Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Serblar Ronalduni pley-offga jo‘natdi, Ibrahimovich shvedlarga yordam bera olmadi, Rossiya «loy jangi»da mag‘lub bo‘ldi
Yakshanba oqshomida Yevropada 2022 yilgi jahon chempionati saralashi doirasida to‘rt guruhda so‘nggi turlar bo‘lib o‘tdi. Germaniya, Daniya, Braziliya, Fransiya va Belgiya ortidan Serbiya, Ispaniya hamda Xorvatiya ham Qatardagi mundialga yo‘llanmani rasmiylashtirdi.

Foto AFP
Saralash siklining asosiy favoritlaridan biri JCh-2022ga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma ololmadi.
A guruhi
Portugaliya — Serbiya — 1:2 (1:1)
Gollar: Renatu Sanchesh, 2 (1:0). Tadich, 33 (1:1). A.Mitrovich, 90 (1:2).
Portugaliya: Ruy Patrisiu, Joze Fonti, Joau Kanselu, Ruben Diash, Nunu Mendesh, Joau Moutinyu (Palinya, 64), Danilu Perreyra (Andre Silva, 90+2), Bernardu Silva (Brunu Fernandesh, 65), Renatu Sanchesh (Ruben Nevesh, 84), Krishtianu Ronaldu, Diogu Jota (Joau Felish, 84).
Serbiya: Raykovich, Velkovich (Spaich, 65), Milenkovich, Pavlovich, Tadich, Gudel (A.Mitrovich, 46), Jivkovich (Radonich, 69), Kostich (Yovich, 90), Lukich, S.Milinkovich-Savich, Vlahovich.
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu, 8. Gudel, 13. Joau Moutinyu, 61. Pavlovich, 66. Renatu Sanchesh, 68. Milenkovich, 70. A.Mitrovich, 90+1.
Hakam: Orsato (Italiya).
14 noyabr. Lissabon. «Da Lush» stadioni.
Agar mart oyi oxirida Belgradda o‘tgan o‘yinda saralash bosqichidagi eng mojaroli voqealardan biri (Janubiy Amerikada Braziliya va Argentina o‘yini to‘xtatilishi kabi shov-shuvli emas) ro‘y bermaganida, bu guruhda so‘nggi turda hech qanday intriga bo‘lmasdi. O‘shanda hisob 2:2 ekanida, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar tugayotganida serblar himoyachisi Stefan Mitrovich Krishtianu Ronalduning zarbasidan keyin to‘pni darvoza chizig‘i ortidan olib chiqqan, ammo o‘yin bosh hakami Danni Makkeli ham, uning yordamchilari ham buni ko‘rishmagan va gol hisobga olinmagandi.
«Oltin to‘p»ning besh karra sohibi qattiq norozi bo‘lib, hissiyot aralash sardorlik bog‘ichini maydonga tashlab chiqib ketgandi, keyinroq u Instagram sahifasida terma jamoa sardori bo‘lish qanchalik faxrli ekani haqida post yozishiga to‘g‘ri kelgandi. Krishtianuning postdagi asosiy so‘zlari quyidagicha edi: «Shunday lahzalar bo‘ladiki, butun millat jabr chekkandek his qilasan. Boshimizni ko‘taramiz va yangi chorlovlarni qabul qilamiz! Olg‘a, Portugaliya!»
Niderlandiyalik referi keyinroq xatosini tan olgandi. Makkeli videotakrorni ko‘rib chiqib, portugaliyaliklar bosh murabbiyi Fernandu Santushdan uzr so‘ragandi.
Bu voqea tufayli Yevropaning sobiq chempionlari javob o‘yinidan oldin qo‘shimcha motivatsiyaga ega bo‘lishgandi, Ronaldu esa Twitter sahifasida muxlislarga murojaat qildi. «Portugaliya va portugallar uchun biz yana jahon chempionatiga bormoqchimiz! Portugaliya va portugallar kuchi bilan biz bunga erishamiz. Biz sizning qo‘llab-quvvatlovingizdan umid qilamiz. Olg‘a, Qatarga!» — deya yozdi sardor.
Portugaliya ilk daqiqalardanoq hujumga o‘tdi. Kuchli pressing ish berdi va bunda Bernardu Silvaning sa'y-harakatlari muhim rol o‘ynadi, u to‘pni qaytarishi Renatu Sancheshga golli uzatma bo‘lib bordi. Ushbu yarimhimoyachi Yevro-2016dan buyon ilk bor terma jamoa uchun gol urib, kutilmagan qahramonga aylandi. Besh yil oldin o‘sha vaqtda jahon futbolining umidli yulduzlaridan hisoblangan Sancheshning zarbasidan keyin Portugaliya chorakfinalda polyaklarga qarshi o‘yinda iroda ko‘rsatib, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib o‘tgan va yurishini davom ettirgandi.
Ammo mezbonlar nafaqat o‘z muvaffaqiyatini rivojlantira olmadi, balki ularning himoyasida muammolar kuzatildi — jamoaga diskvalifikatsiyaga uchragan Pepe yetishmadi. Serblarning bir goli hisobga olinmadi. Boshqa vaziyatda Vlahovichning zarbasi ustunga tegdi, ammo uchinchi urinish muvaffaqiyatli chiqdi. Serblarning hujumini yakunlashda Tadich u qadar aniq harakat qila olmadi, ammo o‘yin arafasida terma jamoa safidagi yuzinchi o‘yini munosabati bilan tabriklarni qabul qilib olgan Ruy Patrisiu o‘ziga qarata berilgan zarbani to‘sishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi va to‘pni darvoza chizig‘idan o‘tgandan keyin ushlab oldi.
Durang hisob ham Portugaliyani qoniqtirardi. Lekin serblar birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra zarbalar berishda ham (8-5), to‘pga egalik qilish borasida ham (56 foiz) ustunlik qilishdi va bu Fernandu Santushning pragmatizmi oqibati emas, amalda ham mehmonlar kuchliroq ekani isboti edi.
Ikkinchi bo‘limda ham serblar yaxshiroq o‘ynashda davom etdi. Tanaffusda yarimhimoyachi Gudel o‘rniga chempionshipning eng yaxshi to‘purari Aleksandr Mitrovich tushirildi. Portugallar himoyada ham, maydon markazida ham ehtiyotkorona o‘yin ko‘rsatishdi, Danilu Pereyra ko‘proq ortga qaytib, uchinchi markaziy himoyachi pozitsiyasini egalladi.
Final hushtagi chalinishiga bir necha daqiqa qolganida ham bu to‘g‘ri yondashuvdek ko‘rinayotgandi, Ronalduning maydonda deyarli bilinmayotganini u terma jamoaning hal qiluvchi o‘yinlarida barcha mas'uliyatni o‘z zimmasiga olmaslikni odatlangani bilan izohlash mumkin. Masalan, Millatlar ligasining birinchi finalida bo‘lgani kabi. Ammo Tadich darvozaning uzoq ustuni yaqiniga to‘p yetkazib bergan va Mitrovich o‘ziga yaqin burchakka to‘pni yerga sapchitib yo‘llab, Ruy Patrisiuni ilojsiz qoldirganida bu fikrlarning barchasi ahamiyatini yo‘qotdi.

Serbiya jasur va umid bilan harakat qildi, Yovich o‘yin oxirida maydonga tushgach, uch markaziy hujumchi bilan o‘ynadi. Serblar Lissabonga faqat g‘alaba uchun kelishgandi va bunga erishishdi. Portugaliya esa pley-offda ishtirok etadi, endi JCh-2022 Ronaldusiz o‘tishi ham mumkin. O‘yin yakunlangach gazonga o‘tirib qolgan va ko‘z yoshlarini tiya olmagan Krishtianu endi mart oyida o‘zining Supermen ekanini eslashi kerak bo‘ladi.

Lyuksemburg — Irlandiya — 0:3 (Daffi, 67. Ogbene, 75. K.Robinson, 88).
Ibra bilan ikki o‘yinda skandinavlar birorta gol ura olmadi

B guruhi
Ispaniya — Shvetsiya — 1:0 (0:0)
Gol: Morata, 86.
Ispaniya: Simon, Aspilikueta, Jordi Alba, Lyaport, Pau Torres, Buskets, Sarabiya (Morata, 59), Olmo (Ernandes, 90), Soler (Merino, 74), Gavi (Mendes, 90), Raul de Tomas (Rodrigo, 60).
Shvetsiya: Ulsen, Kraft (Mart.Olsson, 85), Augustinsson, Lindelef, Nilsson, Ekdal, Klasson, Forsberg (Kuayzon, 63), K.Olsson, Kulushevski (Svanberg, 63), Isak (Ibrahimovich, 73).
Ogohlantirishlar: Kraft, 77. Ernandes, 90+1.
Hakam: Brih (Germaniya).
14 noyabr. Sevilya. «Olimpiyskiy» stadioni.
Ispanlar va shvedlar so‘nggi yillarda bir-birining joniga tegib ketgan bo‘lsa ajab emas, lekin ular baribir bir-biri bilan qayta-qayta o‘ynashiga to‘g‘ri kelmoqda. Yevro-2020 saralashi va turnir final bosqichidagi o‘zaro o‘yinlardan keyin ular JCh-2022 saralashida ham to‘qnashdi.
Stokholmdagi o‘yinda Yanne Andersson shogirdlari Ispaniya bilan tengma-teng kurashgan. Qolaversa, shvedlar Aleksandr Isak va Viktor Klassonning gollari evaziga 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishgandi. Ammo skandinavlar bosh murabbiyi o‘yin natijasiga yuqori baho berishni o‘ziga ep ko‘rmagandi. «Biz saralash bosqichidagi uch o‘yinni o‘tkazdik. Yana besh o‘yin bor. Faqat 14 noyabr kuni xulosa chiqarishimiz va bu g‘alabaning ahamiyatiga baho berishimiz mumkin. Ammo biz hozirda yaxshi vaziyatdamiz», — degandi Andersson uy uchrashuvidagi g‘alabadan keyin.
U mutlaqo haq bo‘lib chiqdi. Yevro-2020 yarimfinalchilarini mag‘lub etgach, Shvetsiya Gretsiya (1:2) va Gruziyadan (0:2) mag‘lubiyatlar qabul qilib oldi. Ispanlar ham greklarga qarshi uy uchrashuvida ochko yo‘qotgan (1:1), ammo bu o‘yin martda bo‘lib o‘tgandi. So‘nggi tur arafasida Luis Enrike shvedlardan bir ochko ustunlikka ega edi (15ga qarshi 16).
Seviliyadagi «La Kartuxa» stadioni yil mobaynida ikkinchi bor Ispaniya va Shvetsiya uchrashuvini qabul qildi. Yevro-2020 guruh bosqichining birinchi turida qayd etilgan golsiz durang muxlislarni u qadar tashvishga solmagandi, bu safargi o‘yin esa — butkul boshqacha edi. «Yevrodagi bilan taqqoslaganda bu boshqacha stadion bo‘ladi. «La Kartuxa» bugun do‘zaxga aylanadi, biz esa olg‘a uchamiz», — deya jangovar kayfiyatni ifodaladi o‘yindan oldin Luis Enrike.
Sevilyadagi «do‘zax» Ispaniyani olg‘a boshladi deb aytish qiyin. Birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish borasida 71 foizlik ustunlik maydon egalariga birorta vaziyat yaratish imkonini taqdim etmadi. Shvetsiya esa, Emil Forsbergning sa'y-harakatlari bilan ikki marta gol urishga yaqin keldi. 16-daqiqada ushbu yarimhimoyachi qarshi hujumda to‘pni Unai Simon qo‘riqlayotgan darvozaning o‘ng tomondagi ustuniga tekkizdi, 39-daqiqada «Leypsig» futbolchisi Lyudvig Augustinssonni to‘p bilan ta'minlab, qulay vaziyatga chiqardi, ammo u chap burchakni aniq nishonga ololmadi.
Ispaniyaga durang ham yetarli edi, ammo jamoa bu natijani saqlab qolishi qiyin bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshida Sesar Aspilikuetaning qo‘pol xatosidan shvedlar hujumchisi Isak foydalana olmadi. Ispanlarning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi tanaffusdan keyin ham samarasiz qolaverdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tib Shvetsiya tarkibi Zlatan Ibrahimovich bilan kuchaytirildi. 40 yoshli forvard Gruziyaga qarshi o‘yinda 90 daqiqa davomida yugurgan, ammo bu natija keltirmagandi. «Milan» hujumchisi hal qiluvchi uchrashuvda 20 daqiqa o‘ynadi. Ammo Ibraning maydonga chiqishi, o‘yinni yanada kuchaytirdi deyish qiyin.
O‘yindagi ilk aniq zarba 84-daqiqaga to‘g‘ri keldi: Alvaro Morata to‘pni Robin Olsenning qo‘llari tomon tepdi. Ammo forvard bu bilan cheklanmadi. Ikki daqiqa o‘tib «Yuventus» futbolchisi Ispaniyaning JCh-2022 yo‘llanmasini kafolatlovchi golni urdi. Dani Olmo uzoqdan kuchli zarba yo‘lladi, Shvetsiya himoyachilari esa Olsenni qo‘llab-quvvatlay olishmadi va Morata to‘pga ega chiqib, uni darvozaga kiritib yuborishiga to‘sqinlik qilishmadi.
Shvedlarning so‘nggi daqiqalardagi shturmi Ispaniya darvozasi tomon bir necha standart vaziyatlardan boshqa narsa keltirmadi. Minimal hisobdagi g‘alaba Luis Enrike va kompaniyaga JCh-2022ga yo‘l olish uchun kifoya qildi, Shvetsiya esa mart oyida o‘tish o‘yinlarida ishtirok etishiga to‘g‘ri keladi.
Gretsiya — Kosovo — 1:1 (Masuras, 44 — Rahmani, 76).
Rossiya pley-offda qatnashadi
H guruhi
Xorvatiya — Rossiya — 1:0 (0:0)
Gol: Kudryashov, 81 — avtogol.
Xorvatiya: Grbich, Lovren, Sosa, Yuranovich (Brekalo, 76), Gvardiol, Modrich, Perishich, Brozovich, Pashalich (Livaya, 75), Vlashich (Petkovich, 58), Kramarich (Stanishich, 86).
Rossiya: Safonov, Kudryashov, Djikiya, Karavayev, Diveyev, Ionov (Zobnin, 57), Barinov, Golovin (Chistyakov, 56), Fomin (Glebov, 80), Bakayev (Mostovoy, 78), Smolov (Zabolotniy, 57).
Ogohlantirishlar: Golovin, 51. Smolov, 55. Livaya, 90. Grbich, 90.
Hakamlar: Makkeli. de Vris, Stegstra (barchasi — Niderlandiya).
14 noyabr. Split. «Polyud» stadioni.
Rossiya durang hisobni saqlab qolish uchun o‘ynadi va yutqazib, mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan mahrum bo‘ldi.
Rossiya va Xorvatiya yil o‘yinini kuchli yomg‘ir ostida o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Birinchi bo‘limda yomg‘ir maydonni u qadar yomon holatga keltirmagan bo‘lsa, tanaffusdan keyin futbolchilar maydonda suza boshladi.
Bunday maydondagi o‘yin ko‘proq 90-yillarni eslatardi. Bunday sharoitda ikki tomon ham paslar uzatishda muammolarga duch keldi, lekin mehmonlarda holat yomonroq edi - ruslar ikki-uch pasdan keyin to‘pni yo‘qotishar va to‘pni o‘zi bilan olib yurishni ham uddalay olishmasdi. Natijada Karpin shogirdlari chuqur himoyaga yotib, raqib hujumlarini qaytarish bilan band bo‘ldi.
Raqib jarima maydonini qamal qilgan xorvatlarning esa qaysidir hujumi samara keltirishi tayin edi va shunday bo‘lib chiqdi ham. Mezbonlar bosimi himoyachi o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishi bilan yakunlandi va xorvatlar endi Qatarga boradi. Rossiya esa o‘tish o‘yinlarida imkoniyatlarini sinab ko‘rishga majbur. Bu bosqichda guruhlarda ikkinchi o‘rinlarni egallagan 10 jamoa hamda Millatlar ligasida guruhlarida g‘olib bo‘lganlarning (lekin JCh saralash bosqichida ikkinchi o‘rinlarni egallay olmagan) eng yaxshi natijaga ega ikkitasi qatnashadi.
Pley-off sxemasi oddiy — 12 terma jamoa qur'a asosida uchga ajraladi. Avval bo‘lgani kabi har bir ishtirokchi ikki o‘yin o‘tkazadi, ammo hozir ikki turli raqibni mag‘lub etish kerak bo‘ladi. Qur'a 26 noyabr kuni Tsyurixda bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar bahorga belgilangan: yarimfinallar — 24-25 mart, finallar — 28-29 mart.
Yarimfinallarda «saralanganlar» va «saralanmaganlar» ajraladi — bu ularning saralash guruh bosqichidagi ochkolariga asoslanadi. «Saralanganlar» pley-offning ilk o‘yinlarini o‘z maydonida qabul qiladi.
Sloveniya — Kipr 2:1
Gollar: Zayts (28), Gnezda (84) — Kakulis (89).
Malta — Slovakiya 0:6
Gollar: Rusnak (6, 16), Duda (8, 69, 80), de Marko (72).
J guruhi
Armaniston — Germaniya 1:4
Gollar: Mxitaryan (59, penalti) — Havers (15), Gundo‘g‘an (45+4 penalti, 50), Hofmann (60).
Germaniya – ter Stegen, Kerer, Ta, Ginter, Raum, Haverts, Hofmann (Baku, 84), Sane (Brandt, 60), Gundo‘g‘an (Arnold, 60), Myuller (Nmecha, 60), Noyhaus (Folland, 73).
Germaniya natijasi ahamiyatsiz o‘yinda ham yirik hisobda g‘alaba qozondi, guruhda bahorgi o‘yinlarda nemislarni mag‘lub etgan holda sensatsiya qayd etgan makedoniyaliklar so‘nggi turgacha muvaffaqiyatni davom ettirib, ikkinchi o‘rinni oldi va pley-off bosqichiga o‘tdi. Ruminiya bir ochkolik farq bilan uchinchi o‘rinda qolib ketdi.
Shimoliy Makedoniya — Islandiya 3:1
Gollar: Alioski (7), Elmaz (65, 87) — Torsteynsson (54).
Shimoliy Makedoniya – Dimitriyevski, Velkoski, Ristovski (Zaykov, 89), Musliu, Alioski, Bardi, Churlinov (Ashkovski, 63), Kostadinov, Elmaz, Traykovski (Spirovski, 78), Ristovski (Miovski, 77).
Islandiya – Olafsson, Sayvarsson, Gretarsson, Byarnason, Torarinsson (Traundarson, 86), Tourdarson (Helgason, 72), Yohannesson, Gudmundsson (Ellersson, 86), Byarnason, Torsteynsson (Traustason, 78), Gudonsen (Gudonsen, 72).
Chetlatish: Yohanesson (79).
Lixtenshteyn — Ruminiya 0:2
Gollar: Man (8), Banku (87).
Amalga oshirilmagan penalti: Stanchu (35).
Ruminiya – Nitse, Burke, Banku, Rus, Manya, Nedelku, Morutsan (Chikildeu, 73), Stanchu (Maksim, 63), Man (Haji, 74), Pushkash (Alibek, 64), Ivan (Sali, 82).
Tavsiya etamiz
Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?
Jahon | 09:05 / 31.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Ko‘chmas mulk | 11:37 / 30.07.2025
Urush balosi: «Aeroflot»ni nega «buzishdi»?
Jahon | 23:22 / 29.07.2025
«Aeroflot»ga hujum. Bir kundan keyin nimalar ma’lum?
Jahon | 21:16 / 29.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zbekiston 8 ta davlatdagi deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalarni qaytaradi
O‘zbekiston | 12:18
-
Toshkent viloyatida quriladigan aeroport qanday bo‘ladi?
O‘zbekiston | 12:00
-
AQSh va NATO Ukrainaga qurol yetkazib berishning yangi mexanizmini yaratmoqda
Jahon | 11:56
-
Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayoni boshlandi
Ta’lim | 11:20
Mavzuga oid

21:09 / 28.12.2022
Argentina milliy jamoasi jahon kubogi bilan prezident saroyiga borishdan bosh tortdi

15:13 / 28.12.2022
JCh-2022 paytida Messi yashagan xona muzeyga aylanadi

22:52 / 24.12.2022
Argentinada fransuzlarning finalni takroran o‘tkazish talabiga javob qaytarishdi

19:00 / 23.12.2022