O‘zbekiston | 16:38 / 26.02.2022
10834
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada shaharlararo transport tizimi to‘xtab qolgani evakuatsiyani murakkablashtirmoqda - O‘zbekiston TIV

Ukraina shaharlari o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l aloqalari butunlay faoliyatini to‘xtatgani bois, mamlakatning sharqiy va markaziy viloyatlaridan vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha iloji bo‘lmayapti, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Foto: Kun.uz

Ukrainada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar yerto‘lalarda qolishga majbur bo‘layotgani, ularga birinchi zarur mahsulotlar yetishmay qolgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi vatandoshlarni evakuatsiya qilish uchun kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.

“Diplomatik missiya vakillari yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqa o‘rnatib, yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etib kelmoqda. Xarkovda bo‘lib turgan elchixona mas’ul xodimi o‘zbekistonlik talabalar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularning barcha masalalarini hal etmoqda.

Elchixona hamda Ukrainadagi diasporamiz vakillari ko‘magida Xarkov va Zaporojye shaharlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik talabalar uch mahal ovqat bilan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, Zaporojye milliy universiteti rahbariyati ham talabalarga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, Xerson, Xmelnitskiy, Dnepr va Odessa shaharlarida tahsil olayotgan talabalar masalalari diaspora ko‘magida hal etilmoqda.

Ayni paytda Ukraina shaharlari o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l aloqalari butunlay faoliyatini to‘xtatgan. Bunday sharoitda Ukrainaning sharqiy va markaziy viloyatlaridan vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha iloji bo‘lmayapti.

Ammo mana shu kabi jiddiy xavf-xatarlar bo‘lishiga qaramay, bir guruh talabalar ularni zudlik bilan evakuatsiya qilishni talab etmoqda.

Shu munosabat bilan Ukrainadagi vatandoshlarimizga vahimaga tushmaslik, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslik va elchixonaning xavfsizlik bo‘yicha umumiy ko‘rsatmalariga amal qilishlarini qat’iy tavsiya etamiz.

Shu bilan birga, elchixona yaqin kunlarda O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan xavfsiz olib chiqish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda”, – deya ma’lum qildi TIV rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov.

Avvalroq vazirlik Ukrainadagi fuqarolar Polsha orqali evakuatsiya qilinishi haqida xabar bergandi. Buning uchun Polsha O‘zbekiston fuqarolariga o‘z chegarasini vizasiz kesib o‘tishiga rozilik bergan.

Mavzuga oid