Jahon | 21:40 / 01.11.2021
5464
2 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyada tigraylik ayirmachilar 100 dan ko‘proq odamni qatl etdi

Efiopiyaning Tigray shtati ozodligi uchun kurash olib boruvchi “Tigrayni ozod qilish xalq fronti” jangarilari mamlakat shimolidagi Kombolcha shahrida 100 dan ko‘proq odamni qatl etdi.

Foto: Ben Curtis/AP

“RIA Novosti”ning xabar berishicha, front vakillari o‘tgan dam olish kunlari Desse va Kombolcha shaharlarini egallab olganini ma'lum qilgan.

“Terrorchi guruh umumiy hisobda Kombolcha shahrida 100 dan ko‘proq yoshlarni o‘ldirdi. Xalqaro hamjamiyat bunday vahshiyliklarga ko‘z yummasligi lozim”, deb aytilgan Efiopiya hukumatida.

Efiopiya shimoli 2020 yil noyabrdan beri qurolli ixtilof markazi bo‘lib qolmoqda. O‘shanda hukumat “Tigrayni ozod qilish xalq fronti”ni harbiy bazaga hujumda ayblagan. Shundan keyin Tigrayda frontga qarshi qo‘shni Eritreya qurolli kuchlari ko‘magida harbiy amaliyot boshlangan.

2021 yil oktyabr boshida Efiopiya mamlakatdan BMT vakillarini chiqarib yuborishini ma'lum qilgan. BMT vakillari tigraylik ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblangan. Efiopiyaning xalqaro tashkilot vakillarini “persona non-grata” deb e'lon qilishi BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Martin Griffits Efiopiyada sun'iy ravishda vujudga keltirilgan ocharchilik boshlanayotgani haqidagi ogohlantirishidan keyin yuz bergan.  

Bundan tashqari, Efiopiyada avgust oxirida “Oromiyani ozod qilish armiyasi” jangarilari Oromiya shtati g‘arbidagi amxara elati vakillariga hujum qilishni boshlagan. O‘shanda yuz bergan to‘qnashuvlarda 200 dan ko‘proq kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid