Merkel siyosat bilan boshqa shug‘ullanmasligini tasdiqladi
Germaniya kansleri vazifasini bajarayotgan Angela Merkel o‘z lavozimidan ketgandan keyin siyosat bilan boshqa shug‘ullanmasligini tasdiqladi. U bu haqda Deutsche Welle telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: APPA-EFE/IGOR KUPLJENIK
“Nima bilan shug‘ullanishimga kelsak... Siyosat bilan boshqa shug‘ullanmayman. Avval aytganimdek, dastlab biroz dam olaman, keyin ko‘ramiz, miyamga nima kelarkin”, deb aytgan kansler va navbati bilan “mutolaa qilishi va uxlashini” qo‘shimcha qilgan.
“Fikrimcha, keyin miyamga boshqa rejalar ham keladi. Ko‘plab yillar davomida o‘z e'tiborimni menga berilgan kun tartibiga qaratganman va har doim shay holatda bo‘lishimga to‘g‘ri kelgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Merkel. Uning ta'kidlashicha, “hukumatning asosiy vazifalaridan biri yuz beradigan voqealarga darhol javob berishdan iborat”. “Hozir esa nima qilgim kelishiga qarayman. Bu ikki oylardan keyin ma'lum bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan siyosatchi. U ushbu intervyusi kansler lavozimidagi oxirgi intervyularidan biri ekanini tan olgan.
“Men lavozimdagi oxirgi kunlarda o‘ziga xos xayrlashuv turnesini amalga oshirmoqdaman va bir tomondan, baxtliman. Keyin, albatta, biroz xafa bo‘laman, chunki ishim menga doim zavq keltirgan va hamon keltirmoqda”, deb aytgan Merkel. U shu bilan birga “lavozimdagi oxirgi kungacha diqqat-eʼtiborni susaytirmaslik kerakligini” qo‘shimcha qilgan. “Temir frau”, shuningdek, uning siyosatidan norozilar borligini tan olgan.
Kansler xonim muzokaralar vaqtida, jumladan do‘stona davlatlar rahbarlari bilan o‘tgan uchrashuvlarda hamisha Germaniya manfaatlaridan kelib chiqib yo‘l tutganini ta'kidlab o‘tgan. “Bizni umumiy qadriyatlar, demokratiyaga umumiy qarashlar birlashtiradi. Biroq kimdadir dunyoga boshqacha qarash bo‘lsa, biz baribir unga quloq tutishimiz lozim. Chunki bir-birimizni eshitmasak, unda yechimlar topa olmaymiz”, deb qo‘shimcha qilgan Merkel.
U siyosiy faoliyatning asosiy qoidalariga to‘xtalib, “siyosat bilan shug‘ullanish san'ati qolgan jihatlar qatori kelajakka haddan tashqari ko‘p rejalar tuzmaslik va bajara olmaydigan majburiyatlarni o‘z zimmangga olmaslikdan iboratligi” haqidagi fikrni bildirgan. “Bundan mening kayfiyatim, sen va'da bergan odamlarning kayfiyati buziladi”, deb aytgan siyosatchi. U “qayerdan g‘ayrat olishi” haqidagi savolga “tabiatdan, bog‘dagi ishlardan va ba'zida hamma narsani unutishdan” kuch olishini aytgan.
24 oktyabrda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Merkelga va uning hukumati a'zolariga o‘z lavozimlaridan bo‘shatilganlari haqidagi yorliqlarni topshirgan. Biroq ular yangi hukumat shakllantirilmagungacha o‘z vazifalarini bajarishni davom ettiradilar. Germaniyaning yangi kansleri dekabrda saylanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid

21:43 / 06.05.2025
Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Mers haqida nimalar ma’lum?

09:10 / 24.02.2025
Germaniya kanslerligiga nomzodlar Ukraina va Tramp bo‘yicha bahslashdi

13:06 / 17.02.2025
Germaniya kanslerligiga nomzodlar «to‘rt kishilik teleduel» o‘tkazdi

21:01 / 05.01.2025