O‘zbekiston | 18:39 / 20.03.2021
2214
3 daqiqa o‘qiladi

Quvada reyd: fuqarolarning plastik kartalaridan pul yechib, uni tavakkalchilikka asoslangan o‘yinga sarflaganlar aniqlandi

Foto: KUN.UZ

Quva tumanida 2020 yilda sodir etilgan 79 ta o‘g‘irlik jinoyatining 5 tasi fuqarolarning plastik kartalaridan yashirin tarzda pul yechish orqali amalga oshirilib, mablag‘lar “1xbet” totalizator o‘yinlariga sarflangan.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, ularga jalb qilish, ularni o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish yoki xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashish O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 191-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni keltirib chiqaradi.

Shu singari qonun buzilish holatlarini oldini olish va bartaraf etish maqsadida 2021 yil 19 mart kuni Quva tuman prokuraturasi, IIB, Monopoliyaga qarshi kurashish Qo‘mitasi xuzuridagi   Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Farg‘ona viloyat xududiy tuzilmasi, DSI va boshqa mas'ul idoralar mutaxassislari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. 

Tadbir davomida “1xbet” bukmekerlik idoralari reklamalari joylashtirilgan va o‘zboshimchalik bilan o‘rnatib olingan 2 ta yengil konstruksiyali shoxobchalar hamda 13 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalardagi qonunchilikka zid ravishda  o‘rnatilgan reklamalar oldirib tashlangan.

Shuningdek, bu turdagi xizmatlarni qonunga xilof ravishda ko‘rsatib kelgan fuqarolar O.Q. va M.I.larga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik hujjatlari rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining qarori bilan O.Q. va M.I.lar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, ularga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan hamda olingan ashyolar davlat foydasiga musodara qilingan.

Mavzuga oid