Jahon | 08:26 / 14.09.2022
4834
3 daqiqa o‘qiladi

KXShT «vaziyatni baholash uchun» Armanistonga missiya yuboradi

Armaniston va Ozarboyjon chegarasidagi navbatdagi keskinlashuvdan keyin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bosh kotib Zas boshchiligida mintaqaga maxsus missiya yuborishga qaror qildi.

Foto: APA

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Armaniston-Ozarboyjon chegarasida vaziyat keskinlashgani sababli o‘z missiyasini Armanistonga yuborishga qaror qildi. Bu haqda 14 sentabr, chorshanba kuni KXShT saytida ma’lum qilindi. 

Armanistonga KXShT bosh kotibi Stanislav Zas boshchiligidagi missiya «mavjud vaziyatni baholash, mintaqadagi vaziyat bo‘yicha davlat rahbarlariga batafsil hisobot tayyorlash va yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish» uchun yuboriladi, deb tushuntirdi tashkilot. Bundan tashqari, KXShT mas’uliyati doirasidagi vaziyatni doimiy monitoring qilish uchun ishchi guruh tuzish taklifi kelishib olindi.  

13 sentabrga o‘tar kechasi Yerevan va Boku chegaradagi vaziyat keskinlashgani haqida xabar berganidan so‘ng, Armaniston Rossiya va KXShTdan yordam so‘rashga qaror qildi. Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarboyjon chegaradagi Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxonasar, Goris va Kapan aholi punktlari yo‘nalishida o‘q uzgan. 

Boku, o‘z navbatida, Yerevanni chegaraning Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlaridagi «keng ko‘lamli diversiya»da aybladi. «Ushbu harakatlarning zudlik bilan oldini olish bo‘yicha bo‘linmalarimiz tomonidan ko‘rilgan shoshilinch choralar natijasida jang sodir bo‘ldi», deb ta’kidlab o‘tdi Ozarboyjon Mudofaa vazirligi va «Armaniston qurolli kuchlarining o‘q otish nuqtalarini o‘chirish, harbiy mojaro ko‘lamining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida «zaruriy choralar» ko‘rilganini ta’kidladi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, mojarolar oqibatida kamida 49 arman harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. Ozarboyjon, o‘z navbatida, harbiylar orasida 50 nafar kishi halok bo‘lganini e’lon qildi. 13 sentabr kuni ertalab Ozarboyjon matbuoti tomonlar o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi haqida xabar tarqatdi. 

Mavzuga oid