmiz. Dastlab ikki gektar yerda issiqxona tashkil qilgan bo‘lsak, keyinchalik faoliyatimizni kengaytirish orqali yerimizni 5 gektarga yetkazdik. Bugungi kunda 5 gektarning barchasiga pomidor ekilgan. 1 mln dollarlik mahsulotlarimizni Rossiyaga eksport qilish bo‘yicha shartnomamiz bor. Oldindan bizga 30 ming dollar to‘lab berilgan. Shunaqa kelishganmizki, hamkorimiz har safar 30 ming dollarni hisobga o‘tkazadi, biz shu pulga yarasha mahsulot yuboramiz. Ya’ni rossiyaliklar oldindan to‘lov asosida ishlayman deganimda rozi bo‘lishgan.

Rossiya uchun maxsus navdagi pomidor ekkanmiz. U bir oyda pishadi. Pomidorimiz pishish arafasida. Hali bir kilo ham eksport qilganimiz yo‘q. Zimmamizda eksport majburiyati turibdi. Shularni aytsak ham gaz ta’minoti korxonasi bizga ogohlantirish xati berdi-da, issiqxonamizni gazdan uzdi. Yo‘qsa ogohlantirish berishgan zahoti gazimizni uzmay turishlarini so‘rab, vaziyatimizni tushuntirib xat yozgandik. Biroq vajlarimiz inobat olinmadi.
O‘zi bir oyga bor-yo‘g‘i 110 ming kub gaz olamiz. Mahsulotimiz yetilish arafasida. Lekin ayni paytda gazsiz o‘tiribmiz. Ko‘chatlarimiz gaz uzilgan birinchi kechadagi sovuqning o‘zida “stress” olib bo‘ldi. Ularni jonlantirish uchun yana xarajat qildik. Kecha, bugun sovuq bo‘lgani yo‘q xudoga shukur. Ko‘chatlarimiz sovuq urmagan bo‘lsa ham hozir issiqxona ichida bizga zarur harorat yo‘q. Bu ahvolda kunlar sovib ketmasa ham mahsulotimiz pishishi sekinlashadi.
Agar mahsulotimizni sovuq uradigan darajada sovuq tushadigan bo‘lsa, meni olib borib qamab qo‘yishsa ham gazni ulayman. Boshqa ilojim yo‘q. Chunki hozirgacha hazilakam xarajat qilganimiz yo‘q. 5 gektarga 250 ming dollardan ko‘proqqa mineral o‘g‘it ishlatganmiz. Ish haqi, elektr toki xarajatlari, bularning barchasi hisoblansa, juda katta xarajat qilingan. Mahsulotni sovuq uradigan bo‘lsa xonavayron bo‘lamiz”, deydi O.Ergashev.

“Gaz ta’minoti bo‘yicha shartnomalar Hududgaz manfaatini ko‘zlab tuzilgan”
Suhbatdoshlarga ko‘ra issiqxona sanoati barqaror va daromadgir soha emas. Tadbirkorlar bu ishni boshlashgan vaqtdagi xarajatlar bilan hozirgi paytdagisi bir-biridan tubdan farq qilishini aytmoqda. Ya’ni mahsulotning ichki va tashqi bozordagi narxi deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, unga beriladigan ozuqa moddalar narxi ikki barobarga qimmatlashgan. Sohadagi bu va boshqa muammolarga sabr qilib ishlashayotgan bir paytda gazdan uzib qo‘yish ularga og‘irlik qilayotgani, ishdan sovutayotganini aytmoqda.
Suhbatdoshlarning ta’kidlashicha, gaz ta’minoti korxonasi va issiqxona egalari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bir yoqlama hamda monopol tashkilot manfaatlarini ko‘zlab tuzilgan.
“Gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalardagi bandlar yuzasidan avvalboshdan e’tirozlarimizni bildirganmiz. Chunki shartnomada bizning manfaatlarimizga zid, faqatgina monopol tashkilot foydasiga xizmat qiladigan bandlar ko‘p.
Masalan, agar gaz taqchilligi yuzaga kelgudek bo‘lsa, shartnomaga ko‘ra istalgan vaqtda bizni tarmoqdan uzib qo‘yishlari mumkin. Shu shartga roziman deb bizdan qo‘l qo‘ydirib olishgan. Qo‘l qo‘ymaslik ilojsiz edi.
Teng huquqli shartnoma so‘raganimizda gazga ulab berishmay sarson qilishdi. Zimmamizda qarzlarimiz bo‘lgani, o‘tayotgan har bir kun zararimizga ishlayotgani uchun noiloj shartnomaga qo‘l qo‘yganmiz. Endilikda aynan shu bandini asos qilib, issiqxonalarimizni gaz tarmog‘idan uzishyapti. Bu sharoitda tadbirkor qanday qilib investitsiya kiritishi, qanday qilib kreditni to‘lashi va qanday qilib foydaga kirishi mumkin?” deydi qibraylik tadbirkor.

“Hududgaz bilan tuzilgan shartnomamizning 2.7-bandiga bizning zararimizga ishlaydigan qoidani tirkab qo‘yishgan. Ya’ni unga ko‘ra, aholini gaz bilan ta’minlashda muammo yuzaga keladigan bo‘lsa, ta’minotchi istalgan vaqtda iste’molchini gaz tarmog‘idan uzib qo‘yishga haqli. Bu “shablon” qilib qo‘yilgan shartnoma. Uni o‘zgartirishga rozi bo‘lishmagan. Shu shartnomani imzolasak, gazga ulab berishlarini aytishgan. Majbur rozi bo‘lganmiz.
O‘sha paytda gazga ulanib olganimizga shukur qilganmiz. “Keyin nima bo‘lsa xudo poshsho” degandik o‘sha paytda. Shartnomaviy munosabatlardagi notenglik mana bugun boshimizga kaltak bo‘lib sinyapti. Ammo hozir dardimizni eshitadigan vallomat yo‘q. Dod desak, mana, o‘zing rozi bo‘lgan ekansan-ku, deb shartnomani pesh qilishadi. Hoy, baraka topkur, shartnomaning o‘zi qonunlarga qanchalik mos? Nega u tadbirkorning zarariga ishlaydigan qilib tuzilgan? Bu savollarga javob beradigan, manfaatlarimizni himoya qiladigan mutasaddini topolmayapmiz”, deydi qarshilik issiqxona xo‘jaligi egasi.
“Hududgazta’minot” AJ iste’molchilardan gazdan oqilona foydalanishni so‘radi
Murojaatchilarning vajlari bo‘yicha “Hududgazta’minot” AJ mas’ullaridan ham izoh so‘radik. Jamiyat axborot xizmati rahbari Mehribon Mametova havo haroratining keskin pasayishi kutilayotgani uchun asosiy resurslarni aholi va ijtimoiy soha obektlariga yo‘naltirish maqsadida issiqxonachilarga ko‘mir va boshqa muqobil yoqilg‘idan foydalanish tavsiya etilganini bildirdi. Biroq u hosili g‘arq pishib turgan, ammo muqobil yoqilg‘i topolmagan tadbirkorlar masalasi qanday hal qilinishi haqidagi savolimizni ochiq qoldirdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 oktyabrdagi “2022/2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 224-son yig‘ilish bayonining 41-bandiga asosan, aholi va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida bir qator vazifalar belgilangan.
Jumladan, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati bo‘yicha reja-grafiklar tuzilmoqda. Mavsumiy iste’molchilarga ko‘mir va boshqa muqobil yoqilg‘ilardan foydalanish haqida xabarnomalar yuborilgan.
Bugungi kunda respublika bo‘ylab 2885 ta issiqxona xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Shundan 1793 tasi ko‘mir va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanadi. 1092 tasi tabiiy gazga moslashtirilgan.
“O‘zgidromet” xabarlariga ko‘ra kelayotgan kuz-qishda xavo haroratining keskin pasayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan asosiy resurslarni aholi va ijtimoiy soha obektlariga yo‘naltirilishi maksadida, issiqxona xo‘jaliklari va mavsumiy iste’molchilarga ko‘mir va boshqa muqobil yoqilg‘idan foydalanish tavsiya etilgan. “Hududgazta’minot” AJ o‘z navbatida iste’molchilardan tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni so‘raydi”, deyiladi Mehribon Mametova tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma’lumotda.
Tadbirkorlarning dodini eshitadigan bormi?
“Hududgazta’minot” aksionerlik jamiyatining javobi issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning mushkulini oson qilmasligini anglab yetgan bo‘lsangiz kerak. Bu o‘rinda Adliya vazirligi Hududgaz va tadbirkorlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar amaldagi qonunlarga qanchalik muvofiqligini o‘rganishi va huquqiy baho berishi zarur nazarimizda.

Balki asosiy ishi ishbilarmonlarning manfaatlarini himoya qilish bo‘lgan Biznes ombudsman borligini ko‘rsatadigan vaqt kelgandir? Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Dilmurod Qosimov qog‘ozbozliklaru hisobotlardan bosh ko‘tarib, gazdan uzilayotgani ortidan milliard-milliard zararga kirayotgan, bundan ham yomoni, g‘arq pishish arafasidagi ne’matlar nobud bo‘layotgan bir vaqtda amaliy ish ko‘rsatishi kerak emasmi? Xullas, mutasaddilar hayit o‘tganidan keyin emas, balki ungacha nimadir qilishlari kerak. Yo‘qsa kech bo‘ladi.
Kun.uz mavzuga doir surishtiruvlarini davom ettiradi.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Mavzuga oid

08:02 / 10.07.2025
Ftiziatriya dispanserida 1,5 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi

13:53 / 05.07.2025
Yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni gazga ulashda muammolar yuzaga kelyapti

12:47 / 04.07.2025
Iyunda 135 mlrd so‘mlik energiyadan noqonuniy foydalanildi

16:10 / 01.07.2025