O‘zbekiston | 12:16 / 12.03.2022
21699
2 daqiqa o‘qiladi

Boshqa mashinada ketayotgan fuqarolarga qurol o‘qtalgan Matiz haydovchisi qo‘lga olindi

YPX xodimi tomonidan ushlangan vaqtda haydovchi mast bo‘lgan. Uning mashinasidan pnevmatik qurol topilgan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa 9 mart kuni sodir bo‘lgan. Matiz haydovchisi Bo‘stonliq tumani Azadbash qo‘rg‘oni hududida o‘zi bilan bitta yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib ketayotgan avtomobildagi bir oila vakillariga qurol o‘qtalib, mashinani to‘xtatishga uringan.

“Fuqarolar bu haqda Toshkent viloyati IIBB navbatchilik qismiga xabar bergach, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 1997 yilda tug‘ilgan Matiz haydovchisi M.A. transport vositasini tashlab qochib ketayotgan vaqtida Bo‘stonliq tumani IIB YHXB YPX inspektori E.Igamov tomonidan ushlandi.

Xolislar ishtirokida avtoulov ko‘zdan kechirilganda mashinada pnevmatik qurol borligi va haydovchi mast holda ekani (tibbiy xulosada) aniqlandi”, deya Toshkent viloyati IIBB YHXB boshlig‘i matbuot kotibi Rustam Asqarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan qonunda belgilangan tartibda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Haydovchi va daliliy ashyolar qonuniy chora ko‘rish uchun Bo‘stonliq tumani IIBga topshirilgan.

Mavzuga oid