O‘zbekiston | 16:23 / 29.04.2021
3944
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk bor Venetsiya biyennalesida ishtirok etadi

O‘zbekiston 22 maydan 21 noyabrgacha bo‘lib o‘tadigan Venetsiya arxitektura biyennalesida «Mahalla: shahar va qishloq hayoti» mavzusidagi milliy paviloni bilan qatnashadi. O‘zbekiston mazkur anjumanda Markaziy Osiyodan ishtirok etayotgan birinchi mamlakat bo‘ladi.

Bu – O‘zbekistonning Venetsiya biyennalesidagi debyut loyihasidir. Pavilon komissari – Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Jamg‘arma bergan ma'lumotga ko‘ra, loyihaning asosiy vazifasi – global madaniy olamda milliy ishtirokni mustahkamlash.

Ko‘rgazma kuratorlari – Tsyurixdagi Oliy texnika maktabining arxitektura va dizayn professorlari va Christ & Gantenbein arxitektura byurosi sherik-asoschilari Emanuyel Krist va Kristof Gantenbeynlardir.

Loyiha rassomi va ovoz rejissyori – Karlos Kasas. Fotograf va rassom – Bas Prinsen.

«Mahalla: shahar va qishloq hayoti» loyihasi mahallalarning O‘zbekiston uchun madaniy va me'moriy ahamiyatini o‘rganadi va 17-Venetsiya Xalqaro arxitektura biyennalesining bosh savoli – «Biz qanday qilib birga yashaymiz?»ga javob beradi.

«Mahalla: shahar va qishloq hayoti» loyihasi – bu xalqaro jamoaning hamkorligi natijasi bo‘lib, unda tashkilotchilar global tajriba va mahalliy iste'dodga tayangan. Shunday qilib, Toshkent shahridagi Zamonaviy san'at markazining fanlararo eksperimental laboratoriyasi ostida faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonning Yosh rassomlari va me'morlari O‘zbekiston Milliy pavilonini yaratish doirasida mahalliy tadqiqotlarda faol qatnashdi va loyihaga katta hissa qo‘shdi.

Ular mahallalar aholisi bilan suhbatlar o‘tkazib, Venetsiya arxitektura biyennalesidagi O‘zbekiston paviloniga tashrif buyuruvchilar uchun bepul taqdim etiladigan fanzin (fan magazine – fan-jurnal) yaratishdi.

Fanzin «Mahalla 40» hozirgi kun mahallalarida mavjud nomoddiy madaniy merosni 40 ta asosiy so‘zlarda ta'riflaydi. Ushbu so‘zlar birgalikda yashab, an'anaviy qo‘shnichilik ijtimoiy organizmi nomi ostida hayotlarini bog‘lagan jamiyatni yoritib beradi.

Tanlangan so‘zlarning aksariyati o‘zbek xalqining fikrlashi, xulq-atvori va madaniyatiga singib ketgan. Ulardan ba'zilari tez-tez, boshqalari kamroq uchrasa-da, barchasi mahalla muhitiga sho‘ng‘iganda eng iliq tuyg‘ularni uyg‘otadi.

Fenzin «Mahalla 40» sizga ko‘rinmas jamoat mahallasiga, ya'ni O‘zbekistondagi barcha mahallalarga sayohat qilish imkonini beradi. Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab eski va yangi mahallalar bor. Globallashuv va o‘zgaruvchan odatlar tufayli ular ham asta-sekin o‘zgarib, yangi ko‘rinishga ega bo‘lmoqdalar, deyiladi xabarda.

Loyihaning boshlang‘ich nuqtasi – bu Emanuyel Krist va Kristof Gantenbeynlar boshchiligidagi hamda dotsent va tadqiqot direktori Viktoriya Iston bilan birgalikda olib borilgan ushbu madaniy merosni o‘rganish va hujjatlashtirishdir. ETH Zurich jamoasi Zamonaviy san'at markazining mahalliy maslahatchilari, talabalari va laboratoriya a'zolari bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Ushbu tadqiqotga asoslangan holda, ko‘rgazma tanqidiy o‘rganish va dastlabki izlanishlarga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar va badiiy bayonotlarni taqdim etadi.

Installyatsiyalarning konseptual asosida Kvart Tesa maydonida vaqtincha Toshkent mahalla uyi joylanadi. Qayta yaratilgan ushbu obekt ichki muhitning masshtabi, sifati va go‘zalligini ko‘rsatishga imkon beradi. Karlos Kasas tomonidan yaratilgan tovush landshaftlari yordamida tomoshabin xonadan xonaga o‘tib, turli xil yashash muhitlarini ko‘rishi mumkin. Tovush bloklarining bir qismi dinamik bo‘lgani uchun tovush landshafti kun davomida o‘zgarib turadi.

Bass Prinsen tasvirlari uylarning ko‘rinmas kengliklarini aks ettiradi va ovoz berish tajribasi bilan ushbu sayohatda mahallaning ba'zi ichki makonlari yoki ko‘cha landshaftlarining tafsilotlarini biroz syurreal ravishda tasvirlagani bilan ahamiyatlidir.

Bundan tashqari, mobil ilova tomoshabinga tovush manzaralariga ko‘ra tavsiya etilgan uyning tuzilishini sinab ko‘rish imkoniyatini beradi. Ilova haqiqiy uylarning bulutli modellari asosida ishlab chiqiladi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston nomidan bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy pavilonining tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori va ko‘rgazma loyihasi komissari Gayane Umerova, shuningdek, loyihaviy ishlar ishtirokchilari ishtirok etadi.

Aziz Abduhakimov

«Biz La Biennale Di Venezia xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekiston Respublikasi Milliy pavilonining birinchi loyihasini taqdim etishdan mamnunmiz. Mamlakatimizning boy me'moriy merosi hamda zamonaviy madaniy, ilmiy va professional yutuqlari – xalqaro muloqotning to‘laqonli ishtirokchilari bo‘lishimiz, samarali madaniy almashinuvni boshlashimiz va dolzarb mintaqaviy va global muammolarni muhokama qilish uchun xorijiy mutaxassislarni taklif qilishimizga imkon beradi», – dedi Aziz Abduhakimov.

Saida Mirziyoyeva

«Bizning oldimizda o‘z merosimizni saqlash va shu bilan birga uni shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyo talablariga moslashtirish vazifasi turibdi. Venetsiya biyennalesidagi milliy pavilon bu kabi akademik va badiiy izlanishlar, dunyoning eng yaxshi mutaxassislari bilan muloqot qilish va keng jamoatchilikka birgalikdagi natijalarni namoyish etish uchun ideal maydondir», – deydi Saida Mirziyoyeva.

Tadqiqotning eng muhim qismi Toshkentda bo‘lib o‘tdi, deya ma'lum qildi loyiha komissari, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova.

«...Biz Toshkentdagi zamonaviy san'at markazining fanlararo eksperimental laboratoriyasi bo‘lgan CCA laboratoriyasiga yosh va yangi rassomlar hamda me'morlarni faol jalb qilamiz. Laboratoriya ishtirokchilari loyiha doirasida o‘tkazilgan mahalliy tadqiqotlarda faol ishtirok etishdi. Laboratoriya va turli xalqaro olimlardan tashqari, biz ko‘p yillar davomida mahallalarning me'moriy va ijtimoiy shakllanishini o‘rganishga bag‘ishlagan mahalliy olimlar, masalan, professorlar Abdumannop Ziyayev, Shukur Asqarov, Mavlyuda Abbosova-Yusupova, Aleksey Ulko, Boris Chuxovich va boshqalar bilan ish olib boramiz».

«Mahalla ijtimoiy, madaniy va shahar hodisasidir. Bu Hashim Sarkis tomonidan berilgan savolga javob bo‘lishi shart emas, lekin u juda boy va qiziqarli ishora bo‘lishi mumkin va global zamonaviy jamiyat qayerdan nigoh, ma'lumot, ilhom topishi mumkinligi haqida dalolat beradi», – deya tushuntiradi kurator Emanuyel Krist.

Mavzuga oid