O‘zbekiston | 11:35 / 24.04.2021
38867
14 daqiqa o‘qiladi

«Bu yerda insonga munosabat boshqacha» - Finlandiyada yashab kelayotgan o‘zbek muhojiri hikoyasi

Uzbek.Life’ning navbatdagi qahramoni Daniya va Finlandiya kabi rivojlangan davlatlarda o‘qib, shu yerlarda o‘z kasbi va hayot yo‘lini topgan o‘zbekistonlik Kamilla Sultonova bo‘ldi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Daniya va Finlandiyadagi hayoti, volontyorlik faoliyati, AQSh sobiq prezidenti Barak Obama bilan uchrashuvi, O‘zbekistonda ayollar huquqlari bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari haqida so‘z yuritdi.

«Shaharning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llari bo‘ylab...»

Men Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida injyenerlar oilasida tug‘ilib o‘sganman. 5-sinfdan ingliz tiliga qiziqar, doimo odamlar bilan muloqot qilishga harakat qilar edim. Ingliz tiliga qiziqishimga esa men o‘qigan maktabda ingliz tilidan dars bergan amerikalik ustozlar va keyin Amerikada o‘qigan tengdoshlarim sabab bo‘lgan. 1999 yili 15 yoshimda Texasdagi Amerika maktabida (ACCELS) o‘qish uchun stipendiya yutib oldim. Mana shu sayohat keyingi hayot yo‘limga ta'sir qildi.

Shaharning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llari bo‘ylab «Damas»da repetitorlarga qatnab yurarkanman, o‘sha vaqtlarda Amerika yoki boshqa chet davlatlarda o‘qib yurgan odamlarga havas qilardim va bir kun kelib men ham ular kabi chet elda o‘qishimga ishonardim. 2002 yilda Daniyadagi kollejga o‘qishga kirdim va u yerda bakalavr va magistraturada korporativ aloqa bo‘yicha tahsil oldim.

Men O‘zbekistondan chiqib ketayotganimda 18 yoshli qizcha edim, bu men uchun ham, oilam uchun ham juda katta sinov bo‘lgan. Chet elda ota-onadan yiroqda yashash va o‘qish qiyin bo‘lgan, lekin boshqa tomondan buni tabiiy qabul qilish kerak, chet mamlakatga borgan har qanday inson hayotini yangidan boshlaydi.

Daniyadagi o‘qish davomida ustozlarim menga ko‘p yordam berishdi. Talabalikda o‘qishdan tashqari farroshlik, ofitsiantlik qilishimga to‘g‘ri keldi, keyin gazeta tashuvchi bo‘lib ham ishladim. Ishlab topgan pulim bilan Yevropa davlatlariga safar qilardim. Bu juda zavqli va sarguzashtlarga boy edi.

Shuningdek, chet eldagi butun hayotim stipendiyalar va grantlar atrofida o‘tgan desam xato bo‘lmaydi, chunki ota-onam menga pul yuborishmasdi, bunga imkoniyatlari yo‘q edi.

Muvaffaqiyatli ta'limdan so‘ng 7 yil kema kompaniyalarida ishladim, ular bilan 28 mamlakatda savdo faoliyati olib bordim, men ingliz tilidan tashqari rus va mahalliy tilni bilishim Daniyadagi ushbu kompaniyalarda ishlashimga imkon berdi. Men okean va dengizlarda suzayotgan kemalar bilan aloqam natijasida butun global logistikani o‘rgandim.

Yetti yilcha avval oilaviy sabablarga ko‘ra Finlandiyaga ko‘chib o‘tdim. 2006 yilda ta'sis etilgan Global Dignity tashkiloti 80ga yaqin mamlakatdan 2 milliondan ortiq yoshlarni qamrab olgan. Men 2014 yildan beri Finlandiyadagi filialning xodimi bo‘lib fin yoshlariga qadr-qimmat to‘g‘risida har xil tadbirlar o‘tkazdim. Bu menga maktab tizimining qanday ishlashi borasida juda katta tajriba berdi.

Volontyorlik – beminnat xizmat

2018 yilda O‘zbekistonda Yosh vatandosh festivalida ishtirok etdim, shundan keyin Finlandiyaning ta'lim, volontyorlik, ustoz-shogirdlik madaniyati haqida o‘qituvchilar, davlat xodimlari va yoshlarga vebinarlar o‘tkaza boshladim.

Hozirgi kunda volontyorlarning O‘zbekistondagi birinchi va yagona notijorat uyushmasi — Volontyorlar assotsiatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ko‘p shogirdlarim o‘zini volontyor sifatida sinab ko‘rdi, boshqalarga ham imkoniyat yaratyapti. Shunday uyushmalar har bir viloyatda kerak. Kelajakda Finlandiyadan o‘qituvchilar, trenerlar va volontyorlarni olib kelish umididaman. 

O‘zimning «ConnectUz» konsalting kompaniyamning asoschisi sifatida rahbarlar va kadrlar bo‘yicha xodimlar uchun barqaror ish madaniyatini shakllantirish, jamoalar tashkil etish va yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish strategiyalari bo‘yicha madaniyatlararo trening o‘tkazaman.

 

Demografik inqiroz tufayli Finlandiya faqatgina o‘qish emas, balki doimiy yashash uchun ko‘chib kelishga rag‘bat bildirmoqda, chunki bu davlatda hozir qarish jarayoni kechmoqda va davlat o‘z kelajagi uchun shunday siyosat olib bormoqda.

Men shahar xodimlari, iste'dod markazlari, universitetlar, o‘rta maktablar, kasb-hunar kollejlari bilan innovativ proyektlarda ishlab, universitetlarning ish beruvchilar bilan aloqasini rivojlantirish, chet ellik talabalar va muhojirlarni ish bilan ta'minlash masalalariga yechim topish hamda bu borada Finlandiyaning ish beruvchi obro‘yini ko‘tarish bo‘yicha konsultant sifatida faoliyat yuritaman.

Ijtimoiy hamjihatlik, ish bozoriga kirish va stereotiplarni buzish uzoq muddatli ishdir. Ertangi kun uchun o‘zida va jamoada muvaffaqiyat qozonish uchun o‘ziga ishonch, qiziquvchanlik, har qanday ishni munosib bajarish, global sharoitda muloqot qilishni o‘rganish, strategiklik va uzoqni o‘ylashni o‘rganish kerak.

Finlandiya va O‘zbekistondagi hayot, dunyoqarash, ishonch

Bilasizmi, quyosh va bulutlar Chiroqchida ham, Helsinkida ham bir, lekin dalalar, tabiatimiz, odamlarning mehri chuqur. Bu men uchun oilam, do‘stlarim, Shahrisabz tabiati, tog‘larni sog‘inish.

Umrimning yarmidan ko‘pini dunyodagi eng baxtli mamlakatlar – Daniya va Finlandiyada yashadim. Bu mamlakatlar ko‘p jihatlari bilan bizdan katta farq qiladi. Bu yerlarda insonga munosabat boshqacha. Masalan, uyimda panjara ham yo‘q va men bundan xavfsiramayman, ko‘p xizmatlar davlatdan bepul beriladi, sifatli ta'lim, sport bilan shug‘ullanish madaniyati, malakali tibbiy xizmat va mehnat bozorining qulay sharoitlari... 

Finlar yoshingizga emas, qanchalik ishbilarmonligingizga qaraydi. Kimningdir tanishi bo‘lgani uchungina ishga joylashtirib qo‘yish degan tushuncha bo‘lsa ham, bu yerda professionalizm, hammasi o‘zingizga bog‘liq.

Yevropa kezib va bu mamlakatlarda yashab, shunga amin bo‘ldimki, kimningdir shaxsiy hayoti, bolalari bormi-yo‘qmi – ularga bu qiziqmas, bu haqda hech kim so‘ramaydi hatto. Biz esa tanishuvda tezda shaxsiy hayotga oid savollarga o‘tamiz.

Ikkala mamlakat ham gender tengligi, ta'lim, yashil energiya yechimlari bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Finlandiyada ota-onalar nafaqasi 263 ish kuni davomida to‘planib boradi. Ilk 105 ish kuni uchun nafaqani bolaning onasi oladi. Ushbu davr dekret ta'tili deb ataladi. Keyingi 158 kun ota-onalar ta'tilini tashkil etadi va uning davomida nafaqa bolaning yo onasiga, yo otasiga to‘lanadi.

Bu yerda men ayol sifatida o‘zimni erkinliklari kafolatlangan, teng imkoniyatga ega to‘laqonli shaxs sifatida his qilaman. Umr yo‘ldoshim bilan birga ishlaymiz, bir-birimizga yordam beramiz, bir-birimizning ishimizni hurmat qilamiz. Demoqchimanki, ayolga, uning qiziqishlariga hurmat bilan qaraladi. O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, stereotiplar bizga, oilamizga zarar keltiradi. Har bir ayol zo‘ravonliksiz erkin hayot kechirish, ta'lim olish va o‘zining potensialiga erishish imkoniyati va huquqiga egaligi shu maktabda o‘qitiladi.

Bu yerda har qanday yoshda olingan bilim, ya'ni umrbod ta'lim deb ataladigan tushuncha qadrlanadi. Oddiy muloqot, vaqtni hurmat qiladigan, aytgan gapini bajaradigan, rostgo‘y fe'l-atvorli odamlar ham yuqori baholanadi. O‘z vaqtida ishlash, tashabbuskorlik va jamoada ishlash qobiliyati juda qadrlanadi.

Finlandiya pragmatizm va sabr-toqat timsoli desa ham bo‘ladi. Bu innovatsiyalarga boy mamlakat, 1967 yilda davlatning iqtisodiyoti raqobatbardosh bo‘lishi uchun Finlandiya mustaqilligining 50 yilligiga bag‘ishlab «Sitra» kelajakni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya jamg‘armasini tuzgan va uning budjeti 100 million fin markasini tashkil qilgan.

Hukumat davlatning 100 yilligiga atab 2017 yilda 100 million yevrolik OODI — dunyodagi eng zo‘r kutubxonani aholisiga sovg‘a qildi.

Bundan tashqari, Finlandiya talabalar yashashi va hayot sifati uchun Amerikaga qaraganda xavfsizroq.

Tilni bilish. Boshqa mamlakatga ko‘chishdan avval tilni o‘rganishga vaqt ajratish lozim, ingliz tili hamma joyda ham yordam bermaydi.

Volontyorlik. Volontyorlik netvork, tarmoqlarni shakllantirish va eng zo‘r hayotiy tajribaga ega bo‘lishning har taraflama kuchli usuli. U tadbirkorlik uchun eng oson yo‘l.

Sport. Sport bilan shug‘ullanish – bu Skandinaviya jamiyatiga tez kirish, oson moslashish kirish chiptasi! Yugurish, aerobika yoki boshqa sport turlarini barcha yoshlarga maslahat beraman. 

Obama bilan uchrashuv

2019 yilda Barak Obama ishtirokida Yevropadagi 300 nafar yosh liderlar bilan Berlinda marosim bo‘lib o‘tdi, shu jumladan, men ham uchrashuvga taklif oldim. Amerikaliklar jamoalarni yig‘ish, sarmoya kiritish va ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari bilan meni hayratda qoldirdi.

Yevropaning 40 yoshgacha liderlar jamoasining Obama bilan uchrashuvida asosan o‘zgarishlar olib kelgan shaxslar bilan kelajakdagi liderlik, demokratiya va jamoatchilik haqida qiziqarli suhbat bo‘ldi. Barak Obama suhbat davomida prezidentlik davrida O‘zbekistonga kela olmaganini aytdi.

Obama qizlari va turmush o‘rtog‘i Mishel Obamaning farovonligi haqida ko‘p gapiradi. Obama fondi inklyuziv yetakchilik va gender tengligini targ‘ib qiladi. Men uni O‘zbekistonga taklif qildim.

Men hozirda 5 tilda gaplasha olaman, 50 mamlakatga safar qilganman, shuning uchunmi, o‘zimni dunyo fuqarosidek his qilaman, o‘zbekistonlik ekanimni bilaman va rus maktabda o‘qigan bo‘lsam ham, men baribir o‘zbekman.

O‘zbekiston ayollar ko‘zi bilan loyihasi

Koronavirus pandemiyasi qashshoqlik, kamsitish, zo‘ravonlik va irqchilikni kuchaytirdi. Ushbu rivojlanish bizning o‘zbek yoshlarimizga qanday ta'sir qilishidan xavotirdaman, chunki global miqyosda yoshlar, ayollar va nogiron odamlar koronavirus ta'siriga duchor bo‘lishadi.

Biz Zaynab Muhammad Do‘st va Malika Sharipova bilan “Buyuk kelajak” tashkilotida uchrashganimizda, ayollar masalasiga doir muammolar ko‘lamini ko‘rib, O‘zbekistonda ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida suhbat va bahslar olib borish mumkin bo‘lgan maydon yaratishga qaror qildik. Bu loyihamizda biz O‘zbekiston sharoitida ayollar huquqi nimani anglatadi, umuman olganda, O‘zbekistonda ayollar imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoit bormi va u qanday amalga oshiriladi kabi mavzular atrofida fikr yuritamiz.

O‘zbekiston ayollar ko‘zi bilan loyihamizning vazifasi vebinarlar tashkil etib, u yerda ta'lim, ish bilan ta'minlash, madaniyat va ayollarning jamiyatdagi o‘rni kabi masalalarni yoritib berish, shuningdek, ushbu munozaralarga o‘zbek diasporasini va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish hisoblanadi.

Munozaralarda biz mahalliy va xorijiy mutaxassislarning bilimlari bilan bo‘lishishga, g‘oyalar almashishga katta e'tibor qaratamiz. Gender tengligi bu sifatli ta'lim, oila va mamlakatda farovonlikka erishish va kambag‘allikdan qutulish kaliti degan tushunchani targ‘ib qilishga intilamiz.

O‘zbekistondagi sharoit va voqealarni ayollar tomonidan, ya'ni ularning ko‘zlari bilan kuzatuvchilarimizga taqdim qilishga harakat qilmoqdamiz. Ijtimoiy tarmoqlarimizda esa ayrim tushunchalarni va muammolarni nafaqat rus tilida, balki o‘zbek tilida tushuntirishga ham urinamiz.

«Yosh qizlar va o‘g‘il bolalar, qat'iyatli bo‘ling!»

Xalqaro tajriba hammani: talabalarni ham, qizlar va ayollarni ham, rahbarlarni ham kuchaytiradi. Bu sizning kuchli shaxsiyatingizni shakllantiradi va hayotiy tajribangiz uchun juda zarur.

Hayot tiz cho‘ktirganda ham, jasorat va turish uchun doim imkoniyatlar topiladi. Odam o‘z xatolariga ega bo‘lishi kerak. Finlandiyada xatolar kuni bor, 13 oktyabr qilayotgan xatolaridan faxrlanish kuni sifatida nishonlanadi. Hayotingizni kimdir tuzatishini kutmang, o‘z qo‘lingizga oling.

Ota-onalarga maslahatim shuki, farzandlaringiz o‘z fikri bo‘lishini o‘rgansin, ularni chet elga yuborishdan qo‘rqmang. Ular sizni faxrlantiradi. O‘zbek talabalarining barchasi iqtidorli, ularga o‘z tanlovini tanlash, mahorat o‘rganish, pul topish va o‘zlari qaror qilishlari uchun biroz erkinlik kerak.

Xorijda yashash xarakterni mustahkamlaydi, hayot imkoniyatlarga boy ekanini o‘rgatadi. Va bu tajriba butun oilaga ta'sir etadi. Mamlakatimizni qurish uchun bizga jahon tajribasi va bunda ayollar va erkaklarning teng xizmati kerak.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid