Jahon | 21:27 / 25.05.2021
6544
4 daqiqa o‘qiladi

Suvaysh kanalidagi avariyada Ever Given kemasi kapitani aybdor deb topildi 

Foto: EPA-EFE/SUEZ CANAL AUTHORITY

Mart oxirida Suvaysh kanalidagi qatnovni 6 kunga to‘xtatib qo‘ygan Ever Given konteynerovozi sardori ushbu hodisa aybdori deb ataldi. Bu haqda kanal ma'muriyati rahbari Usoma Robi Panamaning Misrdagi elchisi Alexandro Gantes va Panama dengiz navigatsiyasi boshqarmasi bosh direktori Rafael Sigaruista bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Panama bayrog‘i ostida harakatlangan kema 23 martda kanalda ko‘ndalangiga turib qolib, u orqali harakatni to‘xtatib qo‘ygandi. Kemani 29 martdagina sayozlikdan olishga muvaffaq bo‘lingan.

Hozircha ushbu avariya yuzasidan olib borilayotgan tergovning yakuniy natijalari e'lon qilinmagan. Kemaning o‘zi esa avariya uchun kanal ma'muriyatiga tovon pulini to‘lash cho‘zilayotgani sababli aprel o‘rtasidan beri Misr tomonidan ushlab turilibdi.

“Ever Given bilan yuz bergan hodisaning tergovi kemani boshqarishda xatoga yo‘l qo‘yilganini tasdiqladi. Bunda javobgarlik kanal lotsmanlari emas, kema sardori zimmasiga tushadi, chunki lotsmanlar fikri inobatga olinishi majburiy emas va faqat maslahat ko‘rinishiga ega”, deb aytgan Robi.

 Misrning 1990 yilgi dengiz navigatsiyasi haqidagi qonuniga muvofiq, Suvaysh kanaliga yetkazilgan har qanday ziyon uchun javobgarlik kema sardori zimmasida yotadi. Robi kanal ma'muriyati yuz bergan hodisada aybdor emasligini ta'kidlab o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, konteynerovoz kanalga yomon ob-havo sharoitlarida o‘tirib qolgan, biroq avariya yuz bergan kun kanal orqali 30dan ko‘proq kema muvaffaqiyatli o‘tib ketgan. Bir yil avval bundan ham yomonroq ob-havo sharoitlarida bunday baxsiz hodisalar yuz bermagan.

Robining ta'kidlashicha, Ever Given’ga egalik qiluvchi kompaniya kemadagi yukning qiymati haqidagi ma'lumotni bermagan. Biroq taxminiy baholashlarga ko‘ra, undagi yuk qiymati 2 mlrd dollarni tashkil qiladi. To‘lanishi talab qilingan tovon puli aynan shu summaga asoslangan. Kanal ma'muriyati “yaxshi niyatda” avariyadan keyin 11 kun davomida kema egasiga nisbatan hech qanday huquqiy choralar ko‘rmagan, so‘ngra esa yon bosib, talab qilayotgan tovon puli qiymatini 40 foizga, ya'ni 916 mln dollardan 550 mln dollargacha kamaytirgan.

 Robining qo‘shimcha qilishicha, kanal ma'muriyati kema egasi yo‘l qo‘ygan qoidabuzarliklarga qaramay, u bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Jumladan, kompaniya kema bortida yengil alangalanuvchi tovarlar borligini ma'lum qilmagan. Bundan tashqari, kanal ma'muriyati kemaga egalik qiluvchi kompaniyaning Ever Given’dagi yukni boshqa kemaga ortish yoki sardordan tashqari kema ekipajini almashtirish iltimosiga to‘sqinlik qilmayapti. Vaholanki, bunday iltimoslar avval sud tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.

 Xitoydan Niderlandiyaning Rotterdam shahriga suzgan 400 metrlik Ever Given konteynerovozi 23 mart kuni Suvayshda sayozlikka o‘tirib qolgandi. Uni 6 kun o‘tibgina joyidan siljitishga va kanalni ochishga muvaffaq bo‘lingan. Bu vaqt ichida kanalga ikki tomondan kirish joyida yuzlab konteynerovoz va neft tankerlaridan iborat tirbandlik yuzaga kelgan. Kanaldagi harakatni 3 apreldagina to‘liq tiklashga muvaffaq bo‘lingan.

Mavzuga oid