Jahon | 18:36 / 04.02.2022
34093
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina inqirozi: Kiyev «Bayraktar» ishlab chiqaradi, NATO Belarusdagi 30 ming rus harbiysidan tashvishda

«Bayraktar» havoda bir kungacha qolishi mumkin / URKINFORM/TASS

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Kiyevga keldi va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan ushbu mamlakat hududida turklarning «Bayraktar» rusumli zarbdor dronlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu vaqtda NATO bosh kotibi Rossiya Belarusga 30 ming harbiy xizmatchi tashlaganini aytdi, Rossiya AQShning Yevropaga qo‘shimcha harbiy jo‘natish qarorini keskinlikning kuchaytirilishi deb atadi. BBC Ukraina atrofidagi so‘nggi xabarlarni jamladi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «Bayraktar»lar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv yangi ish o‘rinlarini yaratadi va «Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlaydi». «Bugun Ukrainada Baykar Makina kompaniyasining uchuvchisiz uchish qurilmalarini ishlab chiqarishni sezilarli darajada kengaytiruvchi kelishuv imzolandi», deya Zelenskiyning brifingdagi chiqishidan iqtibos keltiradi «Ukrainskaya pravda» nashri.

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov muzokaralardan avvalroq Ukrainada «Bayraktar»lar ishlab chiqaruvchi zavod endi qurilishini ma’lum qilgandi. U Kiyevda ishlab chiqariladigan dronlar ukrainlarning dvigatellari bilan jihozlanishi - uchar qurilmalar ham ukrain armiyasiga, ham turk armiyasiga yetkazib berilishini qo‘shimcha qilgan.

Zarbdor dronlar
Mutaxassislar fikricha, turklarning «Bayraktar» rusumli zarbdor dronlari 2020 yil kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi urushda Ozarboyjonning g‘alaba qozonishida muhim rol o‘ynagan va Ukraina armiyasining mamlakat sharqidagi Rossiya tomonidan qo‘llanuvchi ayirmachilar bilan qarama-qarshiligida ham kuchlar nisbatini o‘zgartirishi mumkin.

Ukraina 2021 yil 26 oktyabrida ilk marta Donbassda «Bayraktar»dan foydalandi, undan uchirilgan raketa dushmanning gaubitsasini yakson etgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘sha vaqtda Ukraina armiyasida shunday dronlardan 12ta bo‘lgan va harbiylar yaqin vaqt ichida shunday qurilmalardan 20dan ortig‘i sotib olinishi kutilayotganini aytishgandi. Dekabr oyida Bloomberg agentligi o‘z manbasiga asoslangan holda aslida Ukraina o‘nlab «Bayraktar»larga egaligi, lekin xaridlar haqida rasman e’lon qilmaganini yozdi.

Erdo‘g‘an Kiyevda Turkiya Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatni hal etishda vositachilik qilishga hamda o‘z hududida ushbu ikki mamlakat prezidentlari uchrashuvini tashkillashtirishga tayyorligini takrorladi. Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Turkiya hamon Ukrainaning hududiy yaxlitligi tiklanishi tarafdori ekanini qayd etdi. Bu mamlakat Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olmaydi va Rossiya tomonidan qrim-tatarlarga qarshi qatag‘onni qoralaydi.

Vladimir Zelenskiy Erdo‘g‘anga vositachilik taklifi uchun minnatdorchilik bildirgan. «Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi uchun biz barcha platformalarda va barcha formatlarda qo‘limizdan kelganini qilishga tayyormiz. Urushga aynan qayerda nuqta qo‘yish muhim emas. Muhimi - barcha shunga tayyor bo‘lishidir», degan Ukraina prezidenti.

Moskva hozircha Erdo‘g‘anning Turkiyada sammit o‘tkazish borasidagi taklifiga rozilik bildirgani yo‘q.

Dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvdan tashqari, Erdo‘g‘anning Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina va Turkiya o‘rtasida erkin savdo bo‘yicha bitim ham imzolangan.

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov payshanba kuni ikki prezident va delegatsiyalar o‘rtasidagi muzokaralar boshlanishidan oldingi brifingda Ukraina Turkiyadan yana bir narsa - Ukrainaga harbiylar uchun personal himoya vositalari to‘plamlari - bronejiletlar va shlemlar navbatsiz sotilishini so‘rashi haqida aytgandi. «Ma’lum bo‘lishicha, ulardan ushbu tizim xaridi bo‘yicha navbatlar katta ekan, biz Ukrainaga himoya vositalarini navbatsiz yetkazib berish bo‘yicha muzokara o‘tkazamiz. Hozirgi vaziyatni inobatga olgan holda bunga rozilik bildirilishini so‘raymiz», degan Reznikov.

Bu vaqtda Kiyevga AQShdan favqulodda harbiy yordam olib kelgan yettinchi transport samolyoti qo‘ndi. Bu haqda ham vazir Reznikov tvitterida ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu safargi partiyada granatamyotlar uchun 85 tonna o‘q-dori olib kelingan. «Ajoyib yangilik va eng muhimi bu oxirgisi emas! Keyingilari kelishda davom etadi», deya yozgan mudofaa vaziri.

Ukraina matbuot hisoblariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Qo‘shma Shtatlar samolyotlar orqali Ukraina armiyasi uchun qariyb 600 tonna harbiy yordam - granatomyotlar, tankka qarshi Javelin zenit-raketa majmuasi, bu qurollar uchun o‘q-dori, shuningdek o‘qotar qurollar uchun patronlar yetkazib bergan.

Belarusda 30 ming rus harbiysi
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg payshanba kuni Rossiya so‘nggi kunlarda Belarusga possovet tarixdagi eng katta harbiy qismlar tashlagan. 

«Bu sovuq urush davridan buyon Belarusga eng ko‘p rus harbiylari joylashtirilishidir, 30 ming harbiy xizmatchi olib kelingan», deya Stoltenbergning so‘zlarini keltiradi agentliklar. NATO bosh kotibi ma’lumotiga ko‘ra, bu guruh tarkibiga maxsus topshiriqli otryadlar, Su-35 samolyotlari, S-400 zenit-raketa majmualari va «Iskander» raketa majmualari kiradi.

Belarus hududida Rossiya bilan «Ittifoqchilar qat’iyati» nomi ostida qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko payshanba kuni Rossiyadan zamonaviy qurollar sotib olinishi, ruslar mashg‘ulotlarga bu qurollarni olib kelgani haqida aytdi.

Payshanba kuni Lukashenko faol bosqichi 10 fevral kuni boshlanadigan mashg‘ulotlar Ukrainaning NATOga kirishga intilishi fonida muhim ekani haqida gapirdi. «Biz uchun harbiylarimiz bu texnikalarni faqat rasmlarda ko‘rmasdan, his qilib ko‘rishlari ham muhim. Ular rossiyalik birodarlari bilan ushbu texnikalardan qanday foydalanishni o‘rganishadi. NATO va unga a’zo bo‘lishga intilayotgan Ukrainaning bugungi kundagi harakatlari tufayli bu mashg‘ulotlar bizning Ittifoq davlatimiz uchun juda muhim», deya Lukashenkoning so‘zlarini keltiradi «Interfaks».

Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki payshanba kuni jurnalistlarga, AQSh nuqtayi nazariga ko‘ra qo‘shma mashg‘ulotlar «vaziyatni yumshatuvchi emas, aksincha vaziyatni keskinlashtiruvchi» hisoblanishini aytdi. Psaki AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va NATO bo‘yicha ittifoqchilar bilan birgalikdagi harakatlar rejalarida Rossiya qo‘shinlari Belarusga tashlanganini inobatga oladi.

Chorshanba kuni Pentagon Sharqiy Yevropadagi Ukraina bilan chegaradosh davlatlar - Polsha va Ruminiyaga qo‘shimcha 3 ming harbiy jo‘natishini ma’lum qilgandi. Pentagon rasmiysi Jona Kirbining so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha kuchlar yuborilishi AQSh o‘z ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanining namoyishi bo‘ladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa payshanba kuni  Amerikaning CNN telekanaliga «AQShning bu qadami de-fakto Yevropadagi keskinlikni kuchaytirishga xizmat qilishi» haqida aytdi.

Kabardin-Bolqoriyadagi zirhli texnikalar kolonnasi
Rossiyaning janubiy regionlari bo‘ylab ham zirhli texnikalar harakati kuzatilmoqda. Conflict Intelligence Team tadqiqot guruhi ochiq manbalarga asoslangan holda rossiyaliklarning BTR-80 rusumli zirhli texnikalari, «Tigr» va «Ural-VV» rusumli zirhli avtomobillari Kabardin-Bolqoriyadagi Proxladniy shahri atrofida harakatlanayotgani bo‘yicha ma’lumot bergan. Kolonnani 2 fevral kuni payqashgan.

Texnikalar shimoli-g‘arbiy yo‘nalish bo‘ylab harakatlangan. Ularning bortida Axmat Qodirov nomidagi «Sever» polki ramzlari tushirilgan. Payshanba kuni tadqiqotchilar Rossiya milliy gvardiyasi qo‘shinlari «Ukraina bilan chegara hududiga joylashtirilgani»ni xabar qilishdi.

Germaniya elchisi «Shimoliy oqim» uchun uyatda
Germaniyaning Kiyevdagi elchisi Anka Feldhuzen payshanba kuni Rossiya gazini Ukraina hududini aylanib o‘tgan holda G‘arbiy Yevropaga yetkazish uchun qurilgan, Rossiya va Germaniya ishtirokidagi «Shimoliy oqim - 2» loyihasi uchun hamisha uyalishini aytdi.

«Men doim bu yerda juda katta siyosiy komponent bor deb hisoblaganman. Lekin shuni tan olish kerakki, u yerda davlatning hech qanday mablag‘i, davlat kafolatlari ham yo‘q. Shuningdek boshqa barcha davlatlar ruxsat berishgan. Men hamisha bu loyiha uchun juda uyalaman. Ammo, ular o‘shanda nimani o‘ylashganini men sizlarga ayta olmayman», degan elchi Ukrainaning «Radio NV» radiosi uchun bergan intervyusida.

Germaniyaning yangi tashqi ishlar vaziri, Yashillar partiyasi hamraisi Annalena Berbok - «Shimoliy oqim»ning ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi.

Mavzuga oid