O‘zbekiston | 15:12 / 29.05.2021
6614
2 daqiqa o‘qiladi

Mutasaddi xorijdagi migrantlar soni bo‘yicha tushunmovchiliklarga izoh berdi

Qonunchilik palatasi qo‘mitasi yig‘ilishida chet eldagi o‘zbekistonliklarning soni 1,7 million ekani ma'lum qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda migrantlarning soni 1,7 milliondan ham ortiqligi, raqamlar to‘g‘ri emasligiga oid fikrlar bildirildi. Chet eldagi migrantlar soni o‘zi qancha?

Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida 1,7 million o‘zbekistonlik chet elda ekani ma'lum qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda raqamlarga nisbatan ishonchsizlik aks etgan izohlar qoldirildi. Foydalanuvchilar birgina Rossiyada shuncha migrant bo‘lishi mumkinligini iddao qildi. O‘zi xorijda mehnat qilayotgan migrantlar soni qancha?

Kun.uz’ning shu boradagi savoliga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Xayrulla Umarov javob berdi.

«Xorijdagi migrantlar soni qancha degan tushunchalar paydo bo‘lyapti. Qaysi ma'noda kim bilan ishlashimiz kerak, xorijdagi fuqarolarimiz qancha, ularning muammolari qanaqa degan savollarga oydinlik kiritish maqsadida bosh vazir topshirig‘i bilan ishchi guruh shakllantirildi. Ishchi guruh joylarda qariyb bir oy davomida xorijda mehnat qilayotgan mehnat migrantlari oilasi ahvolidan xabar olib, ularning soniga aniqlik kiritdi va xorijda bo‘lish maqsadlarini o‘rgandi.

Joriy yil 1 aprel holatiga ko‘ra, 1 million 554 ming fuqaro xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani ma'lum bo‘ldi. Ularning 1 million 29 ming nafari Rossiyada, 345 mingi Qozog‘istonda, 73 mingi Turkiyada, 36 mingi Koreyada o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lsa, qolgan 57 ming nafari boshqa davlatlarda.

Bu 1 aprel holatiga ko‘ra. Tabiiyki, borish-kelish munosabatlariga qarab o‘zgarib turadi. Bu raqamlar mavsumiy xarakterga qarab oshadi. Asosan, mehnat migrantlarining tashqi migratsiyaga bo‘lgan oqimi bahorda oshib, kuz-qish faslida kamayish tendensiyasiga ega. Kuz oylarida migrantlar soni oshadi, 2-2,5 million migrant xorijga ketadi, bu eng yuqori ko‘rsatkich», dedi u.

Mavzuga oid