NATO harbiy qo‘mitasi rahbari Ukrainaga keldi
Styuart Pich Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general-polkovnik Ruslan Xomchak bilan uchrashuvi davomida NATO Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta'kidladi.

Foto: Picture Alliance
NATO harbiy qo‘mitasi rahbari, aviatsiya bosh marshali Styuart Pich ishchi tashrif bilan Kiyevga keldi. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, u Lvov shahrida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general-polkovnik Ruslan Xomchak bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Donbassdagi vaziyat va mintaqadagi xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.
Styuart Pich NATO Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta'kidlagan.
O‘tgan haftada Ruslan Xomchak Rossiya bo‘lajak “G‘arb 2021” harbiy mashg‘ulotlariga tayyorgarlik bahonasi ostida Ukraina bilan chegaraga – Bryansk va Voronej oblastlari hamda Qrimga qo‘shinlarini joylashtirayotganini aytgandi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya mamlakat hududi ichida qo‘shinlarini ko‘chirishga haqli, bu boshqa mamlakatlarga nisbatan tahdid uyg‘otmaydi”.