Chiroqchining yangi hokimi eski hokim davrida olingan planshetlar pulini to‘lashdan bosh tortdi
Tadbirkor sudda yutib chiqqanidan keyin ham hokimlik sud qarorini va eski hokim davrida planshet olinishini amaldagi qonunlarga zid bo‘lgan deb hisoblamoqda.

Foto: Chiroqchi tumani hokimligi
Ijtimoiy tarmoqlarda chiroqchilik tadbirkor tumandagi mahalla yetakchilariga 100 dona planshet yetkazib bergani va endi ularning pulini ololmay yurgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Chiroqchi tumani hokimligi axborot xizmati munosabat bildirib, eski hokim Xurram Jo‘rayevning tadbirkor bilan tuzgan shartnomasi amaldagi qonunlarga zidligini bildirdi.
Munosabatda yozilishicha, 2022 yil 19 aprel kuni Xalq deputatlari Chiroqchi tumani Kengashining VI-63-37-4-66-K/22-sonli qaroriga ko‘ra, "Chiroqchi tumanidagi mahalla yetakchilariga planshet xarid qilish xarajatlari uchun mablag‘ ajratish haqida" Chiroqchi tumani hokimining 156-4-66Q/22-sonli qarori tasdiqlangan.
Mazkur qarorning 2-bandida tuman Moliya bo‘limi mudiri Sh.Maxmatqulov zimmasiga "Tuman mahalliy budjetining 2022 yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan tumandagi mahalla yetakchilariga planshetlar sotib olish xarajatlari uchun tuman hokimligi hisobraqamiga 235 million so‘m mablag‘ ajratish" yuklatilgan.
Chiroqchi tumani hokimligi va tadbirkor H.Qilicheva o‘rtasida 2022 yil 7 fevralda tuzilgan oldi-sotti shartnomasiga ko‘ra tadbirkor tomonidan, har birining qiymati 2 350 000 so‘m miqdorida bo‘lgan 100 dona planshet yetkazib berilgan.
“2021 yil 22 apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasida, “Budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari bo‘yicha to‘lovlari maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-tamoyillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish va ular to‘g‘risida axborot joylashtirish jarayonlari tugaganidan keyin Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi” deb belgilangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni talablariga zid ravishda 2022 yil 7 fevralda 100 dona planshet sotib olish uchun shartnoma tuzilgan.
Bundan tashqari, shartnomaning 2.2-bandida xaridor mahsulot qiymatining 15 foizini oldindan to‘lab berganidan so‘ng mahsulot yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa-da, xaridor biror so‘m to‘lov amalga oshirmasdan sotuvchi mahsulotni to‘liq yetkazib bergan” deyiladi munosabatda.
Shuningdek, munosabatda Yakkabog‘ tumanlararo Iqtisodiy sudining 2022 yil 13-iyundagi 4-1086-2201/472-son “Chiroqchi tumani hokimligi bilan kreditor “Qilicheva Hamida Boymurodovna” foydasiga 235 000 000 so‘m asosiy qarz, 21600 so‘m pochta xarajatlari undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘i Chiroqchi tuman hokimligi ishtirokisiz chiqarilgani aytilgan.
Mavzuga oid

17:32 / 30.01.2025
Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarni tekshirish samaradorligi bo‘yicha eng yomon tashkilot deb topildi

20:20 / 20.01.2025
Nodavlat OTMlarga norasmiy “soliq” solish davom etayotgani aytilmoqda. Vazirlik buni rad etdi

11:04 / 17.01.2025
200 nafar tadbirkor xalqaro moliya bozoridan 2 mlrd dollar jalb qilishga tayyorlanadi

09:55 / 15.01.2025