O‘zbekiston | 14:56 / 10.06.2022
9484
2 daqiqa o‘qiladi

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» doirasida ko‘chalarni yoritish uchun faqat muqobil energiya uskunalari o‘rnatiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, yig‘ilishda muqobil energiya uskunalari bo‘yicha yangi tizimni “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilayotgan 620 ta ko‘p qavatli uy-joylarda joriy etish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani “Yangiobod” massividagi jami 96 ta xonadonga ega 4 ta ko‘p qavatli uyda quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga yiliga 100 ming kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda.

Bu tajribani Navoiyda barpo etiladigan 2 ta “Yangi O‘zbekiston” massivida jami 620 ta xonadonli 26 ta ko‘p qavatli uylar, 8 ta bog‘cha, maktab va poliklinikada joriy qilish rejalashtirilgan.

“Ularda quyosh suv isitish tizimlari hisobiga 4 million kilovatt soat elektr iqtisod qilish mumkin. Bu – yiliga 2 milliard so‘m degani”, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda viloyat hokimlariga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ko‘chalarni yoritish uchun faqat muqobil energiya uskunalari o‘rnatishni nazarda tutish topshirildi.

Bundan oldin quyosh va shamol elektr uskunalarini o‘rnatgan aholiga kompensatsiya to‘lanishi xabar berilgandi

Mavzuga oid