Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yangi jahon urushi boshlangani bilan tabriklaymiz» - Rossiyada safarbarlikni qanday kutib olishdi?
21 sentabr kuni ertalab Rossiya prezidenti Vladimir Putin zaxiradagilarni Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb qilish uchun qisman safarbarlik e’lon qildi. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlikka 300 ming kishi jalb etilishini ma’lum qildi. Qisman safarbarlik doirasida armiyada xizmatni o‘taganlar jalb qilinmoqda.

Darko Vojinovic / AP / Scanpix / LETA
Putindan keyin mudofaa vaziri Shoygu murojaat qildi. Uning aytishicha, yarim yildan oshiq davom etayotgan urush davomida Rossiya armiyasi 6 mingga yaqin harbiysini yo‘qotgan. Shoygu e’lon qilgan raqamlar BBC, «Mediazona» hamda ko‘ngillilar birgalikda ochiq manbalarda e’lon qilingan xabarlar asosida aniqlangan qurbonlar sonidan ham kamroq. Ukraina tomoni esa Rossiya Shoygu aytganidan 10 baravar ko‘proq askar yo‘qotganini aytib keladi.
Shoygu Rossiyaning safarbarlik imkoniyatlari juda ulkan ekanini, zaxiradagilar soni 25 milliongacha yetishi mumkinligini, qisman safarbarlik doirasida esa ularning faqat 1,1 foizi qamrab olinishini aytdi. Ko‘pchilik Shoyguning so‘zlaridan keyin Rossiya armiyasi yo‘qotilgan 6 ming askar (Shoyguga ko‘ra) o‘rnini yuz minglab odam bilan to‘ldirishga urinayotganidan hayron qoldi.
Rossiyadagi muxolif siyosatchilar odamlarni urushga va safarbarlikka qarshi namoyishga chiqishga chaqirdi. Urush tarafdori bo‘lgan rossiyaliklar esa g‘alabagacha urushish kerakligi, «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) global to‘qnashuvga aylanib ketgan taqdirda ham to‘xtamaslik kerakligini aytmoqda. BBC Rossiyada qisman safarbarlikni qanday kutib olishganini tahlil qildi.
NATOdan himoyalanish – rossiyalik siyosatchilar safarbarlikni qanday izohlashmoqda?
Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, safarbarlik to‘g‘risida qaror Rossiya NATO harbiy qudratiga qarshi urushayotgani sabab qabul qilingan. Peskov Kremlda ham prezident administratsiyasi vakillari safarbarlikka jalb qilinishi masalasi muhokama qilinayotganini qo‘shimcha qildi.
Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ham deputatlar orasida safarbarlik masalasi muhokama qilingani, kerakli mutaxassisligi bo‘lganlar o‘ylab ko‘rishi, armiyaga borish istagi Dumada faqat qo‘llab-quvvatlanishini aytdi.
Putinning chiqishini birinchilardan bo‘lib o‘z hududlarida safarbarlik o‘tkazish uchun javobgar bo‘lgan gubernatorlar olqishlashdi. Ularning ba’zilari chaqiruv komissiyasi rahbarligini ham o‘z qo‘liga olgan.
Nenets avtonom okrugi rahbari Yuriy Bezdudniyning aytishicha, Rossiyaning maqsadi «Donbassni ukrainalik millatchilardan ozod qilish». «Neonatsistlar o‘zlaridan nima qoldirib ketganini Mariupolda ko‘rdim. Ozod qilingan fuqarolardan minnatdorlik so‘zlarini eshitdim. Ozod qilingan hududlardagi ko‘pchilik millatchilar ta’sirida qolishni istamaydi», deydi Bezdudniy.
Chelyabinsk gubernatori Aleksey Teksler «Rossiya xavfsizligi va hududiy yaxlitligini saqlash uchun» safarbarlik zarurligi, Donbass xalqini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
«Bizni kuchsizlantira olishmaydi. Bizning hudud ham boshqa hududlar kabi harbiy xizmatga chaqiruvni ta’minlashi kerak. Ulyanovskdagi zavodlar doim davlatimiz xavfsizligi uchun xizmat qilib kelgan. Bizning harbiy zavodlarimiz mahsulotlari yuqori baholanadi», degan Ulyanovsk gubernatori Aleksey Russkix.
Muxolifat nimaga chaqirmoqda?

«Vesna» harakati barchani Rossiya bo‘ylab «Safarbarlikka yo‘q deymiz» shiori ostida norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirdi. «Minglab erkaklar, otalarimiz, akalarimiz, erlarimizni urushning go‘sht maydalagichiga tashlashadi. Ular nima uchun o‘lib ketishi kerak? Nega onalar va bolalar yosh to‘kishi kerak? Putinning saroyi uchunmi?» deyiladi harakat sahifalarida.
Qattiq rejimdagi qamoqxonada bo‘lib turgan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy ham safarbarlik haqida munosabat bildirdi. Bu haqda e’lon qilinganda Navalniy sud majlisida edi.
«Men bir narsani tushunmayman: armiyada million kishi bor, Rosgvardiyada 350 ming, Ichki ishlarda yana 1,5-2 million, qamoqxonada qancha odam bor, lekin ular nega fuqarolarni chaqirishyapti? Ya’ni mamlakatda 5 million kishi u yoqdan bu yoqqa qochib yuradi, ularni safarbarlikka jalb qilish uchun yana millionta politsiyachi quvlab yuradi. Jinoiy urush tobora chuqurlashib bormoqda va Putin unga imkon qadar ko‘proq odamni jalb qilmoqda. U bu qonga yuz minglab odamlarni botirmoqchi», dedi Navalniy.
Aleksey Navalniyning safdoshi va Rossiyada chet el agenti deb topilgan Ivan Jdanov YouTube'dagi «Populyarnaya politika» kanalida Navalniy jamoasi urushga qarshi har qanday harakatni qo‘llashini aytdi.
Navalniyning yana bir do‘sti va safdoshi Leonid Volkov (u ham Rossiyada chet el agenti deb topilgan) mamlakat qisman safarbarlik nomi ostida to‘liq safarbarlik olib borilishini taxmin qildi: «Depressiya kuchli bo‘lgan va qashshoq hududlarda kvotalarni to‘ldirish oson bo‘ladi. O‘ziga tinch hududlarda esa muammolar kuzatiladi: qo‘lga ilinganni olib ketishadi, chunki ko‘ngillilarning o‘zi yo‘q», deydi Volkov.
«Verstka» nashri Ukraina bilan chegaradagi Belgorod, Kursk va Bryansk viloyatlaridagi pabliklarning safarbarlik borasida chiqishlarini o‘rgangan. Safarbarlik haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan bu hudud fuqarolari qarindoshlarini urushga yuborishga tayyor emasligi, birinchi navbatda urushni qo‘llayotganlar va mansabdorlar safarbar qilinishi kerakligini aytgan.
Yana bir muxolif siyosatchi Mixail Xodorkovskiy safarbarlik haqida shunday fikr bildirdi: «O‘zini siyosatdan tashqari deb hisoblaydiganlarga alangali salom yo‘llayman. Ular Xodorkovskiy va Navalniy bezbetligi uchyn [haqqini olgan], mening bunga aloqam yo‘q deyishardi. Endi esa hech kimga keragi yo‘q urush okoplariga marhamat qiling», degan siyosatchi.
«Slujba podderjki» xizmati urushga borishni istamayotganlar uchun maxsus bot ishga tushirdi. Unda frontga borishni istamaydiganlar uchun maslahatlar berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. «Myagkaya sila» muxolif harakati bahordayoq change.org saytiga joylagan petitsiyasi Putin safarbarlik e’lon qilgach, yana ommalashdi va bir necha soat ichida 200 ming kishi imzolagan.
«Urush partiyasi»da nima deyishmoqda?

Rossiyada urushni targ‘ib qilishi bilan tanilgan Eduard Limonov tomonidan tuzilgan «Drugaya Rossiya» partiyasi safarbarlik to‘g‘risida qarorni olqishladi. Bu partiya 2014 yildan buyon urushni qo‘llab keladi, partiya a’zolari o‘shandan buyon Donbassda urushib keladi. «O‘rtoqlar, barchangizni yangi jahon urushi boshlangani bilan tabriklaymiz. Bizga dushmanlik ruhida bo‘lgan Ukraina davlatiga qarshi urush. Mojaroga yangi tomonlar ham jalb qilinadi, hozir dunyoda amal qilayotgan tartib yo‘q qilinadi», deyildi partiya siyosiy kengashida Putin safarbarlik e’lon qilgach.
Partiya kengashi barcha a’zolarni safarbarlikka javob qilinishini kutmay urushga borishga chaqirgan. Partiya murojaati Stalinning mashhur so‘zlari bilan yakunlangan: «Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz, dushman yakson qilinadi, g‘alaba biz tomonda bo‘ladi».
Rossiya milliy teleradiokompaniyasi harbiy muxbiri Yevgeniy Poddubniyning aytishicha, G‘arb vaqtida o‘ylab olganida safarbarlik bo‘lmasdi: «24 fevraldan buyon Rossiya tinchlik davridagi armiya bilan urushdi, birinchi haftalarda esa sog‘lom fikr g‘olib bo‘ladi degan umid bilan vegeteranchasiga urushdi. Ammo Kollektiv G‘arb uchun Ukraina shunchaki Rossiyaga qarshi dastak. Kiyev rejimi G‘arbdan zamonaviy qurollar, o‘q-dori, pul oldi. Biz bu urushdan qocha olmadik, u baribir bo‘lardi. Safarbarlikdan ham qocha olmasdik. Bizning dushman Kiyev rejimi emas, Shimoliy Atlantika alyansi», deb yozdi propagandachi jurnalist Russia Today saytidagi kolonkasida.
Jurnalist postini Putinning urush davrida mashhur bo‘lgan iborasi bilan yakunladi: «Rossiya bo‘lmagan dunyoning bizga nima keragi bor?».
Ammo Kreml targ‘ibotida faol bo‘lgan ba’zi propagandachi jurnalistlarga Putinning qarori yetarlicha radikal emasdek tuyulgan ko‘rinadi: «Kechirasiz, lekin harbiy holat e’lon qilinmay, to‘liq safarbarlik e’lon qilinmagani menga yoqmadi. Bu yana banderachilar huquqlari haqida qayg‘urib cheklangan kontingent bilan urushishmi?» dedi «Komsomolskaya pravda» gazetasi muxbiri Dmitriy Steshin safarbarlik haqida.
Yana bir propagandachi jurnalist Semyon Pegovga Shoyguning qurbonlar soni haqida aytgan so‘zlari yoqmadi. Rossiya mudofaa vaziri aytganidek, mamlakat urushda 5937 nafar askarini yo‘qotgani nafaqat urushga qarshilarda, balki urush tarafdorlariga ham g‘alati tuyulgan ko‘rinadi: «Shoyguda qanday bilmadim-u, lekin bizda ko‘proq», degan jurnalist.
Propagandachi harbiy muxbir Yuriy Kotyonok Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan xursandligini yashira olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi hammasi aniq bo‘ldi: Rossiya Putin aytganidek, «maxsus harbiy amaliyot»da emas, urushda qatnashmoqda.
«Odamlarimiz shoshqaloq emas, ba’zan hatto sekin o‘ylashadi, lekin to‘g‘ri, dangal, vatanni sevishadi. O‘quvchilar 8 oy o‘tdi, endi ortiq «maxsus harbiy amaliyot» emasdir, deyishyapti. Ha, urush ketyapti, anchadan buyon, bu «harbiy harakatlar teatrida» 2014 yildan beri», degan jurnalist.
Tavsiya etamiz
„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi
Jahon | 11:21 / 11.07.2025
Eldor Shomurodov Turkiya klubiga o‘tdi
Sport | 11:12 / 11.07.2025
Taekvondochi Ulug‘bek Rashidov ikki yilga diskvalifikatsiya qilindi
Sport | 11:00 / 11.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etiladi
O‘zbekiston | 11:30
-
Termizda O‘zbekiston–Rossiya harbiylarining birgalikdagi o‘quv mashg‘uloti boshlanmoqda
O‘zbekiston | 11:22
-
BMT: Isroilning G‘azoga insonparvarlik yordamini bloklashi hayot uchun xavf tug‘dirmoqda
Jahon | 11:06
-
Lavrov: Rossiya va KXDR hamkorligi Koreya yarimorolidagi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam beradi
Jahon | 10:34
Mavzuga oid

10:27
Tramp Ukrainaga Patriot komplekslari yetkazib berilishini e’lon qildi

16:42 / 13.07.2025
«Tarixchi va kontrrazvedkachi». Kiyevda o‘ldirilgan UXX polkovnigi Ivan Voronich haqida nimalar ma’lum?

12:59 / 13.07.2025
Tramp o‘zining Ukrainaga ilk harbiy yordamini tayyorlamoqda

23:38 / 12.07.2025