Kalashnikov avtomatini 5 soniyada socha oladigan andijonlik qiz
9-sinf o‘quvchisi Mushtariy Kalashnikov avtomatini 5 soniyada socha oladi. Noto‘liq holda sochib yig‘ishi uchun esa 18-20 soniya kifoya. 16 yoshli qiz Ichki ishlar vazirligi qoshidagi litseyga o‘qishga kirishga tayyorlanmoqda.

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 27-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Mushtariy Shermatova maktabda o‘tkazilgan tanlovda Kalashnikov avtomatini 5 soniyada qismlarga tezkorlik bilan ajrata oldi. Bu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, u haqda lavha tayyorlashga qaror qildik.
Kalashnikov (AK-74) avtomatik o‘qotar miltig‘i ko‘plab mamlakatlarda armiyaning asosiy qurollaridan hisoblanadi. Uni qismlarga tezkorlik bilan ajratib qayta yig‘ish esa jangovar mahoratni ko‘rsatadi. Harakatdagi harbiy qismlarda deyarli har kuni AK-74 qismlarga ajratilib tozalanadi va bu harbiy askarning quroli soz bo‘lishiga xizmat qiladi.
Izboskanning 27-maktabidagi harbiy to‘garak a’zolari bu tayyorgarlik bo‘yicha ko‘p mashq o‘tkazar ekan. O‘quv dargohining deyarli barcha yuqori sinf o‘quvchilari safda yurish va qurol bilan harakatlarda epchil. Bu borada mutlaq chempion esa – qahramonimiz Mushtariy Shermatova.
“Maktabimizda harbiy musobaqalarda qatnashish an’anaga aylangan. Mendan katta aka-opalarimizni askar kiyimlarida mashq bajarishlarini ko‘rib havas qilganman. Ikki yil oldin bizga hali harbiy darslar kirmasa ham o‘qituvchimizga iltimos qilib ular bilan shug‘ullana boshladim. Boshida avtomatning temir qismlarini ajratishda qiynalib qo‘llarimga shikast yetgan. Hozir 5 soniyada qurolni qismlarga ajrata olyapman. 18-20 soniyada noto‘liq holda sochib-yig‘ishga erishdim.
Internetda tataristonlik qizning 11 soniyada sochib-yig‘a olganini ko‘rgandim. Men ham harakat qilib rekord qo‘ymoqchiman”, deydi Mushtariy.
Maktabning chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fani o‘qituvchisi Bekzodbek Boltaboyev bilan harbiy jamoa a’zolari o‘rtasida kichik musobaqa o‘tkazib ko‘rdik. Mushtariy jamoadoshi Shavkatbek bilan avtomatni noto‘liq sochib-yig‘ishda bahslashdi va 19 soniya natija ko‘rsatdi.
“Qaysi kasbni tanlashim aniq: ichki ishlar xodimi bo‘lmoqchiman. Hozir Ichki ishlar vazirligi qoshidagi litseyga o‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘ryapman. Maqsadim – xuddi To‘marisdek Vatan himoyachisi bo‘lish”, deydi Mushtariy Shermatova.
Ketishimizdan oldin maktab harbiy jamoasi bizga safda yurib qo‘shiq aytish mashg‘ulotlarini namoyish qilib berdilar.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov
Mavzuga oid

22:28 / 03.06.2025
Andijonda 6 ta mashina ishtirokida YTH sodir etildi

21:23 / 02.06.2025
Andijonda fuqaro zapravka hududida 2 ta bo‘ri boqib kelgani ma’lum bo‘ldi

19:03 / 28.05.2025
Andijonda YPX xodimlaridan qochgan Nexia-2 boshqa avtomobillar bilan to‘qnashdi

22:14 / 27.05.2025