O‘zbekiston | 08:53 / 02.05.2022
3792
2 daqiqa o‘qiladi

Mol-mulk va avtotransportga taqiq qo‘yish va undan chiqarishning elektron tartibi joriy etiladi

O‘zbekistonda mol-mulk va avtotransport vositalariga taqiq qo‘yish va undan chiqarishning elektron tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasida belgilangan.

Qayd etilishicha, qonunchilikda belgilangan mol-mulk va avtotransport vositalariga taqiq qo‘yish va undan chiqarishning elektron tartibini joriy etish hamda fuqarolarga taqiq mavjudligini onlayn tekshirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, budjet tashkilotlarida qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida qurilish va montaj ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlash va baholash mexanizmlarini joriy etish mo‘ljallanmoqda.

“Shaffof qurilish” elektron tizimida fuqarolardan noqonuniy qurilish holatlari yuzasidan murojaatlarni onlayn rejimda qabul qilish imkoni yaratiladi.

Davlat xaridlari jarayonida tender, tanlov va boshqalarni o‘tkazishda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy omillarning mavjudligini aniqlash jarayoni raqamlashtiriladi. Jumladan, xarid jarayonlarida hujjatlar aylanishini avtomatlashtirish, xarid jarayonlarida “komplayens-nazorat” o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Korxona va tashkilotlar ishchi va xizmatchilariga davlat tasarrufidagi sanatoriy va boshqa dam olish maskanlariga yo‘llanma berishning ochiqligini ta’minlash va sohadagi korrupsiyaviy omillarni qisqartirish ham rejalashtirilgan.

Mavzuga oid