Jahon | 07:28 / 29.09.2022
10973
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyev rosgvardiyachilarni tinch aholini otib tashlaganlikda aybladi

Ukraina huquq-tartibot idoralari Rosgvardiya xodimlarini Kiyevga muvaffaqiyatsiz hujumdan so‘ng tinch aholining avtomobillarini otib tashlashda aybladi.

Videodan kadr

25 fevral kuni Kemerovo oblasti va Krasnoyarsk o‘lkasidan kelgan Rosgvardiya xodimlari Kiyevga bostirib kirishga muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng olti soatdan ko‘proq vaqt davomida Gostomel yaqinida tinch aholi avtomobillariga qarata o‘q uzgan - bu voqea sodir bo‘lganligi haqidagi video e’lon qilindi. U 28 sentabr, chorshanba kuni UXX, Kiyev prokuraturasi va Ukraina milliy politsiyasi tomonidan taqdim etildi.

Idoralar versiyasiga ko‘ra, Kemerovo va Novokuznetskdagi Rosgvardiya bo‘linmalari, shuningdek, Krasnoyarsk o‘lkasidagi OMON xodimlari «Kiyevni egallash bo‘yicha jangovar topshiriqni bajara olmay, orqaga chekinishdi va Gostomel qishlog‘ida, Shevchenko va Svyato-Pokrovskaya ko‘chalari hududida pozitsiyalarni egallashdi». Shundan so‘ng Rossiya idorasi bo‘linmalari xodimlari «jang zonasini tark etishga urinayotgan tinch aholi vakillari bo‘lgan fuqarolik avtomashinalariga olti soatdan ortiq o‘q uzgan». Idoralar uzoq davom etgan o‘q uzish natijasida halok bo‘lganlar va yaralanganlarning turli sonini ko‘rsatmoqda - 5 nafardan 11 nafargacha halok bo‘lgan va 6 nafardan 15 nafargacha yaralangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Gostomelda yashovchi Rossiya fuqarosi, qurbonlar orasida esa Germaniya fuqarosi bor.

Idoralar tomonidan voqea joyidan e’lon qilingan videoda harbiy kiyimdagi odamlar va armiya mashinalari, jumladan, V harfi bilan belgilangan BTR yo‘l chetidagi o‘rmonda to‘xtab turganini ko‘rish mumkin. Ba’zi hollarda fuqarolik transport vositalarini o‘qqa tutish zirhli transport vositasidan amalga oshirilgan, kamida bittasi - VAZ 2106'ning o‘qqa tutilishi videoda ko‘rsatilgan. Politsiyaning ta’kidlashicha, o‘q otilgan mashinalardagi o‘q teshiklarining minimal soni - 38 ta, maksimali esa - 128 ta.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 28 sentabrgacha Rossiya idoralarining kamida besh nafar xodimi aniqlangan - Krasnoyarsk o‘lkasi bo‘yicha OMON qo‘mondoni Sergey Kazeichev, uning o‘rinbosari Sergey Veykkollaynen, Krasnoyarsk o‘lkasi bo‘yicha Rosgvardiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oleg Potopalskiy va OMON xodimlari Aleksey Malaxayev va Nikita Gadalov.

Ularning barchasi urush qonunlari va urf-odatlarini buzganlikda, qasddan odam o‘ldirishda (Ukraina Jinoyat kodeksining 28-moddasi 2-qismi, 438-moddasi 2-qismi) gumonlanib, sirtdan ayblangan.

Rosgvardiya xodimlari harbiy harakatlar boshidanoq Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqinida qatnashgan - ular fevral oyi boshida mamlakat chegaralariga joylashtirilgan. Biroq, dastlab idora rosgvardiyachilar Ukrainada qanday aniq vazifalarni bajarganligi haqidagi ma’lumotni yashirdi - masalan, Krasnodar o‘lkasidagi sud Ukrainaga qarshi jang qilishdan bosh tortgani uchun ishdan bo‘shatilgan uch nafar sobiq rosgvardiyachining ishiga maxfiylik maqomi berdi.

Aprel oyida Rossiya qo‘shinlari Kiyev va Chernihov viloyatlaridan chekinganidan so‘ng, ular ilgari bosib olgan hududlarda ko‘plab harbiy jinoyatlar sodir etilganligi to‘g‘risida dalillar topildi. Eng mashhur shunday joylardan biri Kiyev oblastidagi Bucha shahri bo‘lib, rus qo‘shinlari chekinganidan so‘ng darhol olingan fotosuratlarda o‘nlab fuqaro kiyimidagi halok bo‘lganlarning jasadlari, yondirilgan mashinalar va o‘q otish natijasida vayron bo‘lgan uylar ko‘rsatilgan. Bucha meri Anatoliy Fedorukning ta’kidlashicha, shahar Ukraina nazoratiga qaytarilgandan keyingi dastlabki kunlarda Bucha ko‘chalarida kamida 400 nafar qurbon topilgan, bosqin boshlanganidan keyin shaharda qolgan «shaharning har beshinchi aholisi» o‘ldirilgan.

Mavzuga oid