Jahon | 08:22 / 18.10.2022
3662
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi maktablarda WhatsApp'dan foydalanish taqiqlandi

Rossiya maktablarida «axborotni himoya qilish maqsadida» xorijiy messenjerlar faoliyati taqiqlandi. Buning o‘rniga ular rus servislari tavsiya qilinmoqda.

Foto: Kun.uz

Rossiyalik o‘qituvchilarga maktabdagi o‘quv jarayoni doirasida xorijiy messenjerlar, xususan WhatsApp va internet servislaridan foydalanish taqiqlandi. «Cheklovlar maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqib ketishi ehtimolini bartaraf etishga yordam beradi», deb yozadi «Kommersant» 17 oktyabr, dushanba kuni RF Ta’lim vazirligidagi manbalarga tayanib.

Buning o‘rniga, mintaqalardagi maktab xodimlariga VK tomonidan Rostelekom bilan birgalikda ishlab chiqilgan mahalliy VK Messendjyer va Sferum o‘quv platformasidan foydalanish tavsiya qilindi. Shu bilan birga, Rossiya Ta’lim vazirligi yuborilgan tavsiyalar faqat «Moya shkola» davlat tizimi bilan ishlashga tegishli ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, ota-onalarga xorijiy messenjerlardan foydalanishni cheklash tavsiya etildi. Nashrning yozishicha, Nijyegorod oblastida o‘qituvchilar ota-onalarni ma’lumotlarni himoya qilish maqsadida «xorijiy internet-serverlardan foydalanish imkoniyatini istisno qilishga» chaqirmoqda. Biroq, vazirlik ota-onalarning muloqot kanallari bo‘yicha maxsus qoidalar yo‘qligiga ishontirdi.

Davlat muassasalarini Rossiyada ishlab chiqilgan messenjerlar va servislariga o‘tkazish 2021 yilda «Axborot texnologiyalari tarmog‘ini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish» davlat dasturi doirasida boshlangan.

Mavzuga oid