Jahon | 12:44 / 31.10.2021
5318
2 daqiqa o‘qiladi

Xurgadadagi mehmonxonada rossiyalik sayyohlar orasida ommaviy zaharlanish yuz berdi

Misrning Xurgada kurort shahridagi mehmonxonalardan birida 40ga yaqin rossiyalik sayyoh zaharlandi. Ularning barchasida yuqori tana harorati, qayt qilish, ich ketish, holsizlik kuzatilgan. Sayyohlardan birining taxminicha, ommaviy zaharlanishga vodoprovod suvi sabab bo‘lgan.

Foto: TASS / DPA

Voqea 4 yulduzli AMC Royal Hotel mehmonxonasida yuz bergan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, sayyohlarning kechasi tobi qochgach, ular shifoxonaga olib ketilgan. Ular orasida yosh bolalar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.

Ta'kidlanishicha, 4 kishi shifoxonadan chiqarilgan, qolganlarga esa zarur muolajalar ko‘rsatilmoqda. Bemorlarning ahvoli qoniqarli darajada, ularning hayotiga xavf yo‘q. Shifokorlar ularni 1 noyabrda chiqarish mumkinligini aytishgan.  

Shahar sanitar xizmati mehmonxonani sanitar xavfsizlik me'yorlarini buzgani uchun 48 soatga yopishga qaror qilgan. Qolgan sayyohlar boshqa mehmonxonalarga joylashtirilgan.

Ayni vaqtda jabrlanuvchilar orasida boshqa davlatlar fuqarolari bor-yo‘qligi noma'lum. Zaharlanish sababini aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan. Mehmonxona nafaqat yirik jarimaga tortilishi, balki yopilishi va litsenziyasi olib qo‘yilishi mumkin.

Mehmonxonaga 28 oktyabrda kelgan ayol sayyohlardan birining aytishicha, u uchinchi kun o‘zini betob his qila boshlagan. Uning fikricha, ommaviy zaharlanishga mehmonxonadagi vodoprovod suvi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Bir soatdan keyin tez yordam kelib bizni shifoxonaga olib ketdi. Kun davomida politsiya, sudya, shahar meri bizni so‘roq qildi. Shifoxona mehmonxonamizdagi odamlar bilan to‘lgan”, deb ma'lum qilgan ayol.

Avvalroq Albaniyaning Kruya shahri aholisi orasida ichimlik suvdan ommaviy zaharlanish yuz bergani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid