Jahon | 07:36 / 10.11.2021
4474
2 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyada BMTning 9 xodimi hibsga olindi

Efiopiya poytaxti Addis-Abebada BMTning 9 nafar xodimi va ularning oila a'zolari hibsga olindi. Bu haqda BMTning rasmiy vakili Farxon Haq xabar berdi.

Foto: infodig

Ta'kidlanishicha, BMTning xavfsizlik departamenti xodimlari hibsga olingan hamkasblari yoniga tashrif buyurishgan. Shuningdek, mamlakat tashqi ishlar vazirligiga BMT xodimlarini ozod qilish talabi bilan nota yo‘llangan.   

Avvalroq Efiopiyada aholini “Tigray ozodlik xalq fronti” jangarilaridan himoyalash maqsadida favqulodda vaziyat rejimi kiritilgandi.

Mamlakat shimolida 2020 yil noyabrdan beri hukumat qo‘shinlari va tigraylik ayirmachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etib kelmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi ixtilofga ayirmachilarning Tigray shtatidagi harbiy bazaga hujumi va hukumatning bunga javoban ayirmachilarga qarshi harbiy amaliyotni boshlagani sabab bo‘lgan.

Sentyabr oxirida Efiopiya hukumati BMTning mamlakatdagi 7 xodimini “persona non grata” deb e'lon qilgandi va ulardan mamlakatdan 72 soat ichida chiqib ketishni talab qilgandi. Addis-Abeba ularni tigraylik ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagandi.

Avvalroq “Tigrayni ozod qilish xalq fronti” hukumatga qarshi boshqa 8 ta ayirmachi guruh bilan birlashgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid