Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya va Belarusni birlashtirish yo‘lida. Putin va Lukashenkoning uchrashuvi integratsiya jarayonini tezlashtiradimi?
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko yana bir marta Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Dunyo siyosatida ushbu ikki yetakchi o‘zaro eng ko‘p uchrashadiganlardan. Bu borada turli hazillar ham mavjud.

Foto: Getty Images
Bu gal Belarus yetakchisi Kremlga uzoq yillardan buyon muhokama qilinayotgan integratsiyalashuv masalasida gaplashish uchun bordi. Bu esa belaruslarda navbatdagi xavotirlarni paydo qildi.
Navbatdagi uchrashuvda tomonlar integratsiyalashuv jarayonini yanada chuqurlashtirish masalasida 28ta kelishuvga imzo chekishdi. Putin matbuot anjumanida xursandchilik bilan barcha kelishuvlar imzolanganini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, tomonlar iqtisodiyot bo‘yicha qonunchilikni birlashtirish, yagona moliya bozorini yaratish, soliq va bojxona qonunchiligini uyg‘unlashtirish, shuningdek, umumiy to‘lov valutasi bo‘yicha ishlarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga imzo chekkan. Putinning aytishicha, ikki prezident yagona makroiqtisodiy siyosat olib borish bo‘yicha kelishib olgan.
Rossiya va Belarus energetika borasida ham qator kelishuvlarga erishgan. Xususan, Rossiya 2022 yilda ham 2021 yildagi narx bilan tabiiy gaz yetkazib beradigan bo‘lgan. Ikki davlat yagona harbiy tizim haqida ham kelishuvlar imzolagan. Putin tomonlar shundog‘am birgalikda «G‘arb-2021» o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganini aytib o‘tgan. Uning fikricha, NATO davlatlari ittifoqchi davlatlar yaqinida «faollikni oshirgani sabab» birgalikda harbiy mashg‘ulotlar olib borish – normal holat.
Lukashenko mamlakat ichki siyosatidagi holat haqida gapirdi va Putin Belarusdagi holat sezilarli darajada yaxshilanganini e'tirof etdi. Lukashenko Rossiya va Belarus integratsiyalashuvi kuzatuvchilar nazdida to‘xtab qolgani, aslida esa bunday emasligini aytdi. «1,5 yil avval tizim mavjud va amaldagi harakatlarga o‘tish haqida o‘ylayotgandik. Rossiya va Belarus integratsiyalashuvi tanqidchilariga murojaat qilmoqchiman. Bunda rus va belarus xalqi uchun yomon narsa yo‘q. Hammasi xalqning farovonligi uchun», deydi Lukashenko.
Shuningdek, u turli tahdidlarda Rossiya va Belarus harbiylari birgalikda harakatlanishini olqishladi. «Agar lozim bo‘lsa, Putin bilan integratsiyalashuvni elementar tarzda amalga oshiramiz. Agar yanada yaqinroq harbiy-siyosiy integratsiyalashuv kerak bo‘lsa, Rossiya va Belarus xalqining xohishini sezsak, albatta, buni amalga oshiramiz», dedi Belarus prezidenti.
Putinning aytishicha, tomonlar Rossiya va Belarus davlatlarini birlashtirish haqida o‘ylashmagan va bu jarayon, agar sodir bo‘lsa, tabiiy ravishda bo‘lishi kerak. Uchrashuvlardan keyin ma'lum bo‘ldiki, Moskva sentabr oyidan 2022 yilga qadar Minskka 630-640 million dollar atrofida kredit ajratadi. Lukashenko bu summani tasdiqladi va boshqa pul kerak emasligini aytdi.
Putin Lukashenkoga nima uchun kelishini so‘raganini aytdi: «Qilingan ishlar yakuni bo‘yicha gaplashib olish uchun kelishingizni so‘ragandim. Biz soatlarni tekshirib olishimiz va ba'zi savollarga yechim topishimiz kerak. Shunda hukumatlar ba'zi kelishuvlarni yakunlashi mumkin bo‘ladi. Adashmasam, ular ertaga Minskda to‘planishmoqda».
Lukashenko bunga javoban ancha ish qilinganini aytdi: «Menimcha, bu borada ko‘p ish qolmadi. Har holda o‘tgan uchrashuvimiz bilan solishtirganda ancha ish bo‘ldi. Besh, hatto sakkiz soatlab ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Qaysidir ma'noda bu orqali biz buldozer kabi hukumatdagilarga bemalol ishlash uchun sharoit qilib berishimiz lozim».
Putin va Lukashenko yakkama-yakka holatda 3 soatdan ko‘proq gaplashishdi. Ularning OAV uchun ochiq uchrashuvi ham vazirlarsiz o‘tdi. Kreml targ‘ibotchi jurnalistlarining yozishicha, ikki prezident uchrashuvni quyuq quchoqlashib boshlagan. Uchrashuv avvalida Lukashenko rus va belarus xalqlarini deyarli bitta millat deb atab, ular bitta qondan ekanini ta'kidlagan.
28 dastur
Bu ittifoqiy dasturlar 2018 yilgi hukumatlar uchrashuvining mahsuli bo‘lgan edi. O‘shanda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin boshqargan Moskva delegatsiyasi Belarus iqtisodiyot vaziri Dmitriy Krutoy boshchiligidagi Minsk vakillari bilan uchrashuvlarda qatnashgan.
Ushbu dasturlarning aynan qanday ko‘rinishda ekani, ularning matni ma'lum emas. Rossiya ham, Belarus ham integratsiyalashuv (birlashish) borasidagi konkret faktlar haqida ma'lum qilmagan.
VVS tahlilchilarining so‘zlariga ko‘ra, dunyo davlatlari tomonidan izolyatsiya qilingan Belarus o‘z mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilish dardida yuribdi. 6 sentabr kuni Lukashenko siyosatiga qarshi bo‘lgan faollar – Mariya Kolesnikova hamda Maksim Znak yopiq o‘tkazilgan sud majlisida mos ravishda 11 yil va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu esa yangi sanksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Integratsiyalashuv. Bu Belarusni qo‘shqo‘llab Rossiyaga topshirish deganimi?
Integratsiyalashuvni oddiy so‘z bilan ikki davlatning birlashishi deyish mumkin. Putin hozircha bu haqda gaplashishmaganini aytdi, ammo bu bayonotda kalit so‘z – hozircha. Gapning po‘stkallasini aytganda, Rossiya Belarusni o‘z safiga qo‘shib olishga intilmoqda. Buning nomini esa diplomatchasiga integratsiyalashuv deb atashyapti.
Endilikda integratsiyalashuvning yo‘l xaritasi deb atalayotgan bu 28 hujjat 1999 yildan buyon aytiladigan iqtisodiy birlik g‘oyasini yakunlab qo‘yishi mumkin. Ha, bu jarayon boshlanganda Lukashenko ancha yosh, Rossiya taxtida esa marhum Boris Yelsin o‘tirardi. Hozircha kelishuvga ko‘ra, Belarus neft va gaz bozori birlashishini kutmoqda, axir shunaqasiga mamlakat energetika mustaqilligiga ega bo‘lishi mumkin. Rossiya esa Lukashenkodan keyin ham amalda bo‘lishi huquqiy ta'minlangan tizim qolishini istaydi. O‘tgan yil avgustda sodir bo‘lgan voqealar Rossiyani Belarusda Lukashenkodan keyingi davr haqida o‘ylashga majbur qilgani tabiiy.
Yopiq kartalar
Integratsiyalashuv haqida shubhalarni kuchaytiruvchi omil shuki, unda nima yozilganini katta ehtimol bilan Putin, Lukashenko va hujjatni yozganlardan boshqa hech kim bilmaydi. Hech qanday detal ochiqlanmaganki, belaruslar nahotki bu mamlakatni qo‘shqo‘llab Rossiyaga topshirish haqida bo‘lsa, deb hayiqayotganida jon bor.
Yuqorida aytilganidek, kuni kecha imzolangan va ikki davlat integratsiyalashuvini tezlashtirgan 28 dastur 2018 yil Maksim Oreshkin boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tuzilgan. O‘sha vaqtdagi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri shunday degandi: «Bu ikki suveren davlat va bitta iqtisodiyot bo‘ladi».
Ammo YaIMi 2 trillion atrofida bo‘lgan Rossiya YaIMi 65 milliard dollar atrofida bo‘lgan Belarus bilan bitta iqtisodiyotga ega bo‘lish uchun o‘lib-tirilmasligi kundek ravshan. Tasavvur qiling, bir boyda 30 million dollar pul bor, boshqa bir odamda 200 ming dollar. Hozirgi integratsiyalashuv holatida 30 million dollari bor odam 200 ming dollari bor odamga kel, pullarimizni birlashtiramiz, shunda ko‘proq ko‘rinadi, demoqda. Bu esa mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
«Kommersant'» ixtiyoriga kelib tushgan ma'lumotlarga ko‘ra, integratsiyalashuv jarayonida Belarus va Rossiya yagona soliq kodeksi, yagona bank nazorati, neft, gaz va elektr energiya bozorining yagona nazorati, yagona bojxona tizimi, yagona davlat xaridlari tizimiga ega bo‘lishi kerak. 2019 yilda iqtisodiy integratsiya 2021 yil yanvardan amalga kirishi aytilgandi. Ammo pandemiya va Belarusdagi siyosiy inqiroz sabab voqealar kechikkan.
Rossiyada neft mahsulotlarining eksport bojini kamaytirmoqda va 2024 yilga borib boj yo‘qoladi. Ammo qazilma boyliklari qazib olingandagi soliqni oshiradi. Masalan, Belarus uzoq yillar Rossiya neftini eksport bojlarisiz sotib olgan, ammo 2024 yildan uni jahon bozoridagi narxda sotib olishga majbur bo‘ladi. Bu esa yiliga 800 million dollar ko‘p xarajat degani. 2020 yilda Rossiya baribir Belarusga biroz bo‘lsa ham neftni arzonlashtirib bergan.
«Katta og‘a bilan yaqinroq munosabatda bo‘lish kerak ekan»
Lukashenko Rossiya bilan integratsiyalashuv g‘oyasini ko‘p marta tanqid qilgan va Kreml hammasini o‘zi uchun qulay qilib olayotganini aytardi. Ammo o‘tgan yil avgustdagi voqealardan keyin AQSh va Yevropa sanksiyalariga uchragach, Moskva Lukashenkoning yagona umidiga aylanib qoldi. 2020 yil sentyabrida Lukashenko va Putin namoyishlardan so‘ng Moskvada ilk marta ko‘rishgandi.
«Bu voqealar ko‘rsatdiki, biz katta og‘amiz bilan yaqinroq aloqada bo‘lishimiz kerak ekan», degandi o‘shanda Lukashenko va uchrashuv davomida Putin aytgan gaplarni bloknotiga yozib olgandi. O‘shanda Rossiya Belarusga 1,5 milliard dollar miqdorida kredit ajratgan.
Londondagi Chatem-Haus xalqaro aloqalar instituti ilmiy xodimi Rigor Astapenyaning aytishicha, Lukashenko o‘zi tushib qolgan murakkab holatdan qanday chiqib ketishni o‘zi ham bilmayapti. Belaruslik siyosatchi Artyom Shraybman esa Lukashenko Belarusni Rossiyaga topshirib qo‘yib, Rossiya shimoliy-g‘arbidagi gubernator bo‘lishni istamasligi, shu bilan birga, uning o‘zaro munosabatlardagi pozitsiyasi kuchsizlangani bor gap ekanini aytib o‘tgan.
Mavzuga oid

09:45
Rossiya Axios'ning Putinning Eron bo‘yicha pozitsiyasi haqidagi ma’lumotini rad etdi

19:03 / 14.07.2025
Putin Trampga Rossiya yaqin orada Ukrainadagi hujumlarini kuchaytirishini aytdi – OAV

20:08 / 12.07.2025
Putin Eronga uranni boyitishni to‘liq to‘xtatishni taklif qildi – OAV

22:34 / 09.07.2025