Jahon | 16:00 / 27.05.2021
20044
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoqda ilk davlat Isroilni Falastin hududini bosib olishda aybladi

Irlandiya parlamenti Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i anneksiya qilinganini qoralovchi va Isroil hukumati xalqaro huquq me'yorlarini bir necha marta buzganini ta'kidlovchi rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qulladi.

Irlandiya Yevroittifoqning Isroilni Falastin hududini bosib olishda ayblagan ilk mamlakatiga aylandi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar bermoqda.

Irlandiya parlamenti Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘i anneksiya qilinganini qoralovchi va Isroil hukumati xalqaro huquq me'yorlarini bir necha marta buzganini ta'kidlovchi rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qulladi. Xabarda aytilishicha, deputatlar Isroil elchisini chiqarib yuborish masalasini ham muhokama qilgan, lekin uning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga qarshi ovoz bergan.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Saymon Kovenining so‘zlariga ko‘ra, rezolyutsiyaning qabul qilinishi Irlandiya hukumatining Isroil harbiylari faoliyatiga nisbatan xavotirini anglatadi.

«Isroilning aholi maskanlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirayotgan harakati ko‘lami, tezligi va strategik ko‘rinishi hamda buning ortidagi urinishlar bizni bo‘lib o‘tayotgan voqealarga nisbatan rostgo‘y bo‘lishimizni talab qiladi», — deb ta'kidladi u.

Isroil tashqi ishlar vazirligining bayonot berishicha, Irlandiya Falastin ekstremistik guruhlari g‘alabasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

May oyi boshlarida Falastin va Isroil o‘rtasidagi vaziyat keskinlashdi. Tomonlar bir-biriga raketa zarbalari berishi oqibatida 12 nafar isroillik va G‘azo sektorida 230 kishi halok bo‘ldi. 20 may kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi.

Mavzuga oid