Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada to‘lg‘oq tutayotgan ayol tug‘ruqxonaga kiritilmagani aytildi. Vazirlik izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi perinatal markaz (aholi o‘rtasida «Oybek roddom» nomi bilan tanilgan) foyesida kuzatilgan holat videosi tarqaldi. Videoga berilgan izohda to‘lg‘oq tutayotgan homilador ayol propiskasi boshqa joyda bo‘lgani uchun qabul qilinmagani, yaqinlari videoga ola boshlaganidan keyingina vaziyat o‘zgargani aytilgan.

Foto: Videodan kadr
Lavhadagi izohda aytilganidek, shifokorlar propiska tufayli ayolni qabul qilishni rad etganlari ko‘rinmagan. Aksincha, ayolning yaqinlari uni olib ketishga urinishgan, shifokor esa olib qolishga harakat qilgan va shu yerda tug‘dirish zarurligini, ayol boshqa joyga yetib bora olmay qolishi mumkinligini bildirgan.
«Nega endi bunaqa qilyapsiz, nega avval qabul qilmayman dedingiz-da, endi videoga olayotganimizda o‘zgarib qoldingiz? Yo‘q, biz endi olib ketamiz. Siz propiska talab qilib, qabul qilmayman dedingiz, endi biz boshqa joyga olib boramiz. Tug‘maydi endi. Bir narsa bo‘lsa, javob berasiz. Hozir pul so‘rayotgandingiz-ku, qabul qilmayman degandiz-ku. Men prezidentgacha chiqaman», deydi videoga olayotgan erkak.
Ism-sharifi noma’lum shifokor ayol o‘zi ham telefoni orqali videoga olgan holda bemorning yaqinlari tasvirga olishlariga qarshilik qiladi.
«O‘chiringlar videoni. Qoldir buni, sen kimsan o‘zi, nega videoga olyapsan? Ichki ishlarni chaqiring. Borolmaydi bu boshqa joyga... bilasanmi seni nima qiladi, haromi, eshshak! Ketmaydi, shu yerda tug‘adi», deydi shifokor.
Voqeaning eng ta’sirli jihati – butun jarayon davomida homilador ayol to‘lg‘oqdan azoblanib turgani aks etgan.
Keyinchalik kelinning qaynonasining aytishicha, ayol tez yordam bilan markazga olib borilgan, lekin shifokorlar hali muddat borligini, bu yerda pul to‘lanishi, o‘zlari tegishli hudud – Vodil qishlog‘iga olib borish kerakligini aytishganini bildirgan.
Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘landi.
– Elmira Erkinovna, ziddiyatning birlamchi sababiga kelsak, umuman, homilador ayolga propiska talabi qo‘yilishi to‘g‘rimi?
– Propiska faqat tug‘ruqqacha bo‘lgan jarayondagi ko‘riklarda, davolanishlarda talab qilinadi, xolos. Ya’ni har bir ayol o‘z hududida bepul tibbiy ko‘riklardan o‘tishi, davolanishi mumkin. Lekin shoshilinch holatlarda, to‘lg‘oq tutganda bunday talab qo‘yilishi asossiz.
– Farg‘onadagi holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqdami? Shifokorlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilyapti?
– Avvalo aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishimiz shart, ya’ni ayni paytda kimnidir aybdor deb e’lon qila olmaymiz. Videoda faqat shifokor ayolni olib qolishga uringani, yaqinlari esa olib ketishgani aks etgan.
Bu yerda men hozircha umumiy tibbiyot talabi va shaxsiy fikrimni ayta olaman – bemor bilan til topa olmasa, tez tibbiy yordam berish yo‘lini qilmasa, demak ayb shifokorda bo‘ladi. Bu holatda shifokor har qanday talablarni chetga surib, zudlik bilan ayolga yordam berish choralarini ko‘rishi zarur edi. Chunki to‘lg‘oq tutayotgan ayol bilan har qanday vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Yaxshiki ayol eson-omon ko‘zi yorigan, ona ham, bola ham sog‘-salomat.
Endi holatga kelsak – biz bu masalani muhokama qildik, kamida uch kishidan iborat komissiya tuziladi va holat batafsil o‘rganiladi. Shundan keyingina rasmiy xulosa berishimiz mumkin. Shifokor kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani tasdiqlansa, albatta qonun doirasidagi chora ko‘riladi. Buni o‘z nazoratimga olaman.
– Videoda tasdiqlashga hojat bo‘lmagan holat ko‘ringan – shifokor ayolning yaqinlarini haqorat qilmoqda. Bunga qanday baho berasiz?
– Bemorning yaqinlarining hayajonini to‘g‘ri tushunaman. Yuqorida aytganimdek, komissiya xulosasini kutamiz va shundan keyingina xulosamizni aytamiz. Haqorat holatini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi, biz o‘z vakolatimiz doirasida chora ko‘ramiz. Shuningdek, bemorning yaqinlari ayni holat bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qilishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Jamiyat | 15:33 / 23.07.2025
O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?
Iqtisodiyot | 21:38 / 22.07.2025
Toshkentda bemorga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi
Jamiyat | 15:28 / 22.07.2025
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahvalar savdosiga chek qo‘yildi
Jamiyat | 09:27 / 22.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQSh Isroil - HAMAS muzokaralaridan chiqdi
Jahon | 00:46
-
Sun’iy intellekt olimlarga Qadimgi Rim tarixidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga yordam beradi
Fan-texnika | 23:45 / 24.07.2025
-
Zalujniy Rossiyaga qarshi urush 2034 yilgacha davom etishini bashorat qildi
Jahon | 22:53 / 24.07.2025
-
Toshkentda voleybol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi
Sport | 22:49 / 24.07.2025
Mavzuga oid

12:14 / 22.07.2025
Farg‘ona viloyatida "Nexia-3" jarlikka ag‘darilib ketdi, 18 yoshli bola halok bo‘ldi

13:34 / 05.07.2025
Farg‘onadagi Malibu ishi: haydovchi viloyat IIB YHXB boshlig‘ining turmush o‘rtog‘i ekani ma’lum bo‘ldi

14:39 / 26.06.2025
Farg‘onada fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

16:36 / 17.06.2025