O‘zbekiston | 18:22 / 10.11.2021
40515
7 daqiqa o‘qiladi

Qish yaqin. Aholi “svet” o‘chishidan hadikda, Energetika vazirligi xavotirli signal berdi

Ko‘pincha umidbaxsh bayonotlar beruvchi Energetika vazirligi bu yil qish arafasida tarqatgan rasmiy axborot ortiqcha optimizmga berilmaslikka ishoradek go‘yo.

Foto: Getty Images

2021 yilda elektr tarmoqlariga umumiy hisobda 430 mln dollar pul ajratilishi aytilgandi. U pullar ajratildimi-yo‘qmi, bizga qorong‘i. Ammo fakt shuki “svet” o‘chishda davom etmoqda. Vaziyat jiddiy o‘zgarmagan.

O‘zbekistondagi eng g‘alvali lavozim energetika vazirida bo‘lsa kerak. Nafaqat qishda, balki yozda ham chiroq o‘chaveradi, odamlar asabiylashaveradi, bo‘ralab so‘kaveradi. Ishlab chiqarish orsa-da, iste'molga yeta olmaydi. Vazir prezident qarshisida va'da beradi, ammo amalda bajara bilmaydi. Aholi esa qishni har doimgidek hadik bilan kutadi.

Bu ham mayli, Senat raisi Tanzila Norboyevaning: “Umuman olganda, “svet” o‘chishi, zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik besh yil oldingi tarix edi. Hozir bularning barchasi bartaraf qilindi”, degan so‘zlari O‘zbekistonda energetika mavzusining maddalagan yarasini yana tirnagandek bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlar zaharxanda gaplarga to‘lib toshdi, joylardan zulmatda tushirilgan suratlar, videolar yog‘dirib tashlandi.

Senat matbuot kotibi Mo‘min Ibodov Norboyeva bu tadbirda boshqacharoq, to‘liqroq gapirganini, bu tarqalgan lavha kontekstdan yulib olingan va noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi. Ammo qanday qilib tugal fikr anglashilgan jumlalar noto‘g‘ri talqin qilinganini tushuntirib bermadi.

Umuman olganda, gaz-svet muammosi O‘zbekiston uchun shu qadar azaliy va og‘riqliki, uni yangilik sifatida yozish, qayerdadir shu muammodan odamlar qiynalayotganini yoritishning zarracha noyobligi yo‘q aslida.

Lekin hammani masalaning yechimi qiziqtirishi tabiiy. Bir vazirlikka yoki yagona vazirga bog‘liq bo‘lmasa-da, bu borada birinchi navbatdagi tanqid obekti Energetika vazirligi bo‘lib qolaveradi.

Vazirning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi, dedik. Chindan ham shunday. Oliy darajadagi tadbirlarda prezident qattiq talab qo‘yadi. Vaziyatdan chiqish yoki hech bo‘lmasa yumshatish uchun vazir tez orada hammasi iziga tushishini, tizimni yaxshilash uchun milliardlar ajratilayotganini, bu yil oldingi yillardagidek qiyinchilik bo‘lmasligini aytadi. Lekin tez orada yomg‘irdan qutulib do‘lga tutiladi. Qish ham darrov kelaqoladi, “svet” o‘chishini qo‘ymaydi.

Vazir rekord darajada ko‘p transformatorlar o‘rnatilgani va ta'mirlangani haqidagi hisobotlari bilan o‘z faoliyatini asosli oqlashi mumkin, biroq “Bu yildan boshlab zarur talabni qondira oladigan bo‘lamiz”, “Bizdagi gaz uchta O‘zbekistonni boqa oladi”, “Hamma iste'foga chiqib ketaversa, kim ishlaydi?” degan gaplar, qishda uydagi eshiklarni yaxshilab yopib yurish haqidagi tavsiyalar odamlar orasida yuqoridagi hisobotlardan ko‘ra ancha ko‘proq tarqaladi.

O‘zbekiston energotizimi jiddiy islohotlarga muhtoj ekani ko‘p marta gapirildi, gapirilmoqda. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda muammolar nihoyat tan olindi, sohaga jiddiy investitsiyalar kiritilmoqda, turli usullar bilan ishlab chiqarish hajmi oshdi. Eng muhimi – vazirlik o‘g‘irlik va qarzdorlik uchun xalqni, xalq esa svetni o‘chirish uchun tizimni ayblaydigan illatli doira nihoyat uzilmoqda. Ya'ni yangi tizimga ko‘ra faqat oldindan to‘lov asosida svet yoqilyapti, millionlab qarzga kirib ketishning ham deyarli iloji qolmadi.

Ammo bu ham muammoning sezilarli yechimi bo‘la olgani yo‘q. So‘nggi paytlarda hatto Toshkentda ham elektr uzilishlari kuzatilib turibdi.

Energetika vazirligi Kun.uz'ga taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, 2021/22 yillar kuz-qish mavsumida iste'molchilarga jami 34 mlrd 152 mln kVt.soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Bu o‘tgan mavsumga nisbatan 12,5 foizga ko‘pni tashkil qiladi.

Buning uchun noyabr-dekabr oylarida umumiy quvvati 1 300 MVt bo‘lgan 8 ta elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Xususan, Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi, Toshkent viloyatida umumiy quvvati 710 MVt bo‘lgan 3 ta, Buxoro va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 444 MVt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi hamda Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida 2 ta gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Buning natijasida 2022 yil yanvar-mart oylarida 2 mlrd 523 mln kVt.soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi va iqtisod qilingan 370 million kub metr tabiiy gaz aholi iste'moliga yo‘naltiriladi.

Bu raqamlar muhim albatta. Lekin hammani bir savol qiziqtiradi – bu yil svet o‘chmaydimi?

O‘chadi. Bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi, o‘zimizni aldamay vaziyatga real qarashimiz va qabul qilishimiz zarur. Qancha va'dalar berilsa ham, raqamlar jozibador ko‘rinsa ham, umumiy holatda katta o‘zgarish sezilmaydi.

Energetika vazirligining so‘nggi bayonoti ham xuddi shuni tasdiqlayotgandek. Ma'lum bo‘lishicha, suv tanqisligi tufayli O‘zbekistondagi GESlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ikki yil oldingiga nisbatan qariyb chorak qismga kamaygan.

“2019 yilda gidroelektr stansiyalarda ishlab chiqarish 6,5 milliard kVt/soatni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi ko‘rsatkich kabi 5 milliard kVt/soatni yoki 1,5 milliard kilovatt-soatga kam (23 foiz)ni tashkil etmoqda. Mazkur 1 mlrd 200 mln kVt/soat elektr energiya bilan respublika aholi iste'molchilarini bir oy mobaynida uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash mumkin”, – deyilgan vazirlik axborotida.

Suv tanqisligi muammosi yildan yilga kuchayib borayotganini hisobga olsak, O‘zbekistonning energetika muammosi yaqin yillarda yechim topmasligi ayon.

Buni tepadagilar ochiq tan olishi dargumon bo‘lsa-da, pastdagilar o‘tin, ko‘mir va tappisini g‘amlayverishi kerak. Achchiq haqiqat shu!

Abror Zohidov

Mavzuga oid