Biz sayt ishlashini yaxshilash va sizga qulaylik yaratish uchun cookies-fayllardan foydalanamiz. Davom etish orqali siz cookies-dan foydalanishga rozilik bildirasiz. Maxfiylik siyosati Kun.uz
Is gazi o‘ldirib to‘ymayapti: urgutlik ona ikki bolasi bilan uyqudan uyg‘onmadi
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s
30 oktyabr kuni Samarqand viloyati Urgut tumani Chumchuqli mahallasida yashovchi ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ushbu falokat oqibatida oilaning bir vakiligina omon qolgan. Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Urgut tumanida bo‘lib, oilaning yaqinlari, voqea tafsiloti hamda omon qolgan bolaning holati bilan qiziqdi.
Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz
Darvoqe, ushbu oila boshlig‘i ham bir muddat avval xastalik sabab vafot etgan. Ayol ikki o‘g‘li va bir qizi bilan yashab kelgan. Ayni vaqtda ushbu xonadonda omon qolgan bolaning amakisi Alimardon Hamidov yashab turibdi va qarindoshlarining ma'rakasini o‘tkazyapti. U bizga voqea qanday bo‘lganini gapirib berdi.
Foto: Kun.uz
«Yaratganning irodasi ekan, og‘ir judolik bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan kuni ertalab ukam shu atrofdagi bog‘imizdan xabar olgani kelgan. Jiyanlarim yoki yangamni hovlida ko‘rmagach, kelib eshikni taqillatgan. Hech kim chiqmagach, hali uxlayotgandir, degan xayol bilan uyga borgan. Gap orasida onamga hali yangamlar uyg‘onishmaganini aytganda, onam xavotir ola boshlabdi. Borib xabar ol, nega uyg‘onishmaydi, deb ukamni qaytarib jo‘natgan. Ukam shundan so‘ng derazadan ichkariga kirishiga to‘g‘ri kelgan. Ichkariga kirsa, hammasi hushsiz yotibdi...
Tezlik bilan yangam va jiyanlarimni olib tez yordamga olib bordik. U yerdan Mo‘minobod tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borildi. Afsuski, shifokorlar yangam, qizi va kichik o‘g‘li vafot etganini ma'lum qilishdi. Katta o‘g‘li Otabekjonda hayot alomatlari bo‘lgani uchun tuman tibbiyot birlashmasiga olib bordik. Xudoga shukur, hozir ahvoli yaxshi», deydi Alimardon Hamidov.
Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz
Alimardon Hamidovning aytishicha, voqea sodir bo‘lgandan so‘ng xonadonga huquq-tartibot idoralari, mas'ul tashkilot vakillari kelib, is gazi tarqalishiga sabab bo‘lgan pechkani olib ketgan. Sabablar o‘rganilgan, ekspertiza qilingan. Hamidov jiyani Otabekka o‘zlari g‘amxo‘rlik qilishini, yolg‘izlatib qo‘ymasligini aytdi.
Foto: Kun.uz
Mahalla faoli Abduhakim Shodmonovning aytishicha, is gazidan zaharlanish Chumchuqlida birinchi marta kuzatilmayapti. Bir yil avval ham bir kishi aynan is gazidan zaharlanib, vafot etgan. Qishloq aholisining aksariyat qismi ko‘mir kukunidan yoqilg‘i tayyorlab, qishda uylarini isitadi.
Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz
Darvoqe, Chumchuqli mahallasida bir emas, o‘nlab xonadonlarda shu kunlarda ko‘mir kukuni sotib olib, unga suv aralashtirib, qo‘lbola yoqilg‘i tayyorlashayotganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘mir kukunining tonnasi 400 ming so‘mdan sotilayotgani, bitta pechka uchun bir mavsumda kamida ikki tonna ko‘mir sarflanishini aytishdi. O‘sha kukunni hamma ham bir vaqtning o‘zida sotib olishga qurbi yetmaydi.
Foto: Kun.uzFoto: Kun.uzFoto: Kun.uz
Oilaning bir vakili – Otabek ushbu noxush voqeadan omon qolganini eshitib, Urgut tuman tibbiyot birlashmasida ham bo‘ldik. U yerda birlashma boshlig‘i o‘rinbosari Xurshid O‘rinov bolaning holati bo‘yicha ma'lumot berdi.
«Otabek 29 oktyabr kuni soat 11:00 da yo‘lovchi mashinada yaqinlari tomonidan olib kelindi. O‘sha paytda bemor o‘ta og‘ir ahvolda edi. Koma holatida bo‘lgani sababli shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi. Bir sutka davomida bemorga kerakli muolajalar qilingach, uning holati ijobiy tomonga o‘zgardi. Hozir bolalar bo‘limiga ko‘chirganmiz, umumiy ahvoli qoniqarli. Ko‘pi bilan ikki kunda uyiga javob berishimiz mumkin», dedi shifokor.
Xurshid O‘rinov / Foto: Kun.uz
Birlashma boshlig‘i o‘rinbosari O‘rinov o‘z navbatida is gazidan zaharlangandan keyingi holatlar, inson hayotiga uning qanchalik xavf solishi va zaharlangan kishiga dastlabki yordam ko‘rsatish tartibi haqida ham ma'lumot berdi.
«Is gazi yoqilg‘ining chala yonishi oqibatida paydo bo‘ladi. Is gazidan nafas olgan inson o‘zining zaharlanayotganini bilmasligi mumkin. Oqibatda insonning qonida kislorod kamayib, dastlab yuzaki karaxtlik, keyin karaxtlik va koma holatiga tushib qoladi. Bu o‘limga ham sabab bo‘ladi. Umuman, is gazidan zaharlanish belgilari kuzatildimi, albatta shifokorga murojaat qilish lozim. Dastlab yengil ko‘rinishda bo‘lgan zaharlanish ham kuchayib ketish ehtimoli bor», deydi shifokor.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksi 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Kun.uz muxbiri hodisa yuzasidan ma'lumot olish uchun Urgut tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Sanaqulov bilan bog‘langandi. Unga ko‘ra, Chumchuqli mahallasida yuz bergan is gazidan zaharlanish hodisasiga to‘lib qolgan mo‘ri tozalanmasdan isitish pechi yoqilgani sabab bo‘lgani aytilgandi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkin, is gazidan zaharlanish ortidan o‘lim holatlari ko‘payib borayotgani sir emas. Shunday ekan, o‘zingizni ehtiyot qiling, yaqinlaringizni asrang.
Isomiddin Po‘latov,Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.