Jahon | 23:55 / 04.07.2021
16091
2 daqiqa o‘qiladi

Ever Given kemasi 7 iyulda Suvaysh kanalini tark etadi

Mart oyida Suvaysh kanali orqali kemalar harakatini 6 kunga to‘xtatib qo‘ygan Ever Given konteynerovozi 7 iyulda kanalni tark etadi. Bu kemaga egalik qiluvchi kompaniya kanal ma'muriyatiga 540 mln dollar kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lgandan keyin mumkin bo‘ldi.

Foto: RIA Novosti

“7 iyulda kanal ma'muriyati va kema egasi bilan kelishuv imzolanishi marosimi bo‘lib o‘tadi. Marosim doirasida Ever Given kanalni tark etadi”, deb aytilgan xabarda.

Marosimda kemaga egalik qiluvchi kompaniya va kanal rahbariyati vakillari ishtirok etadi.

30 iyunda Al Arabiya telekanali o‘z manbalariga tayanib, Suvaysh kanali rahbariyati va Ever Given egasi kanalga yetkazilgan zarar uchun 540 mln dollar kompensatsiya to‘lashga kelishib olganini ma'lum qilgandi.

Xitoydan Niderlandiyaning Rotterdam shahriga suzgan 400 metrlik Ever Given konteyner tashuvchi kemasi 23 mart kuni Suvayshda sayozlikka o‘tirib qolgandi. Uni 6 kun o‘tibgina joyidan siljitishga va kanalni ochishga muvaffaq bo‘lingan. Bu vaqt ichida kanalga ikki tomondan kirish joyida yuzlab kemalardan iborat tirbandlik yuzaga kelgan. Kanaldagi harakatni 3 apreldagina to‘liq tiklashga muvaffaq bo‘lingan.

Kema kompensatsiya to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha kanal ma'muriyati tomonidan ushlab turilgan.

Mavzuga oid