Jahon | 20:32 / 02.01.2022
41261
5 daqiqa o‘qiladi

Tarixdagi eng yirik savdo kelishuvi kuchga kirdi. Bu Xitoyning mavqeyini oshiradimi?

Foto: AFP

2022 yil 1 yanvardan 15 mamlakat o‘rtasida imzolangan tarixdagi eng yirik savdo kelishuvi kuchga kirdi. Bu yirik kelishuv sayyoradagi har uchinchi odamning daromadlari oshishini ta’minlashi kutilmoqda. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi agressiv savdo munosabatlari, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sabab sillasi qurigan dunyo iqtisodiyoti ham aynan shu kelishuvdan biroz o‘ziga kelishi kutilmoqda.

2020 yil 15 noyabr kuni Xanoyda imzolangan kelishuvga Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand, Filippin, Avstraliya, Xitoy, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya va Yaponiya a’zo bo‘lgan. U bejizga tarixdagi eng yirik savdo kelishuvi, deyilmayapti. Bu mamlakatlarda 2,2 milliarddan ortiq iste’molchilar yashaydi. Davlatlarning umumiy yillik yalpi ichki mahsuloti esa 28 trillion dollarni tashkil etadi. Bu dunyo iqtisodiyotining 32 foizi degani.

RCEP (Regional Comprehensive Economic Partnership – Hartomonlama mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik) deb nomlanuvchi kelishuv Xitoyni Osiyo-Tinch okeani havzasi davlatlari, xususan, Avstraliya, Yaponiya hamda Janubiy Koreya bilan bog‘laydi. AQSh va Yevropa Ittifoqidan keyingi dunyoning uchinchi iqtisodi hisoblangan Xitoy oldin bu qadar ko‘p tomonlar ishtirok etgan kelishuvlarga qo‘shilmagandi, ayniqsa, yashirin dushmani Yaponiya bor kelishuvlarda.

Xitoy 2020 yil noyabrda imzolangan va 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirgan kelishuv a’zolaridan biri Avstraliya bilan ham oldinroq urishishga ulgurgandi. Ma’lumot uchun, Avstraliya Xitoy uchun asosiy xomashyo yetkazib beruvchi davlat hisoblanardi. Butun dunyo koronavirus ilk marta paydo bo‘lgan Xitoydagi hududni tekshirishni talab qila boshlaganida, Avstraliya ham bu talabni qo‘llagan. Shu sabab Avstraliyadan arazlagan Xitoy bu davlatdan keladigan ko‘mir, bug‘doy, mol go‘shti hamda vinoga boykot e’lon qilgan.

Yangi kelishuvdan 15 ta davlat manfaatdor bo‘lsa-da, u Xitoyning dunyo iqtisodiyotidagi pozitsiyasini mustahkamlashi kutilmoqda. Xitoy asosiy raqobatchisi AQSh, to‘g‘rirog‘i, Donald Tramp sabab ushbu yirik savdo kelishuvining markazida bo‘lib qoldi. Gap shundaki, RCEP borasida davom etgan 8 yil ichida uning ishtirokchilari bo‘lmish Yaponiya, Avstraliya hamda Yangi Zelandiya TPP (Trans-Pacific Partnership – Tinch okeani havzasidagi transport hamkorligi) nomli boshqa savdo blokini tashkil etib ulgurishdi. Bu kelishuvda AQSh hamda Kanada ham bor edi.

Ammo AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp mamlakatni bu kelishuvdan olib chiqib ketdi. Bu esa RCEP tashkil etilishini tezlashtirib yubordi. Ha, Tramp Xitoyning manziliga har qancha yomon gaplar aytmasin, bu qarori bilan Xitoyga katta yordam berib yubordi.

Ushbu kelishuvga ko‘ra, unga a’zo Osiyo davlatlari bir-birining bozoriga to‘siqsiz kirish imkoniga ega bo‘ladi, shuningdek, mahsulotlar uchun bojlar kelishilgan miqdorda kamaytiriladi. Natijada mintaqaning kambag‘al davlatlarida iqtisodiy o‘sish tezlashishi, odamlarning hayot tarzi yaxshilanishi kutilmoqda. Kelishuv tarkibiga yangi davlatlar qo‘shilishi kutilmoqda va unga kirishga ayniqsa, Hindiston intizor bo‘lyapti.

Ushbu savdo kelishuvi juda yirik integratsiyalashuvning boshi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Kelishuvda Laos kabi qashshoq, Yangi Zelandiya kabi boy, Xitoy kabi kommunistik, Yaponiya kabi post-imperialist davlatlar bor. Shunday bo‘lsa-da, bu savdo kelishuvi Shimoliy Amerikada AQSh, Kanada, Meksika o‘rtasida, Yevropa Ittifoqida 30 dan ortiq davlatlar orasida tuzilgan erkin iqtisodiy zonalargacha yetishiga ancha bor.

Yangi kelishuv ishchilar huquqi, atrof-muhit himoyasi va intellektual mulk huquqiga tegishli emas. Bir so‘z bilan aytganda, u siyosatga aralashmaydi va toza savdo kelishuvi sifatida amalda bo‘ladi. Kelishuv savdo siyosatining bir qismini ishtirokchilarning o‘ziga qo‘yib beradi. Masalan, Yaponiya, Xitoy kabi gigantlar o‘z bozorini himoya bojlari bilan muhofazalashi mumkin. Ishtirokchilar o‘rtasidagi tortishuvlarni hal qiladigan umumiy mexanizm ham ishlab chiqilmagan.

VVS'ning Osiyo bo‘yicha muxbiri Mariko Oyning fikricha, kelishuv ishtirokchilarni boy qilib yuborishi haqida gapirishga erta: «Savdo kelishuvi chindan juda katta, axir bu borada muzokaralar 10 yillab davom etdi. Ammo ishtirokchilar iqtisodi bu kelishuvdan cheklangan miqdordagina foyda olishi mumkin, chunki ular allaqachon boshqa savdo ittifoqlariga ham a’zo.

Lekin bu savdo ittifoqining bir ustunligi bor: u siyosiy va diplomatik jihatdan murakkab munosabatda bo‘lgan davlatlarni ham bog‘laydi. Masalan, Xitoy va Yaponiyani», deydi VVS muxbiri.

Mavzuga oid