Jahon | 22:29 / 02.08.2021
61248
14 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston: toliblar bostirib kelmoqda, prezident G‘ani Vashingtonni aybladi

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdagi harbiy vaziyat yomonlashib borayotgani uchun aybni Qo‘shma Shtatlar zimmasiga yukladi.

«Hozirgi vaziyatning sababi shuki, qaror [amerikalik harbiylar olib ketilishi bo‘yicha qaror] keskin va kutilmaganda bo‘ldi», degan u dushanba kuni afg‘on parlamentida va Vashingtonni oqibatlar haqida ogohlantirgan.

«Tolibon» harakati jangarilari may oyi boshida hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli yurishlar boshladi va mamlakatning yarmini egallab olishdi, toliblarning o‘zlari esa 80 foiz hududga egalik qilinayotganini iddao etishadi. Ularning maqsadi - Afg‘onistonda amerikaliklar kelguniga qadar 1996-2001 yillarda hukm surgan islom amirligini tiklash hisoblanadi.

Hozirda uchta viloyat markazi uchun qaqshatqich janglar davom etmoqda: Hirot, Qandahor va Lashkargoh.

Ashraf G‘ani uning boshqaruvidagi hukumatga barchasini o‘z joyiga qo‘yish uchun yarim yil vaqt kerakligini bildirgan.

Navbatdan tashqari sessiya uchun yig‘ilgan parlament deputatlari Afg‘oniston Respublikasi va uning konstitutsiyasini qat'iy qo‘llab-quvvatlovchi bayonot qabul qilishdi.

Janglar, gumanitar inqiroz va opium
Afg‘oniston janubi va g‘arbida hukumat kuchlari hamda «Tolibon» harakati vakillari o‘rtasida intensiv janglar davom etmoqda. Toliblar Lashkargoh, Qandahor va Hirot kabi muhim shaharlarni egallashga harakat qilmoqda.

Hirotda vaziyat og‘irlashgach, hukumat maxsus topshiriqli jangovar bo‘linmalarni yubordi

Janubiy viloyatlardan biri Hilmand markazi Lashkargohda, mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, hukumat kuchlari faqat ikki tumanni o‘z qo‘lida tutib turibdi, ko‘cha janglari davom etmoqda.

Amerikaning CNN telekompaniyasi mahalliy jurnalistlarga tayanib xabar berishicha, toliblar Hilmand viloyati markazi bo‘lmish Lashkargoh shahridagi bir necha tumanlarni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgan. Lashkargoh orqali bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar o‘tadi, xususan, Qandahor, Hirot hamda mamlakat janubidagi iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan bir necha qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarni o‘zaro bog‘lovchi yo‘l ham.

Lashkargoh hukumat kuchlari toliblarga topshiradigan ilk viloyat markazi bo‘lishi mumkin - shu vaqtgacha Kobuldagi hukumat barcha 34 viloyat markazini o‘z qo‘lida saqlab qolmoqda. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, toliblar allaqachon shaharning katta qismini qo‘lga kiritib bo‘lgan. Hukumat binolaridan bir necha yuz metr masofada janglar davom etmoqda.

Toliblar Tinchlik chorrahasi nomi bilan ham ma'lum bo‘lgan shahar markaziy maydoniga yetib kelishgani aks etgan videolarni tarqatishgan.

Lashkargohda yashovchilardan biri Badshoh Xon telefon orqali «Frans press» agentligi jurnalisti bilan suhbatda har bir ko‘cha va har bir uy uchun jang ketayotganini aytib o‘tgan. «Ko‘chalarda jasadlar yotibdi, asosiy maydonda ham», degan bu odam. U toliblar politsiya shtab-kvartirasini va gubernator ofisini qurshovga olganini qo‘shimcha qilgan.

Hukumat yuqori toifali yuzlab jangchilardan tashkil topgan maxsus bo‘linmalarni Lashkargohga yo‘llagan.

Lashkargoh atrofidagi to‘qnashuvlar Bayden amerikalik harbiylar olib ketilishini e'lon qilishi bilanoq, may oyidayoq boshlangandi.

Zarba ostida qolayotgan hududlardan minglab qochqinlar Kobul sari yo‘lga chiqqan.

«Jang ketmoqda, elektr yo‘q, aloqa ishdan chiqqan, dorixonalar yopiq», deya Lashkargohdagi vaziyatni tasvirlaydi mahalliy aholi vakillaridan biri Xava Malalay.

Hilmand viloyati hukumat uchun muhim hudud. Bu yerda ko‘knor yetishtiriladigan ulkan dala maydonlari joylashgan. Amerikaliklar va britaniyaliklar yillar mobaynida bu maydonlarni yakson qilishga urinib kelgan, toliblar esa - bunday dalalarni egallab olib, uni asosiy daromad manbayiga aylantirmoqda.

Lashkargohning boy berilishi Kobuldagi hukumat uchun harbiy jihatdan ham, ruhiy jihatdan ham og‘ir mag‘lubiyat bo‘ladi. Hukumat shu vaqtgacha faqat qishloq va tumanlarni egallayotgan toliblarning muvaffaqiyati ahamiyatini pasaytirib kelgan va har qanday holatda ham yirik shaharlarni topshirmaslikka va'da bergan.

Emergency insonparvarlik tashkiloti vakili xabar berishicha, mahalliy shifoxona janglar va artilleriya zarbalaridan jabrlangan tinch aholi vakillari bilan to‘lib-toshgan. Shaharda yashovchilardan yana biri Xalima Karimi shunday degan: «Tolibon» ham, bizni bombardimon qilayotgan hukumat kuchlari ham bizga rahm qilmaydi».

Toliblar 2001 yili G‘arb koalitsiyasiga mag‘lub bo‘lgach, Hilmandda harakatning ta'siri deyarli sezilmagandi. Holbuki ungacha toliblar bu hududda ko‘pchilikni tashkil qilardi.

Hirot: aeroport uchun jang

Afg‘onistonning ikkinchi yirik shahri, mamlakat shimoli-g‘arbidagi Hirot viloyatida ham shiddatli janglar kechmoqda.

Kobuldagilar Hirotga yo‘llangan maxsus jangchilar shahardagi vaziyatni barqarorlashtirishga qodirligini ma'lum qilgan.

Toliblar viloyat markazini aeroport bilan bog‘laydigan yo‘lni egallab olishgan. Aeroportning o‘zi hozircha hukumat kuchlari nazoratida qolmoqda.

Yakshanba kuni Mudofaa vazirligi tvitterdagi sahifasida Hirotga yordam uchun maxsus bo‘linmalarning yuzlab jangchilari yo‘llanganini ma'lum qildi. «Ular qarshi hujum amaliyotini o‘tkazishadi va Hirotda «Tolibon»ni mag‘lub etadi. Tez orada bu viloyatdagi vaziyat o‘nglanadi», deyilgan xabarda.

Toliblarga qarshi janglar Hirot shahri chekkalarida olib borilmoqda, hukumat kuchlari jangarilarning pozitsiyalariga havodan ham zarbalar bermoqda.

Amerikalik harbiylar olib ketilgach afg‘on harbiylari toliblarga qarshi mustaqil jang olib borishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Qandahorni nima kutmoqda?
Yakshanba kuni Qandahor aeroportida barcha reyslar bekor qilindi, toliblar tomonidan uchirilgan raketalar aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagiga zarar yetkazgan. Qandahor shahri atrofida ham janglar davom etmoqda.

Afg‘on parlamentidagi qandahorlik deputat Gul Ahmad Hamin BBC bilan suhbatda shahar tez orada «Tolibon» qo‘liga o‘tishi mumkinligi haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘n minglab odamlar allaqachon o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishgan, viloyatga gumanitar falokat tahdid solmoqda, vaziyat soat sayin yomonlashmoqda.

Qandahorda toliblar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi jangla 23 iyul kuni boshlangan. Agar toliblar bu shaharni chindan ham o‘z poytaxtiga aylantirmoqchi bo‘lsa, oldindagi janglar juda qaqshatqich bo‘lishi tayin.

Gul Ahmad Hamin shaharda so‘nggi 20 yillikdagi eng jiddiy janglar kechayotganini qayd etib o‘tgan. Deputatning fikricha, toliblar Qandahorni egallash uchun katta kuch tashlagan, chunki ular bu shaharni vaqtincha poytaxt qilishmoqchi. Agar shahar ularning qo‘liga o‘tsa, atrofdagi yana olti viloyat boy berilishi mumkin.

Qandahor aeroporti mamlakat janubidagi barcha hukumat harbiylari ta'minoti va havo orqali qo‘llab-quvvatlashda muhim rolni o‘ynaydi.

«Bu uch viloyat uchun tahdid juda yuqori, ammo biz hujumlarni mardonavor qaytarishda davom etamiz», degan yakshanba kuni afg‘on armiyasi vakili Umar Shinvariy. U vaziyat favqulodda murakkablashib borayotganini ham tan olgan.

Afg‘on ayollari huquqi uchun kurashuvchi faol Vajma Frok tvitterdagi sahifasida hissiyotlarga boy postlar qoldirdi, u toliblarni ayollar va qizlarning taomini kuch bilan tortib olishda, ba'zida shunchaki o‘ldirib yuborishda, o‘z saflariga 11 yoshli bolalarni safarbar qilishda, osish yoki darra urish orqali omma oldida qatl o‘tkazishda ayblagan.

U xalqaro axborot agentliklaridan vatanida sodir bo‘layotgan voqealarga yanada kattaroq e'tibor qaratishni so‘ragan.

«Strategik xato»
«Agar afg‘on shaharlari boy berilsa, harbiylarni olib chiqish qarori AQSh tashqi siyosatidagi eng jiddiy xatolardan biri bo‘lib chiqadi», degan «Frans press» agentligi bilan suhbatda Afg‘oniston masalasi bo‘yicha ekspert, ayni vaqtda Avstraliyada yashovchi Nishon Motvaniy.

«Vashington amerikaparast hukumatni taqdir hukmiga va Afg‘onistonda so‘nggi yigirma yilda erishilgan hech bir yutuqni qoldirmaydigan radikal kuchlar qarshisiga tashlab ketdi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Qandahorda ko‘pchilik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan

Birdamlikka va qarshilik ko‘rsatishga chaqiriq
Parlamentda chiqish qilgan Ashraf G‘ani xalqni va siyosatchilarni jipslashuvga chorladi.

«Har bir deputat va senator minglab odamlarga aloqador. Afg‘oniston dushmanlariga munosib javob qaytarish uchun umummilliy safarlik uchun bor imkoniyatlarni ishga soling», degan u.

Prezident «Tolibon» endi tarqoq va tajribasiz emasligi, aksincha yaxshi tashkillashtirilgan va boshqarilayotgan tuzilmaga aylanganini tan olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqib 20 yil oldingiga qaraganda beshafqatroq va islomdan uzoqroq.

«Biz barqaror va mustahkam tinchlikka erishmoqchi edik va bunga intilishda davom etamiz. Ammo bizni urushga majburlashdi», degan u.

G‘ani toliblarni 2020 yil fevralida Dohada Qo‘shma Shtatlar bilan tuzilgan tinchlik kelishuvi bo‘yicha xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha va'dani bajarmaganlikda aybladi.

U toliblarning qatag‘oni qurbonlari birinchi navbatda afg‘on ayollari hamda OAV vakillari bo‘lishini qayd etib o‘tgan.

Prezidentning chiqishi davlat televideniyesi orqali translatsiya qilingan.

AQSh qo‘shinlari olib chiqilishi nimaga olib kelishi mumkin?

Afg‘onistonda toliblar bilan urush mamlakatdan AQSh harbiylari olib chiqilishi fonida boshlandi. Qariyb 20 yillik mavjudlikdan keyin amerikalik harbiylarning 95 foizi Afg‘onistonni tark etib bo‘lgan.

Qandahorda amerikaliklar ketgach huvillab qolgan baza

Harbiylar olib chiqilishi boshlanishidan bir necha hafta oldin e'lon qilingan Pentagonning Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha hisobotida Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va armiyasi «voqealarning bunday rivojiga tayyor emasligi va toliblar bundan foydalanib qolishi» aytilgan.

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari qisqa vaqt ichida katta hududlarni toliblarga boy bergani ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Afg‘onistondagi vaziyatni yoritib boruvchi Long War Journal nashri ma'lumotiga ko‘ra bugungi kunda toliblar Hirotdagi 16 tumandan 13tasini nazorat qilmoqda.

Bu ma'lumotlarga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab «Tolibon» 223 tumanni o‘ziniki qilgan, yana 116 tuman uchun janglar davom etmoqda, toliblar armiyasi Afg‘onistondagi 34 viloyat markazidan 17tasiga tahdid solmoqda.

Long War Journal muharriri Bill Rojio CNN uchun bergan intervyusida, «Amerika harbiy-havo kuchlari, samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi va ta'mirlovchi mutaxassislar tark etishi Afg‘oniston harbiy-havo kuchlarini juda qiyin ahvolda qoldirgani» haqida aytib o‘tgan.

BMTning Afg‘onistondagi missiyasi ma'lumotiga ko‘ra, yanvar oyi boshidan buyon 300 mingga yaqin afg‘on o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan, mamlakatdagi jami qochqinlar soni 3,5 mln kishidan oshgan.

Qandahor atrofidagi janglar tufayli uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan oilalar

26 iyul kuni e'lon qilingan yana bir hisobotda BMT 2021 yilning birinchi yarmida tinch aholi orasidagi qurbonlar son rekord darajada oshgani haqida ogohlantirgan.

Hozirda barchasi toliblar yirik viloyatlar markazlarini qo‘lga kirita olishi yoki hukumat kuchlari ularni chekintirishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. «Tolibon» kuchlari qishloq hududlarining aksar qismini egallagan, Eron va Pokiston bilan chegara hududlarning ko‘p qismi ularning nazoratida, ammo Kobuldagi hukumat hozircha yirik shaharlarni o‘z qo‘lida saqlab turibdi.

Moskva, Toshkent va Dushanbe vaziyat murakkablashishiga tayyorlanmoqda
Dushanba kuni Termizda, O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasi yaqinida 1500 nafar harbiy xizmatchi ishtirokida «Janub-2021» nomi ostida o‘zbek va rus harbiylarining qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi, mashg‘ulotlar 5 kun davom etadi.

Termizga kelgan Rossiya maxsus topshiriqli bo‘linmalari jangchilari

1979-1989 yillarda sovetlarning Afg‘onistondagi «cheklangan kontingenti» uchun ta'minot aynan Termiz orqali amalga oshirilgan, urushdan keyin sovet harbiylari Amudaryo ustidagi ko‘prik orqali qaytishgan.

5-10 avgust kunlari esa Tojikiston hududida yanada yirikroq yig‘in, Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya qo‘shinlari ishtirokida uch tomonlama mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Unda 2500 nafar askar va zobitlar (1800 nafari rossiyalik) ishtirok etadi.

Mashg‘ulotning asosiy bosqichida uch davlat harbiy xizmatchilari davlat chegarasini kesib o‘tgan noqonuniy qurolli guruhni yo‘q qilish bo‘yicha taktik harakatlarni ishlab chiqadi. RF Mudofaa vazirligi so‘nggi lahzalarda mashg‘ulotlarda ishtirok etadigan rossiyaliklar soni 1000 nafardan 1800 nafarga oshirilgani, shuningdek, harbiy texnikalar soni dastlab mo‘ljallanganidan ikki barobar oshirilib, 420taga yetkazilgani haqida xabar bergan.

Kuzatuvchilarning fikricha, bu Moskva va Markaziy Osiyo davlatlari toliblarning Afg‘onistondagi g‘alabasi keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarga qanchalik jiddiy yondashayotganini anglatadi.

Mavzuga oid