Jahon | 21:10 / 15.12.2021
10748
7 daqiqa o‘qiladi

Eron bilan yadroviy kelishuv borasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlik chegarasiga yaqinlashyapti. Bu yog‘iga nima bo‘ladi?

Tehron bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi raundida ishtirok etuvchi G‘arb mamlakatlari Venadagi uchrashuv vaqtni behuda o‘tkazish ekanini ma’lum qildi. Chunki Eron tomoni kelishuv yo‘lini ataylab to‘sadigan shartlarni ilgari surdi.

29 noyabr kuni Venada G‘arb va Tehron o‘rtasida Eron yadroviy kelishuvini qayta tiklash bo‘yicha muzokaralarning yettinchi raundi boshlandi 

Avstriya poytaxti bir tomondan AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya, boshqa tomondan Eron ishtirokida 4+1 formatidagi muzokaralar yettinchi raundiga mezbonlik qilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Eron avvalgi olti raund davomida erishilgan murosalarning baridan voz kechgan. Iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish evaziga Eronni o‘z yadro dasturini ishlab chiqish imkoniyatidan mahrum qiluvchi yadroviy kelishuv 2015 yilda Barak Obama administratsiyasi davrida Vashington va Tehron o‘rtasida imzolangan. Oq uyning navbatdagi rahbari Donald Tramp AQShni mazkur kelishuvdan chiqarib tashladi, yangi prezident Jo Bayden esa muzokaralarga qaytish tashabbusi bilan chiqdi.

Biroq hozirda Venada bo‘lib turgan ingliz, fransuz va nemis delegatsiyalari kelishuvni yangilash vaqti deyarli o‘tib ketgan deb hisoblashmoqda. Uning yangi shartlarini muhokama qilishdan tashqari, kelishuv muzlatilgan vaqtda Eron o‘z yadro dasturini rivojlantirish bo‘yicha qanday sakrash qilgani hisobga olinsa, eski shartlarni ham ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Bu esa boshqacha formatni talab etadi.

Tehron vakillari, o‘z navbatida, g‘arblik hamkorlar Eronga nisbatan ayblov ohangini tanlab, o‘zlarini nokonstruktiv tutayotganini ma’lum qilmoqda.

«Ayrim ishtirokchilar haqiqiy diplomatiya bilan shug‘ullanish o‘rniga bizni barmoq bilan ko‘rsatish odatidan hech qachon voz kechmaydilar», deya yozdi Eron delegatsiyasi rahbari Ali Bageri Kani o‘z Twitter’ida.

Uning ta’kidlashicha, Tehron Yevropaga o‘z shartlarini allaqachon bayon qilgan va kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. «Diplomatiya bu – ikki tomonlama harakatlaniladigan ko‘cha. Agar qaysidir xatoni to‘g‘rilash uchun chinakam intilish bo‘lsa, manfaatli bitimga yo‘l tezda topiladi», dedi u.

Stavkalar baland

Deyarli yarim yillik tanaffusdan keyin Eron delegatsiyasi murosasiz kayfiyatda muzokaralar stoliga qaytdi. Delegatsiya rahbari Ali Bageri Kani o‘zini dadil his etmoqda

Eron va AQSh o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar joriy yil aprel oyidayoq boshlangandi. Biroq yoz fasli so‘ngida, Ibrohim Raisiy prezident etib saylangach, ular qoldirildi.

Raisiy G‘arbga nisbatan qattiqqo‘l pozitsiya tanlagani bilan tanilgan. U G‘arbning Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalarini o‘z mamlakati uchun foyda, deb hisoblaydi. Chunki ularga o‘z iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va rivojlantirish uchun imkoniyat sifatida qaraydi.

2021 yil yakunidagina Eron muzokaralar stoliga qaytishga rozilik berdi. Biroq eronliklar Venaga qat’iy shartlar ro‘yxati va ko‘plab masalalar bo‘yicha murosasiz pozitsiya bilan keldi.

Xususan, Tehron yangi kelishuv shartlari (agar unga erishilsa) Oq uyning keyingi barcha administratsiyalari tomonidan bajarilishi lozimligini ta’kidlamoqda. AQSh siyosiy tizimining o‘ziga xosligi hisobga olinsa, bu shartni bajarish mutlaqo mumkin emas.

Tahlilchilar Venadagi stavkalar yuqori ekanini aytishmoqda. Muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi Yaqin Sharqdagi mojaroning yangi bosqichiga aylanishi mumkin. Eron bilan bog‘liq masalalarda diplomatik kelishuvga umid qilmaydigan Isroil qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi.

Isroil Eron yadro dasturini o‘z xavfsizligiga bevosita tahdid deb biladi hamda Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistoni yordamini olishga harakat qiladi. Ushbu ikki mamlakat Eron bilan dushmanlik holatida, Isroil bilan esa aksincha, yaqinlashish yuz berdi.

2020 yil sentyabrida Donald Tramp vositachiligida BAA va Isroil tinchlik bitimini imzolashdi. Joriy yil kuz faslida tomonlar bir-birlari uchun havo kengliklarini ochishdi.

Yaqinda Abu-Dabida Isroil bosh vaziri Naftali Bennet va Birlashgan Arab Amirliklari valiahd shahzodasi Muhammad ibn Zayd ibn Sulton Al-Nahayon o‘rtasida ilk tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, ikki yetakchining rasmiy bayonnomalarida Eron mavzusi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, ular mazkur masalani muhokama etishgani aniq.

So‘nggi ogohlantirishmi?

Entoni Blinken Venadagi muzokaralar jarayonini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda

Indoneziyaga tashrif buyurgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ma’lum qilishicha, Venada muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda Vashington zaxirasida bir necha muqobil variantlar mavjud.

«Yaqin vaqtgacha biz diplomatiya yo‘lidan bordik, chunki bu eng yaxshi yo‘l. Biroq muqobil variantlarni ishlab chiqish uchun ittifoqchilar bilan faol hamkorlik qilyapmiz», dedi u.

Blinkenning fikriga ko‘ra, Eron muzokaralarga kelgan bo‘lsa-da, amalda ishtirok etmayapti, kelishuvni tiklash vaqti esa tez tugaydi.

«Agar yaqin vaqt ichida haqiqiy yutuqqa erishilmasa, Eron bo‘yicha kelishuvni bo‘sh narsa deya hisoblash mumkin», dedi davlat kotibi.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden ham Eronga nisbatan qo‘shimcha choralar qo‘llanishi mumkinligini aytgan. Biroq ularning mohiyati nimadan iborat ekaniga oydinlik kiritmagan.

Buyuk Britaniya TIV rahbari Elizabet Trass konstruktiv va real takliflar bilan muzokaralar stoliga o‘tirish uchun so‘nggi imkoniyat qolgani haqida Eron delegatsiyasini ogohlantirgandi.

Mavzuga oid